Inson huquqlari sohasidagi ta’lim inson huquqlarini to‘liq va samarali amalga oshirish kafolatlari, keng qamrovli inson huquqlari madaniyatini rivojlantirish tizimidagi eng muhim bo‘g‘inlardan biri ekanligi inson huquqlari sohasidagi hozirgi zamon konsepsiyasi uchun xos tushunchadir.
Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’limning pirovard maqsadi, hozirgi zamon jamiyatida inson huquqlarini ta’minlash darajasini oshirishdan, o‘zining va boshqa odamlarning qadr-qimmatini anglab yetadigan erkin shaxsni shakllantirishdan iboratdir. Bunday shaxs globallashuv sharoitlarida, madaniy serqirralik sharoitlarida yashash imkonini beradigan ko‘nikmalar va odatlarga ega bo‘lishi lozim. Boz ustiga, bunday ta’lim bag‘rikenglik, insonparvarlik prinsiplariga qat’iy sodiqlik, ksenofobiya va ekstremizmga nisbatan murosasizlik asosida shaxs va jamiyatda g‘oyaviy qat’iyatni shakllantirish maqsadini ko‘zlaydi.
Umuman olganda, ta’lim tizimi odamlarni inson huquqlari fundamental prinsipga aylanadigan fuqarolik jamiyati va huquqiy davlatda yashashga tayyorlashi lozim. Inson huquqlariga doir ta’limning maqsadi odamlarga ular o‘z rivojlanishida inson huquqlari nima ekanligini tushuna boshlashi, mazkur huquqlarning muhimligini va ularni hurmat qilish zarurligini his qila boshlashi darajasiga erishishlari uchun yordam berishdir.
Inson huquqlari sohasidagi ta’limning maqsadi, vazifalari va bu boradagi siyosat bir qator xalqaro va mintaqaviy darajadagi hujjatlarda aniq bayon etilgan.
1983 yilda Vena shahrida bo‘lib o‘tgan “Inson huquqlari ruhida tarbiyalash” mavzuidagi anjumanda inson huquqlari va asosiy erkinliklari ruhida ta’lim berish siyosatini belgilab beruvchi rasmiy hujjatlarga baho berildi va ular sanab o‘tildi.
Inson huquqlari borasidagi ta’limni qo‘llab-quvvatlash bayon etilgan hujjatlar jumlasiga, eng avvalo, 1948 yilda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (13-modda), Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya (29-modda), Ayollarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (10-modda), Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiya (7-modda) kiradi.
1948 yilda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasida “...a’zo bo‘lgan davlatlar...inson huquqlari va asosiy erkinliklarini yalpi hurmat qilish va unga rioya qilishga ko‘maklashish majburiyatini...” zimmaga olishi, “...mazkur huquqlar va erkinliklarning xarakterini yalpi tushunish ushbu majburiyatlarning to‘liq ado etilishi uchun katta ahamiyatga ega...” ekanligi e’lon qilingan. Shunday qilib “...har bir inson va jamiyatning har bir tashkiloti ushbu Deklaratsiyani nazarda tutgan holda ma’rifat va ta’lim yo‘li bilan bu huquq va erkinliklarning hurmat qilinishiga ko‘maklashishi...” zarur.
Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi BMTga a’zo bo‘lgan davlatlar inson huquqlari va asosiy erkinliklari yalpi hurmat qilinishi va unga rioya etilishi borasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlik qilgan holda yordam ko‘rsatish majburiyatini zimmaga olganliklariga asoslanadi. Deklaratsiyada har bir inson va jamiyatning har bir tashkiloti ma’rifat hamda ta’lim yo‘li bilan huquq va erkinliklarning hurmat qilinishiga, shuningdek milliy va xalqaro tarqqiyparvar tadbirlar orqali xalqlar o‘rtasida yalpisiga va samarali tan olinishi ta’minlanishiga ko‘maklashishga da’vat qilinadi (Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining Muqaddimasi). Ushbu qoidani ta’lim darajasini oshirish – inson huquqlari hurmat qilinishi va ularga rioya etilishining garovidir, deb talqin qilish mumkin. Bundan tashqari, inson huquqlari bo‘yicha maxsus ta’lim va o‘qitish ham inson huquqlarini hurmat qilish va ilgari surish kafolatlaridirki, bu nafaqat davlatlarning, balki fuqarolik jamiyatining ham doimiy vazifasiga aylanishi kerak. Shunday qilib, Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi ma’rifat va ta’lim orqali keng qamrovli inson huquqlari madaniyatini shakllantirish yo‘llarini belgilab berdi20.
Masalan, 1966 yildagi Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 13-moddasiga muvofiq ta’lim inson shaxsi to‘liq rivojlanishiga va uning qadr-qimmatini anglab yetishga qaratilgan bo‘lishi, inson huquqlari va asosiy erkinliklariga nisbatan hurmatni mustahkamlashi kerak, barchaga erkin jamiyatning foydali qatnashchisi bo‘lishiga imkon yaratishi, barcha millatlar va irqlar, etnik va diniy guruhlar o‘rtasida o‘zaro tushunish, sabr-toqat va do‘stlik qaror topishiga ko‘maklashishi hamda BMTning tinchlikni saqlashga qaratilgan ishiga yordam berishi lozim.
BMT tomonidan 1989 yil 20 noyabrda qabul qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya ishtirokchi-davlatlar zimmasiga maktabda bolaning insoniy qadr-qimmatini hurmatlashni o‘zida ifoda etuvchi uslublar qo‘llanilishini ta’minlash uchun (28-modda), ta’lim jarayonida bolani inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmatlash ruhida tarbiyalash uchun (29-modda) barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rish vazifasini yukladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj hisoblangan nogironlarga nisbatan hozirgi zamon ta’limining mazmun mohiyati 2006 yilda qabul qilingan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya 24-moddasining 1-bandida bayon etilgan. Biroq, bu qoida aholi barcha tabaqalarining ta’limiga nisbatan ham tatbiq etilishi mumkin. Bu o‘rinda ta’limning nafaqat barcha bo‘g‘inlarda o‘qitish va uni butun umr davomida o‘qib-o‘rganishning ahamiyati, balki ta’lim inson salohiyatini to‘liq rivojlantirishga, shuningdek u shaxsda o‘z qadr-qimmati va o‘z hurmati hissini shakllantirishga, inson huquqlari, asosiy erkinliklari va insondagi serqirralikni hurmat qilishni kuchaytirishga qaratilgan bo‘lishi kerakligi ham ta’kidlanadi. Boshqacha qilib aytganda, ta’lim inson huquqlari va asosiy erkinliklariga nisbatan hurmatni mustahkamlash bilan bir vaqtda inson shaxsini va uning o‘ziga xos fazilatlarini to‘liq rivojlantirish maqsadini ko‘zlaydi. Ta’lim – inson huquqlari va erkinliklarini to‘liq amalga oshirishga qaratilgan rivojlanish huquqini, ya’ni fundamental huquqni ro‘yobga chiqarish sohasidir.
YuNESKO Ustavining Muqaddimasida ta’kidlanganidek, inson qadr-qimmatini qo‘llab-quvvatlash uchun barcha odamlar o‘rtasida adolat, erkinlik va tinchlik asosida madaniyat hamda ta’limni keng tarqatish zarur; shuning uchun ham jahondagi barcha xalqlar zimmasiga huquq va erkinliklarni hurmat qilishdek muqaddas majburiyat yuklatiladiki, uni o‘zaro hamkorlik ruhida bajarish lozim. Hozirgi kunda bunday kafolatning tarkibiy qismi inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim bo‘lib, u xalqaro-huquqiy hamkorlikning mustaqil sohasini tashkil etadi va asosiy, hal qiluvchi ahamiyatga egadir.
1974 yilda Parijda chaqirilgan YuNESKO Bosh Konferensiyasida “Xalqaro o‘zaro tushunish, hamkorlik va tinchlik ruhida tarbiyalash hamda inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash to‘g‘risidagi Tavsiyalar” qabul qilindi. Ushbu Tavsiyalarning III qismi 3-bandiga muvofiq ta’lim BMT Ustavida, YuNESKO Ustavida va Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasida bayon etilgan maqsad va vazifalar bilan yo‘g‘rilgan bo‘lishi kerak.
Konferensiyada ta’lim inson shaxsining to‘la-to‘kis rivojlanishiga, inson huquqlari va asosiy erkinliklariga nisbatan hurmat hissini mustahkamlashga qaratilishi, barcha xalqlar, irqlar yoki diniy guruhlar o‘rtasida o‘zaro tushunish, sabr-toqat va do‘stlikka xizmat qilishi, BMTning tinchlikni saqlash borasidagi faoliyatiga ko‘maklashishi kerakligi ta’kidlab o‘tildi (26-modda 2-band).
Mazkur Tavsiyalar xalqaro ta’lim siyosatida asosiy hujjatga aylanib, ushbu siyosatning eng muhim prinsiplari, maqsadi va vazifalarini belgilab berdi.
Bularning hammasi, bir tomondan, Tavsiyalarga nisbatan dunyoning barcha mamlakatlarida inson huquqlari ruhida tarbiyalash bo‘yicha asosiy qo‘llanma sifatida qarash, boshqa tomondan esa, ushbu hujjatdan inson huquqlarini o‘qitish va keng qamrovli inson huquqlari madaniyatini shakllantirish bo‘yicha dasturlar tayyorlashda asosiy qo‘llanma sifatida foydalanish imkonini beradi21.
1995 yilda YuNESKO boshqa bir muhim hujjat: Tinchlik, inson huquqlari va demokratiya ruhida tarbiyalash Deklaratsiyasi va harakatlar kompleksi doiralarini qabul qildi. Ularda ta’lim inson huquqlarini va bunday huquqlarni sodiqlik bilan himoya qilishga, tinchlik madaniyatini, inson huquqlari va demokratiyani rivojlantirishga ko‘maklashuvchi bilimlar, qadriyatlar va ko‘nikmalarga qaratilishi lozim ekanligi bayon etilgan.
2002 yil 20 sentyabrda YuNESKO Ijroiya kengashi tomonidan YuNESKOning inson huquqlari bo‘yicha umumiy strategiyasining tarkibiy qismlari qabul qilindi. Unda inson huquqlari sohasidagi ta’limni milliy ta’lim tizimlariga kiritishni qo‘llab-quvvatlash YuNESKOning strategik maqsadi sifatida belgilandi.
Inson huquqlari madaniyatini shakllantirish ishida ta’limning ahamiyatini tushunish hozirgi kunda o‘zining yuqori darajasiga yetdi. BMTning inson huquqlari sohasidagi ta’limga doir xalqaro hujjatlari orasida: 1993 yilda Inson huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasida qabul qilingan Vena deklaratsiyasi va Harakat dasturi; 1993 yil martda Monrealda (Kanada) bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari va demokratiya ruhida tarbiyalash bo‘yicha xalqaro kongressda qabul qilingan Inson huquqlari va demokratiya ruhida tarbiyalash bo‘yicha butunjahon harakat rejasi; 1999 yil 13 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 53 sessiyasida qabul qilingan Madaniyat sohasidagi Deklaratsiya va Harakat dasturi ulkan ahamiyatga egadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |