Zardushtiylik taʼlimoti. eramizdan avvalgi X asrdan eramizning VII asrlarigacha boʼlgan davr mahsuli boʼlgan diniy-falsafiy taʼlimotlardan biri Zardushtiylikdir. Bu taʼlimotga Zardusht asos solgan boʼlib, Sharq va Gʼarbda Zaratushtra, Zaroastr nomlari bilan mashhurdir. Manbalarga koʼra, Zardusht eramizdan avvalgi VI asrning birinchi yarmida yashagan. Lekin uning tarixiy yoki afsonaviy shaxs ekanli haqida aniq bir toʼxtamga kelingani yoʼq. U oʼzini paygʼambar deb eʼlon qilgan. Lekin uning paygʼambarligi ilohiy asosga ega emas. Yaʼni bu haqiqat ilohiy kitoblarda oʼz tasdigʼini topmagan. Keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlar shuni koʼrsatmoqdaki, bu taʼlimot Vatanimiz hududida, xususan, Xorazm zaminida paydo boʼlgan. U oʼz davrida xalqni ezgulik va adolat gʼoyalariga daʼvat etish, hayotbaxsh anʼanalarni shakllantirish, dehqonchilik va shahar madaniyatini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega boʼlgan, uning gʼoyalari bilan bogʼliq qadriyatlar bugungi kungacha yashab kelmoqda va xalqimiz turmush tarzining oʼziga xos xususiyatlarini belgilashda ulkan qimmat kasb etmoqda.
Zardushtiylikning bosh kitobi «Аvesto»dir. unda qadimgi xalqlarning dunyo toʼgʼrisidagi tasavvurlari, oʼziga xos qadriyat va urf-odatlari aks etgan. Unda olamning azaliy qarama-qarshi kuchlari- yaxshilik va yomonlik, yorugʼlik va zulmat, issiqlik va sovuqlik, hayot va oʼlim borasidagi qarashlar oʼz ifodasini topgan. «Аvesto»da, shuningdek, tabiat falsafasi, tarix, etika, tibbiyotga oid maʼlumotlar ham berilgan.
Falsafa tarixida makedoniyalik Аleksandr (eski oʼzbek tilida Iskandar deyilgan) istilosi va Grek-Baqtriya davri falsafasi ham xalqimizning taraqqiyot tarixida muhim oʼrin tutgan. Manbalarda Аleksandr qoʼshini mahalliy xalqlarning qattiq qarshiligiga uchragani, u «Аvesto»ning koʼpgina qismini yondirib yuborgani haqida maʼlumotlar bor. Bugungi kungacha ham ayrim tarixchilar Аleksandr «Аvesto»ning tilini bilmagani, uni oʼqiy olmagani sababli bu kitobning qadr-qimmatini tushunmagan va uni yoqish toʼgʼrisida koʼrsatma bergan, degan fikrlarni bayon etadilar. Аslida unday emas. Bu — tarixiy haqiqatni, garchand u kimlar uchundir achchiq va kimlar uchundir ibratli boʼlsa-da, xaspoʼshlashga urinishdan boshqa narsa emas. Negaki, Аleksandr oʼz zamonida fanlarning otasi deb nom olgan falsafani fan darajasiga koʼtargan, buyuk donishmand sifatida etti iqlimda tan olingan Аrastudan 20 yil mobaynida muttasil taʼlim olgan edi. Binobarin, Shoh Filippning oʼgʼli Аleksandrni savodsiz, kitobning qadrini tushunmaydigan bir kimsa deb taʼriflash tarix haqiqatiga toʼgʼri kelmaydi.
Toʼgʼri, u «Аvesto»ni oʼtda kuydirgan boʼlishi mumkin. Lekin buni kitobning qadrini tushunmagani uchunmas, balki erli xalqlarni birlashishga daʼvat etib turuvchi, ular eʼtiqod qoʼygan milliy gʼoyalar timsoli boʼlgan va oʼz saltanatiga qarshi muttasil kurash olib boruvchi vatanparvarlarni tarbiyalaydigan manba ekanini nazarda tutib, shu ishni amalga oshirgan. Qolaversa, oʼzini dunyodagi eng rivojlangan hudud madaniyatini jahonga yoyish uchun masʼul deb bilgan, toʼgʼrirogʼi, oʼsha madaniyatdan boshqasini tan olmagan mashhur jahongir uchun zabt etilgan xalqning «Аvesto»dek buyuk kitobi boʼlishi kutilmagan hol edi. U, yuqorida taʼkidlanganidek, mazkur kitob omon tursa, u ushbu zamin farzandlari uchun oʼzlikni anglash, binobarin, kuch-qudrat manbai boʼlib qolaverishini nihoyatda yaxshi tushungan.
Do'stlaringiz bilan baham: |