Dars o‘quv maqsadi: Mafkuraviy tarbiya jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va ularning yechimlarini ochib berish.
Tushunchalar va tayanch iboralar - «mafkuraviy tarbiya», «mafkuraviy ta’sir», «mafkuraviy tolerantlik», “tarbiya”, “e’tiqod”, “iymon”, “sog‘lom dunyoqarash”, “mas’uliyat”, “iymon”, “shaxsiy mas’uliyat va fuqarolik mas’uliyati”, “ma’naviy muhit”, “muloqot madaniyati”.
Asosiy savollar.
“Mafkuraviy tarbiya” tushunchasi, uning mazmuni va namoyon bo‘lish xususiyatlari.
Mafkuraviy tarbiyaning yo‘nalishlari va ijtimoiy funksiyalari.
Mafkuraviy tarbiyaning maqsadi.
Mafkuraviy tarbiyaning mezonlari.
Shaxsiy mas’uliyat va fuqarolik mas’uliyatining o‘zaro aloqadorligi.
Mafkuraviy tarbiya jarayonida e’tiqod va iymon tushunchalarining tutgan o‘rni.
Yoshlar ongida sog‘lom dunyoqarash, mas’uliyat, iymon va e’tiqodni shakllantirish omillari.
Ta’lim muassasalari va g‘oyaviy tarbiya.
Asosiy o‘quv materiali qisqacha bayoni: Milliy g‘oya O‘zbekiston xalqining tub manfaatlari, asriy orzu-umidlari, ezgu niyatlari, buyuk maqsadlarini ifoda etib, xalqning o‘z maqsad-muddaolariga erishish uchun ma’naviy-ruhiy kuch-quvvat bo‘ladigan poydevordir. Bu jarayon jamiyat a’zolarining tub manfaatlarini ko‘zda tutadi, binobarin, har bir fuqaroni milliy istiqlol g‘oyasi ruhida tarbiyalash shu yurtning farzandlari uchun muqaddas burchdir.
Tarbiya nima? Agar «tarbiya» tushunchasining tub ma’nosiga e’tibor beradigan bo‘lsak, bu - insonning o‘zi va o‘z xulqi haqidagi tasavvurining to‘g‘ri va xolis bo‘lishini ta’minlovchi murakkab jarayondir. Ya’ni, tarbiyalangan odam tarbiyasiz odamdan shunisi bilan farq qiladiki, birinchisi u o‘zining kim ekanini, amalga oshirayotgan kundalik hatti-harakatlari, amallari, o‘y-fikrlari o‘zi va o‘zgalar uchun qanchalik manfaatli, foydali ekanini anglaydi, o‘zini noxush harakatlardan tiyadi va nazorat qiladi. Tarbiyasiz odam esa, afsuski, o‘z amallari nafaqat o‘zgalarga, xattoki, o‘ziga ham ziyon, befoyda, bema’ni ekanini bilmaydi. Shundan kelib chiqib, har qanday tarbiyaning bosh mezoni tarbiyalanuvchida o‘zi va o‘z fazilatlari xaqida to‘g‘ri tasavvurlarni shakllantirishdan iborat deyish mumkin.
Har bir davrning o‘ziga xos tarbiyaviy usul va vositalari bo‘ladi. Qadim zamonlardan tarbiya yosh avlodning keksa avlod tajribalarini o‘zlashtirish shakllaridan biri sifatida qarab kelingan. Tarbiya asosan mehnat faoliyati (ovchilik, chorvachilik, dehqonchilik va shu kabi) jarayonida, turli urf-odatlar, marosimlar o‘tkazish vaqtida amalga oshirilgan. U asosan jismonan baquvvat bo‘lishga qaratilgan. Psixolog D. Elkonin bolalar o‘yini tarixini tahlil qilib, taraqqiyotning ma’lum davriga qadar umuman bolalar o‘yini kategoriyasining o‘zi bo‘lmaganini isbot qilgan. Lekin o‘sha paytlarda kattalarning bolalarga ta’siri bevosita bo‘lib, tarbiya jarayoni hozirgidan farqli sharoitlarda kechgan. Mehnat faoliyatining ko‘pqirrali bo‘lgani va murakkablashib borishi bois kattalar bilan bolalar o‘rtasidagi munosabatlarda ro‘y bergan o‘zgarishlar tufayli o‘ziga xos bolalar jamiyati paydo bo‘lgan va bu jamiyat a’zolari kattalar tajribasini o‘zlashtirishning turli-tuman yo‘llarini topib, o‘z hayoti va faoliyatini takomillashtirib borgan. Bu birinchi navbatda kasb-hunar turlarining ko‘payishiga va takomillashib borishi bilan ham bog‘liq bo‘lgan.
Bola istagan soha bo‘yicha ta’lim-tarbiya olib, o‘zi xohlagan ixtisoslikni egallashga haqli. Lekin uning xohishi bilan jismoniy imkoniyati har doim ham bir-biriga mos kelavermaydi. Odatda, ota kasbini, to‘g‘rirog‘i, bobo meros kasbni tutgan yoshlar hayotda ko‘proq muvaffaqiyat qozonadi. Chunki bolada otaning qoni, uning layoqati bo‘ladi. Demak, kasb tarbiyasi, bolani yoshlikdan el-yurtga foydasi tegadigan mehnat faoliyatiga yo‘naltirish ham mafkuraviy ahamiyatga egadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |