7. Barkamol avlodni tarbiyalash g‘oyasi va uni amalga oshirish mexanizmlari
Bugungi kunda kelajak avlodni ma’naviy barkamol qilib tarbiyalash o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki mamlakatimizda boshlangan va chuqur ildiz otib borayotgan iqtisodiy islohotlarning ijobiy samarasi va qolaversa, kelajagi buyuk davlat qurishdek o‘ta mas’uliyatli va muhim vazifaning qay darajada hal etilishi aynan mazkur masalaning yechimiga bevosita bog‘liqdir.
Mustaqillik yillarda bizda ko‘plab yoshlar to‘g‘risida qonunlar qabul qildik va uninng aksariyat katta qismi ijtimoiy, moddiy va ma’naviy himoya qilish va farovonligini ta’minlashdan iborat. Shunisi e’tiborga molikki, yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘o‘llab-quvvatlash mas’ulligini birinchi navbatda davlatimiz o‘z zimmasiga olgan. Bu vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishda davlat idoralari, fuqarolik institutlari va mahalliy hokimiyatlar tashabbuskor bo‘lmoqdalar. Shuningdek, bola huquqlarini himoya qilish borasida milliy qonunchiligimizda ham bir qator qonun hujjatlari va davlat dasturlari qabul qilingan. Jumladan, 2008 yil 7 yanvarda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi milliy qonunchilikni bola huquqlari bo‘yicha xalqaro andozalar bilan muvofiqlashtirish, bola huquqlarini himoya qilish sohasida tegishli dasturlar tuzish, davlat organlari va nodavlat tashkilotlarining bu boradagi vazifalari, vakolatlarini va o‘zaro faoliyatini aniqlashtirish, bola huquqlari himoyasi mexanizmining ishlashi va amaliy natijalari berishini ta’minlash, shu sohaga oid qonunchilikning kelgusidagi rivoji uchun keng imkoniyatlarga yo‘l ochadi.
I.A.Karimov “Albatta, har bir bandaga rizq-nasibani Olloh taolo beradi. Lekin bu hayotda nasibasi butun va to‘la bo‘lishi uchun insonning o‘zi ham chin dildan intilishi, zurriyodini sog‘lom muhitda tarbiyalashi katta ahamiyatga ega ekanini unutmasligimiz zarur”, - degan edi. Yurtboshimizning mazkur fikrlarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy tizimdagi islohotlar nafaqat farovon turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, balki ma’naviyati yuksak yangi avlodni shakllantirishga xizmat qiladigan ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaratishni nazarda tutilgan.
Barkamol avlodni tarbiyalash haqida bizning mutafakkirlarimiz ham o‘z g‘oyalarini asarlarida qoldirishgan. Masalan, Farobiyning «Fozil odamlar shahri» asarida: “Jamiyatning har bir fuqarosi mansabi, tutgan o‘rni, ya’ni kim bo‘lishidan qat’iy nazar FOZIL kishi. Fozil inson o‘z davlatining barcha qonun-qoidalarini yaxshi biladi, unga amal qiladi, o‘z kasbining ustasi, lozim bo‘lganda Vatani uchun jon fido qiladi. Fozillar shahri aholisi bir-biriga hurmatda bo‘ladi. Ota-ona va farzand, ustozu shogird o‘rtasida sharqona nazokat, mehr va ehtirom bo‘ladi”,- deb yozib qoldirgan.
I.A.Karimov ta’kidlaganidek, «Mustaqillik yangicha yashashni, yangicha fikrlashni, hayotda har bir fuqarodan o‘ziga yarasha munosib o‘rin egallashni, yangi mafkura asosida yangicha ma’naviyatni talab etadi. Talab etibgina qolmasdan, jadal o‘zgarib borayotgan iqtisodiy va ijtimoiy sharoitda yangicha o‘ylashga va harakat qilishga majbur etmoqda. Yangicha o‘qish, yangicha ishlashning o‘zi bo‘lmaydi. Shuning uchun ham bizga raqobatbardosh yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi fozil insonlar kerak. Dasturning asosiy maqsadi ham aynan barkamol avlodni tarbiyalashdan iboratdir”.
, I.A.Karimov ma’naviy tarbiya haqida shunday yozadilar: “Bizning eng muhim, dolzarb vazifalarimizdan biri bu – o‘sib kelayotgan avlodga, uning ma’naviy tarbiyasiga nihoyatda katta javobgarlik hissi bilan yondashish masalasi. Nega deganda, yoshlar xalq ma’naviyatining munosib egalaridir. Shuning uchun har bir o‘g‘il-qizimiz dastlabki qadamlaridan boshlab ma’naviy boyliklarimizdan bahramand bo‘lishi kerak.
Mamlakatimizda yosh avlodning yuksak ma’naviy mezonlar asosida o‘sib-ulg‘ayishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bugungi kunda yurtimiz hayotining qaysi sohasini olmang – sog‘liqni saqlash yoki ta’lim deysizmi, iqtisodiyot yoki kichik biznes sohasi deysizmi, rahbarlik, madaniyat va sport jabhalari deysizmi – ularning barchasida yoshlarning huquq va manfaatlari alohida e’tiborga olinayotganini ko‘ramiz. Hech qachon ma’naviyatsiz yetuk insonni tarbiyalab bo‘lmaydi. Chunki, odamzot uchun hayot yo‘llarida har qadamda zarur bo‘ladigan ajdodlar yodi, milliy g‘urur va iftixor, jonajon Vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat, istiqlolga sadoqat, farzandlik hissi, insoniy fazilatlar aynan ma’naviyat orqali uning ongu tafakkuriga singib boradi, hayotining ma’no-mazmuniga aylanadi. Ma’lumki, yoshlikda inson qiziquvchan va intiluvchan bo‘ladi. Uning ana shu intilishlarini ma’naviy komillik sari yo‘naltirish nafaqat ana shu yigit-qizlarning, balki butun jamiyatning yorug‘ kelajagini ta’minlashda hal qiluvchi va dolzarb masaladir.
Do'stlaringiz bilan baham: |