2. Dunyoqarashning mohiyati. Аyni shu davrdan boshlab insonning ancha rivojlangan dunyoqarashi shakllangani haqida va umuman toʼplangan bilimlar, amaliy koʼnikmalar, vujudga kelgan qadriyatlar, oʼzi va oʼzini qurshagan dunyo haqidagi tasavvurlar majmui sifatidagi odamlar dunyoqarashi toʼgʼrisida ishonch bilan soʼz yuritish mumkin.
Hayot tajribasi va empirik bilimlar asosida shakllanadigan dunyoqarash oddiy yoki empirik dunyoqarash deb ataladi va insonning dunyo haqidagi tasavvurlarining qismlarga ajralmagan, tizimsiz majmui sifatida amal qiladi. U har qanday dunyoqarashning negizi hisoblanadi va odamlarga kundalik hayoti, faoliyatida yoʼl koʼrsatib, ularning xulq-atvori, aksariyat qilmishlarini belgilab, muhim regulyativ funktsiyani bajaradi.
Keng maʼnoda, dunyoqarash – insonning oʼzini qurshagan borliqqa va oʼz-oʼziga boʼlgan munosabatga nisbatan yondashuvlar tizimi, shuningdek odamlarning mazkur yondashuvlar bilan belgilangan hayotiy ideallari, eʼtiqodlari,, bilish va faoliyat tamoyillari, qadriyat va moʼljallaridir.
Shu tariqa taʼriflanadigan dunyoqarash faqat insonga xos boʼlib, bu unda shakllangan ong va oqilona faoliyat mavjudligi bilan bogʼliqdir. Bunda inson nafaqat tushunchalar yaratish va mulohaza yuritish, xulosalar chiqarish va qoidalarni taʼriflash qobiliyatini kasb etadi, balki tayyor bilimdan yangi bilim olish uchun foydalana boshlaydi. Insonning bunday faoliyatini, uning ijodiy faolligini tavsiflovchi aql odamzot va jamiyat evolyutsiyasini jadallashtirishning qudratli omiliga aylanadi va pirovardda insonni hayvondan ajratish imkonini beruvchi asosiy belgi sifatida amal qiladi.
Dunyoqarashning tarixiy shakllari. Turli davrlar bilishni yanada teranlashtirdi va inson dunyoqarashini kengaytirdi. Shunga mos ravishda oddiy (empirik) dunyoqarash ham boyib bordi, uning negizida oʼzini oʼzi tashkil etish qonunlariga muvofiq yanada murakkabroq tuzilmalar asta-sekin shakllandi va bu pirovard natijada dunyoqarashning alohida shakllari yoki, tarixiy tiplari farqlanishiga olib keldi.
Tarixan dunyoqarashning dastlabki shakllari mif va din, falsafa va fan boʼlib, bu hol insoniyat tadrijiy rivojlanishining umumiy mantiqi bilan mushtarakdir. Koʼnikmalar, tajriba va oddiy bilimlar toʼplanishiga qarab, nafaqat ularni avloddan avlodga oʼtkazish muammosi yuzaga kelgan, balki ibtidoiy odamlarning dunyoqarashi ham murakkablashib borgan. Bu dunyoqarash rivojlanishining muayyan bosqichida, toʼplangan bilimlarning «yuqori bosqichiga» etilgach, boshqa har qanday murakkab tizimda boʼlganidek, dunyoqarashda ham oʼzini oʼzi tashkil etish qonunlari amal qila boshlagan.
Masalan, bu hodisaning mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun shaxsiy kutubxonada kitoblar yigʼilishi bilan bogʼliq misolga murojaat etish oʼrinli boʼladi. Mazkur kutubxonada kitoblar bir nechta boʼlsa, ularni tizimga solish talab etilmaydi, ular qaerda yotgani va ularning oʼzaro munosabati qandayligi ham ahamiyat kasb etmaydi. Kutubxona hajmi oʼnlab kitoblar bilan oʼlchangan taqdirda esa, ulardan foydalanishga qulaylik yaratish uchun kitoblarni muayyan tarzda joylashtirish, tizimga solish talab etiladi. Kitoblar soni qancha koʼp boʼlsa, ular bilan ishlash shuncha oson va qulay boʼlishi uchun ularni tasniflash, tartibga solish, ruknlarga ajratish tizimi shuncha murakkab boʼladi.
Ibtidoiy odamlarning ancha rivojlangan dunyoqarashida oʼzini oʼzi tashkil etish qonunlariga muvofiq ayni shunday tartiblilik dastavval mif hamda dinning ilk shakllari koʼrinishida vujudga keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |