4-bob. Tavakkalchilik darajasini aniqlash va baholash 29. Auditorlik tashkilotlari tavakkalchilik darajasini aniqlashi, shuningdek uni pasaytirish bo’yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishi va amalga oshirishi kerak.
Tavakkalchilik darajasi mijozning faoliyati va amalga oshiradigan operatsiyalari turlarini inobatga olgan holda mijoz taqdim qilgan ma’lumotlar, mazkur Qoidalarda belgilangan mezonlar va mijozni lozim darajada tekshirish natijalari asosida mas’ul xodim tomonidan aniqlanadi va baholanadi.
Mazkur bandning ikkinchi xatboshida belgilangan talablar asosida mijozga jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish yoki ommaviy qirg’in qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida operatsiyalarni bajarishning tegishli (yuqori yoki quyi) tavakkalchilik darajasi beriladi.
30. YUqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga oldindan quyidagi mezonlarga to’g’ri keladigan operatsiya ishtirokchilari kiritilishi kerak:
a) Ro’yxatga kiritilgan shaxslar yoxud Ro’yxatga kiritilgan shaxsning egaligi yoki nazoratidagi shaxslar yoxud Ro’yxatga kiritilgan tashkilotning bevosita yoki bilvosita mulkdori bo’lgan yoki uni nazorat qiluvchi shaxslar;
b) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatda yoxud offshor hududda doimiy yashayotgan, turgan yoki ro’yxatga olingan shaxslar;
v) chet el korxonalarining vakolatxonalari va O’zbekiston Respublikasining fuqarolari bo’lmagan jismoniy shaxslar;
g) offshor hududlarda hisobvaraqqa ega bo’lgan shaxslar;
d) benefitsiar mulkdori mazkur bandning «a» va/yoki «b» kichik bandlarida ko’rsatilgan shaxs hisoblangan tashkilotlar;
e) muntazam ravishda (uch oy ichida ketma-ket) shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan mijozlar;
j) yuqori mansabdor shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari;
z) ichki qoidalarda belgilanadigan boshqa shaxslar.
31. Operatsiya yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga kiritilgan taqdirda, auditorlik tashkilotlari ushbu mijozga nisbatan lozim darajada tekshirishning kuchaytirilgan chora-tadbirlarini ko’rishlari va doimiy monitoring qilib borishlari shart.
32. Mijoz tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiyalarning xususiyati o’zgarishiga qarab, auditorlik tashkilotlari mijozni lozim darajada tekshirish natijalari bo’yicha to’plangan ma’lumotlarni hisobga olgan holda tavakkalchilik xavfi darajasini qayta ko’rib chiqishlari lozim.
33. Auditorlik tashkilotlari ichki qoidalarda belgilangan tartibda yuqori tavakkalchilik darajasi toifasiga kiritilgan barcha mijozlarning (operatsiya ishtirokchilarning) hisobini yuritishlari kerak. YUqori tavakkalchilik darajasi toifasiga kiritilgan barcha mijozlar (operatsiya ishtirokchilar) to’g’risidagi ma’lumotlar maxsus jurnalga kiritiladi.
34. Auditorlik tashkilotlari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg’in qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida texnologik yutuqlardan foydalanilishining oldini olishga qaratilgan choralarni ko’rishlari kerak. Ushbu maqsadda auditorlik tashkilotlari xizmatlarini ko’rsatish uchun yangi yoki rivojlanayotgan texnologiyalardan foydalanilishi sababli yuzaga kelishi mumkin bo’lgan tavakkalchilik darajalarini aniqlashlari va baholashlari kerak. Tavakkalchilikni bunday baholash yangi yoxud rivojlanayotgan texnologiyalardan foydalanishdan avval o’tkazilishi kerak.