Vijdon erkinligi. Odamzot azal-azaldan intilib kelgan, xilma-xil daraja va ko‘rinishlarda amalga oshirgan umuminsoniy tamoyillardan biridir. «Vijdon erkinligi» «e’tiqod erkinligi» tushunchasidan ko‘ra keng mazmunga ega. «E’tiqod erkinligi» insonning biror-bir dinga e’tiqod qo‘yishda o‘z ixtiyori bilan ish tutishini ifodalaydi. «Vijdon erkinligi» esa muayyan kishining biror dinga, g‘oyaga e’tiqod qilishi yoki umuman e’tiqod qilmasligini ham anglatadi. Inson dindor, dinsiz dahriy yoki xudojo‘y bo‘lishi, but va sanamlarga sig‘inishi, butunlay xudosiz bo‘lishi ham mumkin. U dunyoviy yoki diniy bilimlar tarafdori sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Ammo bu – ana shu kishini ayblash uchun asos bo‘lmaydi, balki kimning qanday e’tiqodga ega bo‘lishi yoki bo‘lmasligi uning vijdoniga havola etiladi, demakdir. Ammo bu tamoyil vijdon va burch, jamiyatdagi boshqa umuminsoniy talablarni tan olmaslik, turli aqidalarni mutloqlashtirish, boshqalar uchun qadriyat bo‘lgan narsalarni mensimaslik degani emas. Balki, kishining ishonchi, e’tiqodi sohasidagi anglab olingan erkinligi, jamiyat qonunlariga mos hayot kechirishi demakdir.
Fikrlar rang-barangligini qaror toptirish — demokratik jamiyat barpo etishning asosiy shartidir. Demokratiya davlat va jamiyat qurilishi, uni idora etishning eng maqbul shakli sifatida har bir fuqaroga o‘z qarashlarini, fikrini erkin ifoda etish uchun sharoit yaratadi. Bu esa insonning mamlakat siyosiy — ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy hayotidagi ishtirokini, qonunlarni ishlab chiqishda, uni hayotga joriy etishdagi faolligini ta’minlaydi. Milliy istiqlol g‘oyasining ushbu tamoyili olamdagi turli-tumanlik bilan insoniyat dunyosidagi xilma-xillikning, odamlar fikrlashi, orzu-umidlari, g‘oya va maqsadlari sohasidagi rang-baranglikning uyg‘unligini ifodalaydi. Fikrlar rang-barangligi milliy istiqlol mafkurasiga jon bag‘ishlaydi, uning takomillashishiga yordam beradi. Ana shu asosda bu mafkura xilma-xil fikrlar bilan boyib boradi, turli g‘oyalarni o‘ziga doimiy singdirish imkoniga ega bo‘ladi.
Umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi — milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tamoyillaridan biridir. Fuqarolar ongida istiqlol dunyoqarashini shakllantirish, ularni ijtimoiy hayotdagi yangilanish va o‘zgarishlar jarayoniga keng jalb etish, zamon taraqqiyotidan ortda qolmasligiga erishish, jahon tajribasini, umuminsoniy demokratik qadriyatlar mohiyatini o‘rganishni talab etadi. Bu, odamlarning buyuk kelajak yaratish jarayoniga ishonchini mustahkamlashida, fuqarolarning siyosiy madaniyatini o‘stirishda, barqaror taraqqiyot muammolarini to‘g‘ri anglashida g‘oyaviy yo‘nalish bo‘lib xizmat qiladi.
Milliy istiqlol g‘oyasi erkin fuqarolik jamiyatiga o‘tish jarayonida xalq tasavvurini o‘zgartirish va yangicha ma’no-mazmun bilai to‘ldirish, huquqiy davlatchilikka xos tamoyillarni turmush tarziga aylantirishda umuminsoniy qadriyatlarga tayanadi. U xalqning orzu-umidlarini umummilliy darajada yuksaltirib, odamlarni umumbashariy intilishlarga tomon yetaklaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |