Milliy qadriyatlarga sodiqlik — milliy g‘oyaning tayanchidir. Mustaqillik sadoqat hissini barchada barobar shakllantirish, fuqarolik tuyg‘usini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimizni e’zozlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Bu tamoyil O‘zbekiston hududida istiqomat qilayotgai har bir fuqaroning o‘z milliy qadriyatlarini asrab-avaylashi, kelajak avlodlarga yetkazishi uchun to‘la imkoniyatlar yaratilishini ifodalaydi. O‘tmishdagi bobolarimiz qoldirgan meros, madaniy boyliklar, mumtoz qadriyatlarni hurmat qilish, ularni o‘rganish, ular zamiridagi bu tamoyilning asosiy jihatlaridir. Har bir millatning tili, qadriyatlari, urf-odatlari, an’analarini hurmat qilishni ta’minlash milliy istiqlol mafkurasining amal qilishida umuminsoniy andozalar namoyon bo‘lishi uchun asoslar yaratadi. Biz bu masalani «Millatlararo hamjihatlik» bilan bog‘liq mavzuni o‘rganayotganimizda yanada kengroq yoritishga harakat qilamiz.
Milliy istiqlol g‘oyasining shaxs qadriyatlari, inson ma’naviy olami bilan bog‘liqligi shubhasiz. Shubha yo‘qki, milliy istiqlol g‘oyalarini amalga oshirish avvalo har tomonlama bilimli, ma’naviy, jismoniy va aqliy yetuk insonlarga bog‘liq. Bu esa har bir yurtdoshimizni istiqlol g‘oyalari bilan qurollantirishni taqozo etadi. Sog‘lom avlodni tarbiyalash, erkin fuqaro ma’naviyatini shakllantirish, barkamol insonni voyaga yetkazish ham ana shu vazifalar samarasiga kiradi. Zero, har bir shaxs ijtimoiy jarayonlarni o‘zida mujassam etuvchi kuch sifatida jamiyatdagi barcha jarayonlarning, jumladan, milliy istiqlol g‘oyasi amal qilishida asosiy omil hisoblanadi. Avvalo, shaxs milliy istiqlol g‘oyasining, uning hayotbaxsh tushunchalarining o‘zlashtiruvchisi, o‘ziga singdiruvchisidir. Ta’lim va tarbiya jarayonida, ijtimoiy-ma’naviy tizim, malakani oshirish va qayta tayyorlash, qolaversa, jamiyatdagi to‘laqonli axborot makoni orqali u aniq va oqilona yo‘naltirilgan mafkuraviy qadriyatlar, me’yorlar va talablarni o‘zlashtirishi zarur.
Shaxsning milliy istiqlol g‘oyalarini keng yoyishdagi o‘rni, avvalo, uning mafkuraviy jarayonlarda qanchalik faol ishtirok etishida ko‘rinadi. Faol, intiluvchan shaxs mafkuraviy ta’sir, targ‘ibot va tashviqotning ob’ektidan mafkuraviy jarayonlarning sub’ektiga, mafkurachiga, mafkuraviy tarbiya tizimining muhim bo‘g‘iniga aylanib boradi. Shundan so‘ng u milliy istiqlol mafkurasi g‘oyalarining tashuvchisiga, uning targ‘ibotchisiga, uni boshqalarga yetkazuvchi vositaga aylanadi. Har bir shaxs tegishli mafkuraviy-g‘oyaviy tayyorgarlikka ega bo‘lgach, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, ta’lim, fan, madaniyat, sog‘liqni saqlash, harbiy xizmat va hayotning boshqa sohalaridagi faoliyati orqali milliy istiklol mafkurasining asosiy tamoyillarini yoyishda, targ‘ib etishda va mustahkamlashda faol ishtirok eta oladi. Shu tariqa bu g‘oya va tamoyillar odamlarni aniq maqsad, taraqqiyot sari yetaklaydi, millat qo‘lidagi bayroqqa aylanadi.
Ana shu sabablarga ko‘ra, milliy istiqlol g‘oyalarini amalga oshirishda shaxs tayanch omil deb qaraladi, uning imkoniyatlarini yuksak baholagan holda, asosiy e’tibor muayyan shaxsning mafkuraviy tayyorgarlik darajasiga qaratiladi. Bunda muayyan shaxsga o‘zbek milliy xarakterining afzalliklarini tashviq qilish, xalqimiz madaniyatining bebaho va betakror ekanini anglatish, o‘zbeklarga xos jamoaviylik jamiyatimizning muhim xususiyati ekani, ijtimoiy birdamlik taraqqiyotimizning manbai bo‘lib xizmat qilishiga alohida e’tibor beriladi. Shuningdek, bu jarayonda taraqqiyotga baholi qudrat o‘z hissasini qo‘sha oladigan yetuk shaxs timsolini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |