Fizika tarixining umumiy masalalari
Fizika tarixining predmeti va metodi. Har qanday yangi fanni o‘rganishdan maqsad birinchi navbatda fan nima haqidaligini to‘g‘ri va aniq tasavvur qilish, umuminsoniyat intellektual boyliklar o‘rtasidagi uning o‘rni qandayligini hamda uni izohlashda qanday metodlardan foydalanilganligini bilishdan iborat. Shundagina fanni o‘rganish to‘liq anglagan ko‘rinishda o‘tadi hamda olingan bilimlar sistemali qo‘llanishi mumkin.
Fizika tarixi - bu fanning umumiy bilimlarning ajralmas bir qismidir. Fanni o‘rganish bilan birga uning tarixi ham o‘rganilib borilsa:
talabalarning tafakkuri, dunyoqarashi va o‘rganilayotgan fanga munosabati o‘zgaradi,
fanning qonun qoidalarining ochilishi, ushbu qonunlarni ochishda ilmiy maktablarni, olimlarni, ijtimoyi talab va muhitning o‘rni aniqlanadi, uning maqsadi oydinlashadi.
Fanning tarixini o‘rganish natijasida bu fanni ilmiy jihatdan chuqur o‘zlashtirishga, unga qiziqish tuyg‘usi qo‘zg‘atishga va ko‘ngil qo‘yishga olib keladi. Fizika tarixini o‘rganishda fanining yetakchi olimlarini tutgan o‘rni alohida e’tiborda bo‘lsa, ularning kashf etgan qonunlari va yaratgan kashfiyotlarining mazmun va mohiyatlari talabalarning ongida ancha oydinlashishiga olib keladi. Bu yerda I. Nyutonning quyidagi so‘zlarini eslash muhim ahamiyat kasb yetadi
Agar men boshqalarga nisbatan uzoqni ko‘ra olgan bo‘lsam, buning sababi ,men buyuk kishilarning yelkalarida turganligim uchundir.
Yevklid va Arximedlarsiz Nyuton, Nyutonsiz Eynshteyn yoki Bor,Xorazmiy va Forobiysiz Beruniy yoki Ibn Sino, Umar Xayyom va Umar Chag‘moniysiz Ulug‘bek, bularsiz Qozizoda Rumiy (zamonasining Aflotuni)yoki Ali qo‘shchi (15 asrning Ptolomeyi) bo‘lmas edi. YA’ni, har bir avlod o‘zidan avval o‘tganlar merosini o‘rganib, ular qoldirgan ishlar zaminida fan va texnikaning kelgusi rivojini amalga oshiradi.
Xar qanday bilimning rivojlanish jarayonini o‘rganish aloxida bir fan - tarix fanining asosiy masalasini belgilaydi. Shu jumladan Fizika tarixi , fan tarixining bir bo‘lagini tashkil qilib, u fizika fanining rivojlanish jarayonini o‘rganadi.
Har qanday fanning asosiy vazifasi shu fan shug‘ullanayotgan sohada amalda bo‘lgan qonunlarni ochishdan iborat bo‘lganligi kabi fizika tarixi fanining ham vazifasi fan rivojlanishini boshqaruvchi qonunlarni yaratishdan iborat. Yuzaki qaraganda bunday qonunlarning bo‘lishi mumkin emasdek ko‘rinadi. Oldindan Farobiy, Beruniy, Ibn Sino, Arximed, Nyutonlarning dunyoga kelishini bilib bo‘lmaydi, olimlar fikri va tafakkurini boshqarib bo‘lmaydi. Tashqaridan bir ko‘rishda fan tarixi buyuk daholarning nazorat qilib bo‘lmaydigan faoliyatlari natijasiga o‘xshab ketadi. Albatta ular faoliyatini tabiatda yuz beruvchi biror harakat qonunlariga o‘xshash qolipdagi qonunlarga o‘xshatib bo‘lmaydi. Mubolag‘asiz aytish mumkinki, fan bu insoning murakkab tafakkuri va ijodiy faoliyati maxsulidir. Biroq fan rivoji muhim o‘rin tutuvchi ma’lum bir tarixiy sharoitlarda amalga oshadi. Bu narsani esa, albatta, ilmiy taxlil qilish mumkin. Tarixan ma’lumki ilm-fan rivoji iqtisodiy rivojlanish bosqichlariga bog‘liq. Qaysi joyda ishlab chiqarish, sanoat, madaniyat rivojlanishi yuqori bo‘lsa o‘sha joyda fan rivojlanishi ham yuqori darajada bo‘ladi.
Bu fan atrofimizni o‘rab olgan tabiat qonunlarini o‘rganish bilan bog‘liqligi tufayli, uni o‘rganish tarixi ham juda qadimiy bo‘lib, hozirgi kungacha ikki - ikki yarim ming yildan ortiq vaqtni o‘z ichiga oladi. Shuning uchun fizika tarixini o‘rganish tabiat qonunlari va uning sirlarini ochib berishga yordamlashish bilan birga, o‘tgan 20-25 asr davomida fan qay darajada o‘zgarganligi, insoniyatni rivojlanishiga qo‘shgan hissasini namoyish etib beradi. Demak, fizika fanlarini o‘rganishda (oddiy tabiiy xodisalardan boshlab, murakkab qonunlargacha) inson ongiga fan mazmunini singdirib borish uchun parallel ravishda fan tarixini o‘rganib borish oliy ta’lim tizimining muhim va dolzarb vazifalaridan biridir.
Fizika tarixi fanini o‘rganish bir qator bosqichlarda amalga oshiriladi:
ma’lumotlar yig‘ish
analitik ma’lumotlar orasidagi bog‘lanish va sabablar
analitik natijalarni umumlashtirish va fandagi asosiy qonunlarni ochish.
Fizika tarixi fanga tegishli bilimlarning ajralmas bir qismi sifatida qabul qilinishi lozim.
Bo‘lajak fizika o‘qituvchilaridan fanni o‘rganish jarayonida
ularning qonuniyatlarini tahlil (analiz) qila bilish,
qonunlarining bir - biriga bog‘liqligini ko‘ra bilish,
o‘quvchilarga uni bir-biri bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsata olish, qonunlarni moxiyatini tushuntira olish,
fanning jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rnini ochib berish kabi ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishi talab etiladi.
Ma’lumki dunyo tuzilishi haqidagi bilimlar birdaniga shakllanmagan va shakllanmaydi. Lekin bu ochiq oydin da’vo (fikr)ni tarixiy materiallarda talabalarga yetkazish mumkin. Insoniyat bilmaslikdan bilishga o‘tishi uchun juda katta, og‘ir, mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tishi kerakligi, masalan, mexanika qonunlari bir necha asrlar davomida rivojlanganligi xaqida fizika tarixi darslarida ko‘rilishi talabalarning o‘z faniga ijodiy yondoshish kerakligini his qiladi. Shu sababli ham fizika tarixi bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlashda majburiy maxsus fan sifatida o‘qitiladi.
Insoniyatni taraqqiyoti, uning tarixi uzluksiz bo‘lgani uchun ham, har bir o‘tgan davr fanining rivojlanishida o‘z o‘rnini qoldirganligi sababli mazkur fizika tarixi ham predmet sifatida qaraladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |