Ramzu imo mulkiga tushlar tili.
Garchi bu so’zda ayondur ta`miya,
Kim riyozatdinki, topti tasfiya.
Chun riyozat raf` etib ruhoniyat,
Salb bo’lg’och kimsadin nafsoniyat.
Qolmag’ay ruhoniyatdin o’zga hech,
Sen taxallufdin bu ma`ni ichra kech.
Bordur inson zotida oncha sharaf,
Kim yamon axloqin etsa bartaraf. (12-tom, 268-269)
Mazmuni: Ko’p azob-uqubat chekkan o’ttiz qushda "Simurg’ jamolini ko’rsatib, o’ttuz qushni foniylikdan boqiylikka erishtirgay", degan xayol - tushuncha bor edi. Ammo qushlar etib kelgan manzilning qaysi tomoniga qaramasinlar faqat o’zlarini ko’rdilar. Shunisi nihoyatda ajoyibki, o’ttiz qush Simurg’ni ko’rishga havas qilardilar, ammo ular o’zlarini - o’ttiz qush - Siy murg’ni ko’rdilar, xolos. Xuddi shu vaqtda qushlar sadaf ichida durlarning hosil bo’lishi sirlarini angladilar. Ey ko’ngul, bu so’zlar qushlarning ramzlarga to’la tilidir. Bu so’zlarda yaShirin ma`nolar bor, ya`ni riyozat-azob-uqubat chekish poklanishga erishishdir. Chunki riyozat ma`naviyatni yuksaklikka ko’taradi va insonni nafs balosidan qutqazadi. Shunda insonda ruhoniyat-ma`naviyatdan boshqa hech narsa qolmaydi. Sen bu holatni noto’g’ri tushunishdan voz kechgil. Inson zoti yomon axloqni o’zidan ketgizsa, u eng sharaflidir.
3. Dostonda aytilmoqchi bo’lgan asosiy mazmun bu baytlarda qush tili misolida, qushlar timsolida o’z aksini topgan.
Dostonda tasvirlangan voqealar quyidagicha:
Boshliq- shohlaridan mahrum bo’lgan qushlar bir joyda to’planadilar. Ammo ular o’tirish-turish, o’zni tutishda qoidalarga rioya qilmaganlaridan janjollashadilar. Bu holni ko’rgan hudhud ularga yaxshi boshliq-shoh, ya`ni Simurg’ haqida hikoya qiladi. Bu hikoyani eshitgan qushlar bu shohni -Simurg’ni ko’rishga hudhud boshchiligida yo’lga otlanadilar. Yo’l og’ir va uzoq bo’lganidan ko’pgina qushlar undan qaytadilar. Faqat o’ttiz qushgina riyozat-azob-uqubatlarga bardosh berib, etti vodiyni kezib, Simurg’ning go’zal manziliga etib keladilar. Ammo bu manzilda qaysi tomonga qaramasinlar afsonaviy Simurg’ni emas, balki o’zlarini - si murg’ - o’ttiz qushni ko’rdilar, ya`ni qushlar - timsollar, Alisher Navoiy iborasi bilan aytganda, riyozat chekib, o’zlarida eng go’zal sifatlarni - "sifotilloh"ni mujassam etib, komillik darajasiga erishdilar. Demak, insonning komillik darajasiga erishuvi ana shu timsollar - qushlarning afsonaviy Simurg’ni izlashlari, uni esa o’z vujudlarida ko’rganlari voqeasida bayon etilgan:
Kim qilib Simurg’ o’ttuz qush havas,
O’zlarin ko’rdilar ul Siy murg’u bas.
Insonning ma`naviy jihatdan poklanishi masalasi dostonda turli munosabat bilan hudhud tilidan bayon qilingan o’git - nasihatlarda, qushlarning savollariga bergan javoblarida, hikoya va masallarda ham o’z ifodasini topgan. Jumladan, sodiq bo’lishga oid, (41-bob), mehnat qilmay, xor-zor kun kechirishni qoralovchi (47-bob), fireb va hiylagarlikning oxiri voyligi (50-bob), Mudbir va Muqbil (53-bob) , Shayx Najmiddin Kubroning so’zi va itga tushgan ko’zi (86-bob) haqidagi hikoyalar; Shayx San`onga oid ajoyib qissa (79-bob); parvona va sham` (164-bob) haqidagi va boshqa masallar aytilganlarga guvoh bo’la oladi. Shunisi ham borki, ayrim hikoya va masallar sayyor bo’lib, undagi timsol va voqealar talqini asarning mavzui asosida amalga oshirilgan. Ana shunday hikoyalardan biri Mudbir va Muqbil haqidadir. Ma`lumki, bu hikoyadagi voqeaga o’xshash holat Alisher Navoiy "Xamsa" sining "Hayrat ul-abror" va "Sab`ai sayyor" dostonlarida ham uchraydi. Jumladan, "Hayrat ul-abror"ning qanoat mavzusiga bag’ishlangan ettinchi maqolotining oxirida "qone` javonmard va tome` jahongard hamrohligi…" sarlavhasi bilan (35-bob) bir hikoyat keltirilgan. "Sab`ai sayyor"da esa oltinchi musofir tilidan Boxtar diyoridan bo’lgan Muqbil va Mudbirlarning sarguzashtlari (25-bob) ancha keng va qiziqarli hikoya qilingan. Bu dostonlarda mazkur hikoyalarning voqea va timsollari hayotiy-axloqiy yo’nalishda talqin qilingan bo’lsa, "Lison ut-tayr"dagi Muqbil va Mudbirga doir hikoyada voqea va timsollar dostonning asosiy mavzusidan kelib chiqilgan holda tasavvufiy - ma`naviy yo’nalishda talqin qilingan. hikoyada tasvirlanishicha, Muqbil va Mudbirlar birga sayohatga chiqdilar. Yo’lda Mudbir o’zining yaramas qilmishlari va so’zlari bilan Muqbilning joniga tegadi. Ammo u chidam bilan yo’l yuradi va bir shaharga etgach, bir-birlaridan ajralib, Muqbil faqrxonaga borsa, Mudbir bayt ul-lataf-ayshxonaga boradi. Muqbil faqrxonaga odob va e`tiqodining olijanobligidan hurmat-ehtiromga sazovor bo’ladi. Mudbir esa ayshxonada birovni o’ldiradi.
Shunda mamlakat podshohi faqrxonadagi Muqbilga mehrubonliklar ko’rsatib, uni o’ziga yaqinlashtiradi, odam o’ldirgan Mudbirni esa qatl ettiradi.
Alisher Navoiy hikoyani shunday bayt bilan yakunlaydi:
Xudshikanga etti ul oliy maqom,
Do'stlaringiz bilan baham: |