E’tiqod –psixologik hamda ijtimoiy-psixologik tushuncha bo‘lib, odamning muayyan qarash, ta’limot nazariya, hayotiy aqida, qadriyat yoki faoliyat tamoyillarini emotsional-hisiy qabul qilish jarayonida shakllangan sobit fikr va tasavvurlar majmuidir. Insonning insonligi, uning jamiyatdagi o‘rni va nufuzi ham ma’lum ma’noda uning e’tiqodi bilan belgilanadi. Ayrim insonlar butun umri mobaynida faqat bitta narsaga e’tiqod qiladi. Masalan, Fransiyalik sayyoh Kusto va uning komandasi haqidagi filmni hamma ko‘rgan. Bir qarashda u butun umrini dengiz hayoti va undagi sirli voqealar, xayvonot dunyosini kashf etishga bag‘ishlagandek tuyuladi. Dengizdan juda uzoqda yashaydigan, undan manfaat ko‘rmaydigan odamlar uchun bu tadqiqotchining hayoti va ishlari keraksiz bir narsadek tuyuladi. Lekin bu olimning o‘z ishiga sadoqati, e’tiqodi shu darajada kuchliki, uni butun dunyo, sog‘lom fikrlovchi har bir inson juda yuksak qadrlaydi. Bu kabi odamlarning boshqa sohalardagi xizmati kam bo‘lishi mumkin, ammo bashariyat uni yuksak e’tiqodi uchun xurmat qiladi.
E’tiqodli odam avvalo foydali ish bilan shug‘ullanadi, o‘zgalarga ziyon keltiruvchi amallar qilmaydi, yolg‘on gapirmaydi. U har doim lafziga amal qiladi, ya’ni bir narsani qilaman deb ahd etsa butun kuchi va iqtidorini safarbar qilib, uni albatta bajaradi, boshlagan ishini oxiriga yetkazadi. E’tiqodli inson nima qilayotganini, nima uchun aynan shu ishni qilayotganligini juda yaxshi biladi. Shu bois haqiqiy e’tiqod egasi ilmga intiladi, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib yashaydi, har tomonlama barkamol bo‘lishga tirishadi, yaxshilarga oshno bo‘lish, buyuklikka xavas uning hayotiy shioriga aylanadi. Haqiqiy e’tiqod sohibi o‘zidan oilasiga, farzandlariga, insoniyatga nimadir qoldirishni istab yashaydi. Shuning uchun ham e’tiqod, shaxsdagi jur’at, mardlik, fidoiylik, iroda, vijdon, qat’iyat, halollik, insonparvarlik, vatanparvarlik kabi fazilatlar bilan bog‘liqdir.
“Iymon” arabcha so‘z bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi ishonchdir. Haqiqiy e’tiqod egasi bo‘lgan odamda iymon ham bo‘ladi. Iymon keltirish yoki ishonch shunday psixologik xolatki, unda shaxsning e’tiqodiga mos keladigan, muayyan narsa va hodisalar ta’sirida ongda o‘rnashib qoladigan tasavvurlar majmui yetakchi o‘rin tutadi. Iymon nima ekani ko‘pincha shaxs tomonidan chuqur tahlil qilinmaydi, tekshirilmaydi, chunki unda insoniyat tajribasi, shaxs e’tiqod qilgan ijtimoiy guruhning qarashlari mujassam bo‘ladi. Masalan, Ollohga iymon keltirish har bir musulmon uchun farz xisoblanadi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Olloh taolo ta’rifidan keltirilgan barcha xabarlarni til bilan iqror etib, dil bilan tasdiqlashga iymon deyiladi, ya’ni qur’oni karim va hadisi shariflar orqali Olloh to‘g‘risidagi jannat va do‘zax, qiyomat kabi g‘aybiy narsalar haqida berilgan xabarlarga ishonch – shariatda iymon deb yuritiladi deganlar.
Iymon tushunchasiga faqat diniy tushuncha sifatida qarash to‘g‘ri emas. Chunki har kuni foydali bir amal savob ish qilish, solih hulq sohibi bo‘lish, butun insoniyatga mehr-muxabbat bilan qarash, jamiyatdagi hulq me’yorlarini qalbdan his qilib, ularni buzmaslikka intilish ham iymondandir. Agar bola yoshlikdan go‘zal hulqlarni egallashga intilib yashasa, musulmonchilik odoblari, xushhulqlilik tamoyillarini o‘zlashtirib borishga ruhan tayyor bo‘lsa, uni iymonli bo‘lib tarbiya topayapti, deyish mumkin.
Sog‘lom dunyoqarash, mas’uliyat, iymon va e’tiqodni yoshlar ongida shakllantirishning quyidagi asosiy ob’ektiv shart-sharoitlari va omillarini ajratib ko‘rsatib ko‘rsatish mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |