Mifologik dunyoqarash. «Mif» tushunchasi yunoncha mythos soʼzidan kelib chiqqan boʼlib, afsona, rivoyat degan maʼnoni anglatadi. Mif –turli xalqlarning dunyoning kelib chiqishi, tabiat hodisalari, fantastik mavjudotlar, xudolar va qahramonlarning ishlari haqidagi tasavvurini ifodalovchi muayyan tarzda tizimga solingan dunyoqarashdir.
Mifda bilimlar, diniy eʼtiqodlar, maʼnaviy madaniyatning turli elementlari, sanʼat, ijtimoiy hayot koʼrtaklari birlashgan boʼlib, shu tariqa ibtidoiy odamlar dunyoqarashi maʼlum darajada tartibga kelgan, ularning dunyo haqidagi qarashlari esa muayyan tizimga solingan. Mazkur tizimga solishning muhim shakllari epos, ertaklar, afsonalar, rivoyatlar boʼlib, miflar avvalo ular orqali ifodalanadi.
Shu tariqa toʼplangan bilimlar va tajriba keyingi avlodlarga oʼtishi ham taʼminlanadi.
Mifologik dunyoqarashning oʼziga xos xususiyati shundan iboratki, bu oddiy rivoyat, biron-bir voqea haqidagi hikoya emas, balki ogʼzaki «muqaddas» matnning arxaik ongdagi voqea-hodisalarga, insonga va u yashayotgan dunyoga taʼsir koʼrsatuvchi muayyan borliq sifatidagi inʼikosidir. Mif, insoniyat tarixining ilk bosqichlarida, odamlar xulq-atvori va oʼzaro munosabatlarini tartibga solish funktsiyasini bajargan, chunki unda axloqiy qarashlar, insonning borliqqa estetik munosabati oʼz ifodasini topgan. Mifologiyaga shu narsa xoski, unda hamma narsa bir, yaxlit, ajralmasdir; tabiat narsalari va hodisalari inson bilan ayni bir qonunlarga muvofiq yashaydi, inson bilan bir xil sezgilar, istaklar, mayllarga ega boʼladi.
Shunday qilib, mif kimningdir uydirmasi yoki «oʼtmish sarqiti» emas, balki shunday bir oʼziga xos tilki, inson uning yordamida qadim zamonlardanoq dunyoni tavsiflagan, oʼzining oʼsib borayotgan tarqoq bilimlarini umumlashtirgan, talqin qilgan, tasniflagan va muayyan tizimga solgan.
Mifda ota, oqsoqol hukmi va qaror topgan anʼanalar muhim rol oʼynaydi. Rivoyat va uning mazmuniga nisbatan bunday munosabat zamirida eʼtiqod, borliqni bevosita, emottsional idrok etish yotadi. Mifologik dunyoqarash dunyoni yaxlit tushunish boʼlib, unda shubhaga oʼrin yoʼqdir.
Mifologiya qadimgi odamlar dunyoqarashi bilangina uzviy bogʼliq emas. Oddiy ongda yashaydigan din, falsafa, siyosat, sanʼatda aniq-ravshan yoki pardalangan koʼrinishda mavjud boʼlgan miflar bugungi kunda ham odamlar hayoti va ijodida faol rol oʼynab, har qanday inson dunyoqarashining tarkibiy qismi boʼlib qolmoqda. Jamiyatning axborotlashuvi jadal surʼatlarda oʼsib borayotgan sharoitda mif televidenie, radio, vaqtli matbuot, hozirgi saylov texnologiyalari vositasida baʼzan ijtimoiy ong bilan manipulyasiya qilish, oldindan belgilangan jamoatchilik fikrini shakllantirish vositasi sifatida qoʼllanilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |