7-bob. Maxsus vakolatli davlat organining so’rovlarini bajarish 46. O’zbekiston Respublikasining «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to’g’risida»gi Qonunga muvofiq maxsus vakolatli davlat organi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish choralarini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan axborotni yozma ravishda so’rashga va bepul olishga haqlidir, shu jumladan auditorlik tashkilotlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari orqali olishga haqlidir.
47. Maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi lozim bo’lgan operatsiyalar bo’yicha qonun hujjatlariga va mazkur Qoidalarga muvofiq maxsus jurnalga yozgan holda quyidagilar rasmiylashtiriladi:
operatsiya turi va uni amalga oshirish asoslari;
operatsiyani amalga oshirish sanasi va summasi;
operatsiyani amalga oshiruvchi mijozni identifikatsiyalash uchun zarur bo’lgan ma’lumotlar.
8-bob. Axborot va hujjatlarni rasmiylashtirish, saqlash, maxfiyligini ta’minlash 48. Auditorlik tashkilotlar pul mablag’lari yoki boshqa mol-mulkning bilan bog’liq operatsiyalar to’g’risidagi axborotni, shuningdek mijozlarni lozim darajada tekshirish bo’yicha identifikatsiyalash ma’lumotlari hamda materiallarini, shu jumladan ish yozishmalarini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlar mobaynida, lekin operatsiya amalga oshirilganidan yoki mijoz bilan munosabatlar to’xtatilganidan keyin besh yildan kam bo’lmagan muddatda saqlashlari shart.
Saqlash muddatlari tugashi bilan hujjatlar belgilangan tartibda arxiviga topshiriladi.
49. Mijozni lozim darajada tekshirish jarayonida olingan mijoz to’g’risidagi ma’lumotlar mazkur Qoidalarning 3-ilovasiga muvofiq shakl bo’yicha tuziladigan mijoz so’rovnomasida qayd etiladi. Auditorlik tashkiloti ichki qoidalarga muvofiq mijoz so’rovnomasiga boshqa ma’lumotlarni kiritish huquqiga ega.
50. Elektron shaklda to’ldirilgan mijoz so’rovnomasi qog’oz shaklida chiqarilganda mas’ul xodim imzosi bilan tasdiqlanadi.
51. Mijozlar so’rovnomalari xronologik tartibda alohida jildlarda tikib boriladi va mas’ul xodimda saqlab boriladi.
52. Pul mablag’lari yoki boshqa mol-mulkning bilan bog’liq operatsiyalar va mijozlarni lozim darajada tekshirishga doir axborot, zarurat tug’ilgan taqdirda, operatsiya tafsilotlarini qayta tiklash va axborotdan maxsus vakolatli davlat organi foydalanishi mumkin bo’lgan tarzda rasmiylashtirilishi lozim.
53. Mijozni lozim darajada tekshirish va identifikatsiyalash natijasida olingan ma’lumotlar, auditorlik tashkilotlari mijoz tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishni amalga oshirish tavakkalchiligi yuqori deb baholagan taqdirda kamida bir yilda bir marotaba, boshqa hollarda kamida uch yilda bir marotaba va mijoz ma’lumotlarida o’zgarishlar bo’lganda yangilanib borilishi lozim.
54. Mas’ul xodim faoliyatida foydalanilgan barcha hujjatlarga kirish imkoniyatini cheklash maqsadida bunday hujjatlar va ularning ro’yxati bevosita mas’ul xodim tomonidan maxsus jihozlangan xonada yoki yonmaydigan va muhrlanadigan seyfda saqlanishi kerak.
55. Elektron shakldagi hujjatlar dasturlash yo’li asosida arxivlashtirilishi, elektron axborot tashuvchi vositalarga yozilishi va mas’ul xodim tomonidan ularning ro’yxati bilan birga yonmaydigan va muhrlanadigan seyfda saqlanishi kerak.
56. Auditorlik tashkilotlari:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga,terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg’in qurolini tarqatishni moliyalashtirishgaqarshi kurashish bilan bog’liq bo’lgan axborotga kirish imkoniyatini cheklaydilar, uning tarqalib ketmasligini ta’minlaydilar hamda yuridik shaxslarga ularning operatsiyalari haqida maxsus vakolatli davlat organiga xabar berilganligi to’g’risida ma’lum qilish huquqiga ega emaslar;
ichki nazorat funksiyalarini amalga oshirish jarayonida olingan axborotni o’z xodimlari tomonidan oshkor qilmaslikni (shaxsiy maqsadlari yoxud uchinchi shaxslar manfaatlari uchun foydalanmasligini) ta’minlaydilar.