Tarbiyaviy funksiya. Ko‘pchilik oldida izza bo‘lishdan qo‘rqish hissi mahallalarda juda yaxshi rivojlangan. Buni o‘ziga xos jamoa tarbiyasi deyish mumkin. Shuningdek, mazkur tarbiyaviy holat ba’zi axloqiy beqaror kishilarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Iqtisodiy-ijtimoiy funksiya. Mahalla aholisining iqtisodiy salohiyatini ko‘tarishga yordamlashishi, ishsizlik masalalarini hal etish lozim. Mahallada turli xil ilmiy-ma’rifiy ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etish ham aholining ma’naviy-ruhiy tetiklashuviga va aniq maqsad sari yetaklashga xizmat qiladi, insonlarning bir-biriga mehrining ortishiga omil bo‘ladi.
Ekologik va madaniy funksiya. Mahalla, albatta o‘z hududi ekologiyasi uchun g‘amxo‘rlik qiladi. O‘z uyini, mahallani ozoda tutish ota-bobolarimizdan qolgan an’anadir. Mahalla hasharlarining muntazam ravishda o‘tkazilib borishi ham shu bilan bog‘liq.
Mahalla kuchli kommunikativ imkoniyatga ega. Bunga asosiy sabab – mahalladoshlar o‘rtasidagi intensiv aloqaga asoslangan qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlari. Mahalladoshlar hayotiga doir biron bir xabar, ma’lumot yoki axborot qo‘ni-qo‘shnilarga juda qisqa fursatda tarqaladi. Shu ma’noda, mahalla o‘ta samarador “P.R.” texnologiya hamdir. “Mahallada duv-duv gap” iborasining paydo bo‘lishi ham mazkur fenomenning o‘zida “axborotni yaxshi o‘tkazishi” xususiyati bilan bog‘liq. Shuning uchun, mahallada ezgu maqsadlarimizni amalga oshirish uchun belgilab olingan g‘oyalarning targ‘ibot-tashviqotini va yoshlarimiz ongi va qalbiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan vayronkor g‘oyalarning oldini olish ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish yaxshi samara berishi aniq.
Sharqda jamoaviylik (kollektivizm) ruhining ustuvorligi ko‘pchilik tomonidan e’tirof etiladi. Biroq, jamoaviylikning “mahalla” shakli faqat O‘zbekiston hayotiga xos desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Sharqdagi boshqa mamlakatlarda qo‘ni-qo‘shnilar, bir kvartal, mavzeda yonma-yon yashaydigan odamlar bir-biriga iliq munosabatda bo‘lishi, muayyan ma’noda o‘zaro aloqalar o‘rnatishi mumkin. Ammo, o‘zbek mahallasi bunday aloqalar original tarzda kechadi.
Mahallalarda turli dinga e’tiqod qiluvchi har xil millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Shu ma’noda, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyasi avvalo, aynan, mahalla instituti orqali amalga oshadi. Hayotiy kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek mahallalarida istiqomat qiladigan boshqa millat vakillarida ham mahalladoshlarga xos fazilatlar, xususiyatlar shakllangan. Xususan, millatdosh, dindosh qadrdonlar qatorida ular ham qo‘shni xonadonlardagi barcha tadbirlarda faol ishtirok etishga, mahalladosh sifatidagi o‘z burchini bajarishga intiladi. Mahallalarda xalqimizning muqaddas dini - islom urf-odat va an’analari bilan bir qatorda boshqa din doirasidagi amallar ham rivojlanib boradi. Chunki, mamlakatimizdagi barcha o‘zga din ibodatxonalari mahallalar hududlarida joylashgani nuqtai nazaridan qaraganda, mahalla turli madaniyat va dinlar o‘rtasidagi dialogni ta’minlovchi muhim bo‘g‘in hisoblanadi.
Shuningdek, ko‘pchilik o‘zga millat va din vakillari o‘zbek tilida erkin so‘zlasha oladi. O‘z navbatida, o‘zbek qo‘shnilar ham ularning urf-odat, an’analari, umuman, madaniyatiga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi. Shu ma’noda, mahalla ulkan ijtimoiy hamkorlik makoni hamdir.
Mahalla sharoitida mafkuraviy tahdidlarni oldini olish hamda zarur g‘oyaviy tarbiyani yo‘lga qo‘yishda ota-onalar zimmasiga ulkan mas’uliyat mavjud. Chunki, ota-ona eng avvalo, farzandi ma’naviy barkamolligi, qolaversa, mahalla kuy oldida qaddini tik tutib yura olishi uchun ham o‘z bolasining zararli g‘oyalar ta’siriga tushib qolishini oldini olishga intiladi. Farzandining yurish-turishidan muntazam boxabar bo‘lib boradi.
Shuningdek, mahalla ayni paytda, ibrat namunasi hamdir. Aqlu-zakovati rivojlangan yigit, qiz yot va begona, vayronkor g‘oyalar ta’siriga berilib, natijada oilasi, mahalladoshlari orasida izza bo‘lib, o‘ziga xos begonalashuv holatiga tushib qolgan tengdoshlaridan ibrat oladi. Yaqinlaridan “falonchining farzandi mana shunday yovuz qilmishi uchun qamalibdi, ota-onasining yuzini yerga qaratibdi” degan gapni eshitganda seskanib ketadi.
Bu ham kishidagi mahalla fenomenining xususiyati ta’sirida vujudga keladigan ruhiy holat bo‘lib, mahallaning g‘oyaviy tahdidlarni oldini olishdagi rolini xarakterlaydi.
Mahalladagi jamoatchilik fikrining kuchli ekani bois, jinoyat yo‘liga kirgan yigit yoki qiz oila qurish borasida katta qiyinchiliklarga duch keladi. Zero, tanigan va bilgan odamlar bunday toifadagilar bilan qarindosh tutinishni o‘zlariga or deb bilishadi.
Ta’kidlash joizki, vayronkor maqsadlarni ko‘zlagan kuchlar tomonidan amalga oshiriladigan o‘ziga xos targ‘ibot-tashviqot ishlari ham mahallalarda kechadi. Shu o‘rinda, mahalla oqsoqoli hamda faollari alohida ahamiyatga ega. Chunki, odatda bunday kishilar nafaqa yoshida bo‘lib, ularda mahalladoshlari hayotini muntazam kuzatib borish, mavjud muammolarni hal etishga jamoatchilik fikrini jalb qilish imkoniyati katta bo‘ladi. Ayni paytda, ba’zi hollarda bilib-bilmay to‘g‘ri yo‘ldan adashgan yoshlarga ular tomonidan qilingan pand-nasihatlar ota-onanikiga nisbatan samaraliroq bo‘ladi. Zero, mahalla oqsoqoli va faollari mahalladoshlar uchun ota-ona kabi avtoritet hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |