Asosiy o‘quv materiali qisqacha bayoni: Ma’lumki, oila – jamiyat negizi, har bir insonda yoshligidan boshlab ongida shakllanadigan barcha insoniy fazilatlar, ezgu niyat-maqsadlar, qadriyatlar takomil topadigan, mafkuraviy va ma’naviy tarbiya amalga oshiriladigan muhitdir. “Chunki insonning eng sof va pokiza tuyg‘ulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bag‘rida shakllanadi. Bolaning xarakterini, tabiati va dunyoqarashini belgilaydigan ma’naviy mezon va qarashlar - yaxshilik va ezgulik, olijanoblik va mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi muqaddas tushunchalarning poydevori oila sharoitida qaror topishi tabiiydir”3.
Mustaqillik tufayli ulkan milliy qadriyat – oilaning ijtimoiy ahamiyatini oshirish, uning jamiyat ma’naviy-mafkuraviy makonida tutgan o‘rnini mustahkamlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada avvalo, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida oilaga bag‘ishlangan alohida bob ajratilgani, unda oilaning davlatimiz kelajagidagi o‘rniga yuqori baho berilib, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekani ta’kidlangani alohida ahamiyat kasb etadi4. Shuningdek, oilaviy munosabatlar 1998 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Oila kodeksi” bilan ham tartibga solinadi.
Oila manfaatlarini himoya qilish va uni mustahkamlash mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lgani sababli, 1998 yil O‘zbekistonda “Oila yili” deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan qabul qilingan davlat dasturida5 mamlakatimiz oilalarning barqarorligini mustahkamlashga imkon beruvchi bir qator vazifalar nazarda tutilgan va samarali hal etildi va ular bu borada amalga oshirilajak keyingi ishlarning ham asosiy tamoyillariga aylandi.
“Mohiyat e’tiboriga ko‘ra, oila ikki jinsga mansub insonlarning ya’ni, erkak va ayolning o‘zaro hamjihatlikda yashay boshlashi, muhabbati, bir-birlarini anglagan holda turmush kechirishi va ko‘payish istagining qondirilishi, jamiyatni to‘ldirish, avlodlarni muntazam yangilab turishi va eng muhimi, uni ham iqtisodiy, ham ma’naviy-axloqiy jihatdan mukammallashtirish yo‘lida birgalikda qiladigan harakatining hosilasi”6 sifatida ta’riflanadi. Bundan tashqari, oila masalalarini maxsus tadqiq etgan M.Xolmatova: “oila - odamlarning tabiiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy munosabatlariga asoslangan ijtimoiy birlikdir”7, - deb ta’rif beradi. Bu yerda ma’naviy munosabat deyilganda esa, er-xotin, ota-ona va bolalar o‘rtasidagi mehr-muhabbat, oqibat, odob-axloq, ta’lim-tarbiya kabi insoniy tuyg‘ular va talablar ko‘zda tutilmoqda.
Oilaning asosini nikoh tashkil etadi. Nikoh oiladan ilgari vujudga kelgan bo‘lib, dastavval patriarxal oila vujudga kelishiga qadar, urug‘chilik davrida faqat jinsiy, tabiiy-biologik munosabatni boshqarib borgan. Oila vujudga kelgandan so‘ng esa, nikoh kishilar hayotining boshqa sohalari, chunonchi, huquqiy, axloqiy va maishiy sohalariga ham kirib borgan.
Eng umumiy tarzda qaralganda, oilaviy munosabatlar er-xotin, ota-ona va farzandlik munosabatlaridan iborat. O‘z navbatida, bular ijtimoiy xarakterga ega bo‘lib, axloqiy-estetik, psixologik munosabatlar tarzida namoyon bo‘ladi. Shunga ko‘ra, oilaviy munosabatlar ijtimoiy munosabatlarning tarkibiy qismi sifatida bir qancha xususiyatlarga ega8.
Bundan tashqari, har bir oila vujudga kelishi bilan “oila-oila a’zosi”, shuningdek “oila-jamiyat” munosabatlari tashkil topadi-ki, bu munosabatlar ham muayyan axloq qoidalari, odat va an’analar orqali muayyan tartibda amalga oshadi. Shuning uchun oiladagi axloqiy munosabatning mohiyati – oilani saqlash va mustahkamlash, komil farzandlarni tarbiyalash uchun imkoniyat yaratib berishdan iboratdir9.
Sirasini aytganda, oila – jamiyatning birlamchi o‘zagi, ijtimoiy-madaniy birlikdir. Har bir oila bir-biriga o‘xshamaydigan o‘ziga xos bir olamdir. Erkak va ayol, ya’ni ikki insonning muhabbati, rizoligi va ittifoqidan paydo bo‘ladigan olamdir.
Yoshlar uchun oiladan keyingi asosiy tarbiyaviy muhit – mahalladir. Mahalla ham xalqimizda azal-azaldan tarbiya o‘chog‘i deb yuritib kelingan. Chunki, “bag‘rikenglik, o‘zaro mehr-oqibat singari noyob insoniy fazilatlar aynan mahalla muhitida kamol topadi. Shu ma’noda, mahallani o‘zini o‘zi boshqarish maktabi, ta’bir joiz bo‘lsa, demokratiya darsxonasi, deb atash mumkin”10.
Darhaqiqat, mahalla instituti tufayli kishilarning xulq-atvori, o‘zaro munosabatlari jamoatchilik fikri asosida tartibga solib turiladi. Tinchlik, xotirjamlikning saqlanishida, har bir oilaning farovon va har tomonlama rivojlanishida, ayniqsa yosh avlod tarbiyasida mahallaning o‘rni beqiyos.
Aksariyat jamiyatlarda oiladan keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamiyat boshlansa, bizda esa “... fuqarolik jamiyati qurishni ma’lum ma’noda tezlashtiradigan, G‘arb mentalitetiga xos bo‘lmagan mahallalar bor. O‘zbek mahallalari tom ma’noda axloqiy tarbiyaning maskani; oila kattalari bolaga qanchalik tarbiya bera olsa, o‘sha oila yashayotgan mahallaning tarbiya borasidagi hissasi ham shuncha bo‘ladi, desak xato qilmaymiz. Buning ustiga, mahallada xalqimizning qadimiy demokratik an’analari hozir ham o‘z kuchini yo‘qotgan emas... mahalla o‘z-o‘zini boshqarish organi sifatida oiladan fuqarolik jamiyatiga o‘tish uchun axloqiy ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. Bunday oraliq bog‘lovchi tuzilma G‘arb olamida yo‘q”11.
Mustaqillik yillarida mahallaning yaratuvchilik qudratiga, ma’naviy-mafkuraviy, tarbiyaviy kuchiga ishonch yanada mustahkamlanib bormoqda. Hozir mahalla milliy qadriyatlarimiz, fazilatlarimizning markazi sifatida yuzaga chiqmoqda. Qolaversa, mahalla o‘tmishdan meros bo‘lib qolgan aholini markazdan turib boshqarish tizimiga barham beruvchi, unga yaqindan yordam ko‘rsatuvchi o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatida, yaxlit tizimni ifoda etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 1 dekabrdagi “Mahalla” xayriya jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori mazkur jamg‘armaning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotida tutgan o‘rnining tobora oshib borayotganini e’tiborga olib uning faoliyatini yanada takomillashtirish vazifasini ilgari surdi.
“Mahalla” xayriya jamg‘armasining asosiy vazifalari O‘zbekiston aholisining tarixan tarkib topgan udum va an’analarini avaylab-asrash va boyitishga har tomonlama ko‘maklashish, kam ta’minlangan oilalar, nogironlar, yetimlar va yolg‘iz qolgan qariyalarga nisbatan insonparvarlik va mehr-shafqat g‘oyalarini targ‘ib qilish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, bozor iqtisodiyoti sharoitida mahallalarni ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy rivojlantirishga ko‘maklashishdan iborat.
Shuningdek, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularni terroristik va diniy ekstremistik g‘oyalarga qarshi kurash ruhida tarbiyalash, kasb-hunarga, mehnatga ishtiyoqini oshirish, mehnatga yaroqli, lekin vaqtincha ishsiz bo‘lganlarni ish bilan ta’minlash, buning uchun mahalla hududida kichik korxonalar, shirkatlar va boshqa ish joylarini tashkil etish ham jamg‘armaning asosiy vazifalaridandir.
Prezidentimiz I.A.Karimov tomonidan 2003 yilning “Obod mahalla yili” deb e’lon qilinishi jamiyatimizda mahallaning o‘rni, vakolatini kengaytirish, uning aholi orasida ta’sirini oshirishga keng yo‘l ochdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod mahalla yili” dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasini tuzish to‘g‘risidagi Farmoyishida mazkur dastur pirovard natijada aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga, uning joylarda jamoa bo‘lib yashashi bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda, fuqarolik institutlari, fuqarolik hokimiyati tizimini barpo etishda mahallaning o‘zini o‘zi tashkil etish va boshqarish darajasini yuksaltirishga xizmat qilishi zarurligi ta’kidlandi12.
Bundan tashqari 2004 yilni “Mehr-muravvat yili”, 2005 yilni “Sihat-salomatlik yili”, 2006 yilni “Xomiylar va shifokorlar yili”, 2008 yilni “Yoshlar yili” va nihoyat, 2009 yilni “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili”deb nomlanishi ham mahalla institutining ijtimoiy ahamiyatini oshirishga xizmat qildi.
Mahalla, shubhasiz, insonni tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etadi. Chunki bola mahallada ulg‘ayadi, ilk urf-odatlar va milliy an’analar to‘g‘risida tasavvurlarga ega bo‘ladi.
Oila mahalla jamoasi bilan qanchalik bir-biriga, ayniqsa yosh avlodga e’tibor bilan yashasa, hamkorlik qilsa, shu mahalla osoyishta bo‘ladi va uning har bir a’zosi jamiyatda o‘z o‘rnini topadi, salbiy g‘oyalarning kirib kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mustaqillik yilarida mahalla kengashi va oqsoqollarining vakolatlari kengaytirildi, ularga mas’uliyatli vazifalar belgilab berildi. Bu borada Prezidentimiz I.A.Karimov o‘rinli ta’kidlaganidek, “Davlatchiligimiz tarixida birinchi marta “mahalla” tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi qat’iy belgilab qo‘yildi. Mahalla boshqaruviga bunday katta e’tibor bugun mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatning xalqchilligidan dalolat beradi. Ayni paytda u yurtimizda amalga oshirilayotgan “Kuchli davlatdan - kuchli jamiyat sari” degan tamoyilning amaliy ifodasi bo‘lib, ma’naviy hayotimizni yanada mustahkamlash, yosh avlodimizning ongu tafakkurini zamonaviy asosda shakllantirish borasida muhim ahamiyat kasb etmoqda”13.
A.Ibrohimovning ta’kidlashicha, “O‘zbek mahallasining asrlar bo‘yi shakllangan, ajdoddan avlodga o‘tib kelayotgan o‘z qonun-qoidalari bor. Mahallada har bir farzandga yetti qo‘shni ota-onalik qiladi: tergashi, dakki berishi, nasihat qilishi, maslahat berishi mumkin. Bularga yoshlar quloq soladi... Mahalla idorasida biror fuqaro xulq-atvorining muhokama qilinishi sud majlisidagi muhokamadan kuchliroq va ta’sirliroqdir”14.
Ijtimoiy tashkillashuvning betakror shakli bo‘lgan mahalla bir qator funksiyalarni bajaradi. Ular quyidagilardir:
Do'stlaringiz bilan baham: |