11-MAVZU: KORXONA XARAJATLARINING HISOBI
REJA:
Korxona xarajatlarining turlari, mohiyati va ular hisobining vazifalari.
Sotish tannarxining hisobi.
Tannarxni me’yoriy, jarayonli, bo’linmali, buyurtmali, oddiy hisoblash usullari. Haqiqiy tannarxni hisoblash.
Davr xarajatlari hisobi.
Moliyaviy faoliyatga doir xarajatlar hisobi.
Favqulotda zararning hisobi.
Kelgusi davr xarajatlarining hisobi.
Muddati uzaytirilgan xarajatlarning hisobi.
Tayanch so’z va iboralar: Sotilgan tayyor mahsulotlarning tannarxi”, sotilgan tovarlarning tannarxi”, bajarilgan ish va ko’rsatilgan xizmatlarning tannarxi, davriy hisobda TMZ sotib olish/xarid qilish, davriy hisobda TMZ bo’yicha tuzatishlar, sotish xarajatlari, ma’muriy xarajatlar, boshqa operatsion xarajatlar
Korxona xarajatlarining turlari, mohiyati va ular hisobining vazifalari
Mustaqillik yillarida davlat mulki xususiylashtirilib, hissadorlik jamiyatlari, qo’shma korxonalar, mas’ulyati cheklangan jamiyatlar vujudga keldi. Shu bilan birga ushbu korxonalar turli xil xo’jalik yuritish shakli sifatida: fermer xo’jaliklari, kichik korxonalar, mikrofirmalar va boshqa xo’jalik yuritish shaklidagi korxonalar sifatida faoliyat ko’rsatib, ularda mehnatni tashkil etishning turli shakllari qo’llanilmoqda. Shu kabi iqtisodiyotimizdagi o’zgarishlar, faoliyatlar tubida bir maqsad turibdi, bu ham bo’lsa iqtisodiyotni rivojlantirish va aholining turmush darajasini oshirish. Ushbu maqsadga erishish uchun korxonalar bir maromda, barqaror rivojlangan holda faoliyat ko’rsatishlari lozim. Buning uchun bozor iqtisodiyoti sharoitida korxonalar o’z faoliyatlari natijasida ma’lum darajada, navbatdagi ishlab chiqarish jarayonini davom ettirishlari uchun foyda olishlari lozim bo’ladi. Natijada, tabiiyki, har bir korxona foyda olishni ko’paytirish yo’llarini izlab topishga harakat qiladi. Foydani qanday bo’lishiga esa xarajatlar hajmi bevosita ta’sir ko’rsatadi. Shuning uchun xarajatlarni hisobga olish hamda mahsulot tannarxini kalkulyasiya qilish korxona moddiy resurslari va boshqa xarajatlari ustidan qanday nazorat o’rnatishga yordam beradi. Korxonaning ishlab chiqarish xarajatlari deb, mahsulotni ishlab chiqarish bilan bog’liq xarajatlarga aytiladi. Ularga xom-ashyo, material, yoqilg’i, amortizasiya ajratmasi, ishchi-xizmatchilarga ish haqi va mahsulot ishlab chiqarish bilan bog’liq boshqa xarajatlar kiradi. Agar bir xil mahsulot ishlab chiqarish bilan bog’liq xarajatlarning jami summasini ishlab chiqarilgan mahsulot soniga taqsimlasak, ishlab chiqarilgan bir birlik mahsulotning tannarxini topamiz.
Tannarx ko’rsatkichi korxona faoliyatida muhim sifat ko’rsatkichlaridan biri hisoblanadi. U qancha past bo’lsa, ishlab chiqarish rentabelligi shuncha yuqori bo’ladi. Tannarxga korxonaning hamma xarajatlari qo’shilmaydi, ba’zi xarajatlari boshqa manbalar hisobidan qoplanadi. Masalan, korxonaning asosiy faoliyat daromadlari hisobidan davr xarajatlari qoplanadi. Mahsulot ishlab chiqarish xarajatlari xarajat kalkulyasiya moddalari bo’yicha ishlab chiqarish turlari, mahsulot tannarxini kalkulyasiya qilishdan asosiy maqsad ishlab chiqarish va sotish bilan bog’liq xarajatlarni o’z vaqtida, to’laligicha va haqqoniy aniqlash, shu bilan birga ayrim mahsulotlarning haqiqiy tannarxini hisoblash hamda korxona resurslari va pul mablag’lari ishlatilishi ustidan nazoratni o’rnatishdir.
Mamlakatimizda buxgalteriya hisobi islohoti amalga oshirilishi eng asosiy masalalar bo’yicha o’zgarishlar bo’lishiga olib keldi. 1999-yilda «Mahsulot(ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to’g’risida Nizom»ning qabul qilinishi mamlakatimiz buxgalteriya hisobida tubdan o’zgarishlar bo’lishiga sabab bo’ldi. Ushbu Nizom xarajatlarning mohiyati, korxonaning hisobot davridagi foydasi bilan bog’liqligidan kelib chiqib taqsimlashni belgilab berdi. Bunday taqsimlash bozor iqtisodiyoti xususiyatlaridan kelib chiqadi va buxgalteriya hisobi tizimimizni xalqaro miqyosda qo’llanilayotgan «Direkt-kosting» hisob tizimiga ancha yaqinlashtirdi. Xarajatlar xarajatlarning vujudga kelish joylari, mahsulot turlari bo’yicha buxgalteriya hisobida aks ettiriladi. Xarajatlarni hisobga olish hamda hisobining aynan shu tizimga yaqinlashtirilishi bozor iqtisodiyoti sharoitida buxgalteriya hisobi bajarishi kerak bo’lgan vazifalardan kelib chiqadi. Ma’lumki, bozor munosabatlari sharoitida buxgalteriya hisobining asosiy vazifasi tegishli foydalanuvchilarni axborot bilan ta’minlashdir.
Foydalanuvchilarni ichki va tashqi guruhga bo’linishi esa hisobning moliyaviy hamda boshqaruv hisobiga bo’linishiga olib keladi. Xarajatlar haqidagi ma’lumotlar, birinchi navbatda, korxona faoliyatining moliyaviy natijalarini aniqlash uchun zarurdir, ya’ni: Mahsulot sotishdan tushgan tushum - Xarajatlar = Foyda Bunday axborot kreditor, investor, bank, soliq inspeksiyasi kabi tashkilotlar uchun katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, korxonaning daromad (foyda) solig’ini xarajatlar haqidagi axborosiz hisoblash mumkin emas. Korxona va uni boshqarish nuqtai nazaridan esa xarajatlarning umumiy summasi, alohida ishlab chiqarish bo’linmalarining unumli hamda unumsiz xarajatlari va boshqalar haqidagi axborotlar yig’ishni talab etadi. Shunday qilib, xarajatlarni hisobga olish ham moliyaviy hisobning, ham boshqaruv hisobining eng muhim qismlaridan biri ekan. Mana shu asosda xarajatlar hisobi oldidagi vazifalarni aniqlash mumkin.
Moliyaviy hisobning asosiy vazifasi foydalanuvchilarni korxona faoliyatining moliyaviy natijalari, uning moliyaviy holati, xususan, mulkiy holati hamda to’lov qobiliyati haqidagi axborot bilan ta’minlashdir. Demak, bu jihatdan, xarajatlar hisobi oldida quyidagi vazifalar turadi: -korxona faoliyati bilan bog’liq barcha xarajatlarni o’z vaqtida to’laligicha hisobga olish; -xarajatlar haqidagi ma’lumotlarni alohida hisob schyotlarda hamda hisobot shakllarida to’g’ri aks ettirish va soliqlarni hisoblash uchun yetarli darajadagi ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlash. Bu vazifalarni bajarish uchun xarajatlarni moliyaviy hisob tamoyillari, xususan, ikki yoqlama yozuv asosida hisobga olish yetarlidir.
Boshqaruv hisobining eng asosiy xususiyati esa uning ma’lumotlari boshqaruv uchun foydaliligidir. Jumladan, boshqaruv hisobi xarajatlar haqida shunday batafsil ma’lumotlarni berishi kerakki, toki uning asosida eng to’g’ri boshqaruv qarorlari qabul qilishning imkoniyati paydo bo’lsin. Bu sohadagi xalqaro tajribalardan kelib chiqqan holda xarajatlar hisobi haqidagi ma’lumotlarni korxona quyidagi holatda shakllantirishi kerak: -xarajatlarni ularni paydo bo’lish joylari bo’yicha hisobga olish; -xarajatlar hisobini javobgarlik markazlari bo’yicha tashkil qilish; -xarajatlarni ularni paydo bo’lish obektlari yoki ularni tashuvchilari, ya’ni alohida mahsulot turlari bo’yicha jamlab berish.
Bu vazifalar boshqaruv hisobining asosiy vazifasini bajarishga imkon beradi. Masalan, xarajatlarni ularning paydo bo’lish joylari va javobgarlik markazlari bo’yicha hisobga olish eng muhim boshqaruv qarorlarini qabul qilishga imkon yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |