Turfa qushlar birla parvoz ayladim.
Munda ansab erdikim tuzg’och navo,
Bo’lsa nazmimg’a Navoiydin ado.
Kim navo qushlar tili alhonidur,
Dilkash afg’oni hazin dostonidur.
Turkiy uslub erdi ham bu doston,
Topqudek erdi Navoiydin nishon.
Bu raqamda Foniy aylarga laqab,
Mustame` bo’lg’ong’a ayturmen sabab,
Kim bu daftar nazmidin kulli murod,
Chunki marje` mayli erdiyu maod,
Munda Foniy bo’lmay ish o’lmas tamom,
Foniy andin topti nazmim ixtimom. (12-tom 299-300)
Shunday qilib, Alisher Navoiy dostonning mavzui unda Foniy taxallusini qo’llashni talab qilganini yozadi va, bu bilan, badiiy asarga muvofiq taxallus qo’llashning ham katta ahamiyatga ega ekanligini ta`kidlaydi.
Alisher Navoiy "Lison ut tayr"ida "sharhi asrori ilohiy" masalasi bevosita hazrati inson va uning bilan bog’liq bo’lgan muammolarni bayon etish, sharhlash yo’nalishida hal qilinadi. Shuning uchun dostonning "hamd" bobidayoq shoir shunday deydi:
Ofarinishdin qilib inson g’araz,
Oni aylab xalq ichinda beavaz.
Ko’nglin oning maxzani irfon qilib,
Ul tilism ichra o’zin pinhon qilib. (12-tom, 9)
Ana shu insonning o’zligini tanishi lozimligi masalasi Alisher Navoiy dostonida alohida ta`kidlanadi va bu haqda shunday deyiladi:
Muttasif bo’lsang sifotilloh ila,
Jazm etarsen xotiri ogoh ila.
Kim sen- o’q sen harnekim maqsud erur,
Sendin o’zga yo’q nekim mavjud erur.
Zotning ijmoliga tafsilsen,
Ham vujud ishkolig’a ta`vilsen.
O’z vujudingg’a tafakkur aylagil,
Har ne istarsen o’zungdin istagil. (12-tom, 269-270).
Dostonning asosini tashkil etgan qushlarning Simurg’ tomon intilishi va ularning bu yo’lda boshdan kechirgan sarguzashtlari, shu munosabat bilan keltirilgan turli hikoyat va masallarda ham ana shu masala bosh yo’nalish bo’lib xizmat qiladi.
2. Doston va uning xususiyatlaridan ko’pgina olimlar, jumladan E.E. Bertel's, V. Zohidov, N.Mallaev, A.Hayitmetov, Sh.Sharipov, N.Komilov, S.Olim, I.Haqqul va boshqalar turli xilda so’z yuritganlar;
Matnshunos Sh. Eshonxo’jaev esa uning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlab nashr ettirdi. Alisher Navoiy mukammal asarlari to’plamining 12-tomida ham dostonning matni Sh. Eshonxo’jaev tomonidan izohlar bilan nashr ettirilgan. Uning nasriy bayoni esa Sharofiddin Sharipov tomonidan bajarilib, nashr ettirilgan. Ana shu ilmiy tadqiqotlar va matn asosida shuni ta`kidlash joizki, Alisher Navoiy dostonida o’z davri falsafiy aqidalari xojagon tariqatining naqshbandiya suluki ta`limoti asosida yoritilib, unda Inson va Alloh taolo, Inson va koinot yaxlitligi, Insonning o’zligini tanish yo’llari kabi muhim masalalardan mulohazalar yuritilgan.
Jaloliddin Rumiy tomonidan aytilganidek, Farididdin Attor, jumladan Alisher Navoiy ham ishqning etti shahri-vodiysini kezganlar va uning natijasini bayon etganlar. Masalan, Alisher Navoiy qushlar sarguzashtining oxirida "qushlarning fano husulidin baqo vusulig’a etkoni" sarlavhali 169-bobda shunday yozadi:
Chun ul o’ttuz qushqa bu erdi xayol,
Muncha ko’rgandin o’kush ranju malol-
Kim magar Simurg’ ko’rguzgay liqo,
Bu fanolardin etishqay ul baqo.
Ko’rdilar o’zni qayonkim tushti ko’z,
Alloh-Alloh, ne ajoyibdur bu so’z.
Kim qilib Simurg’ o’ttuz qush havas
O’zlarin ko’rdilar ul si murg’u bas.
Munda zohir bo’ldi sirri "Man araf"
Kim ko’rubtur gavhar o’lmog’lig’ sadaf.
Ey ko’ngul, bu nuktadur qushlar tili,
Do'stlaringiz bilan baham: |