Dars o‘quv maqsadi: Mustaqillik va yangi g‘oyalar tizimining shakllanish jarayonini yoritib berish.
Tushunchalar va tayanch iboralar: «milliy istiqlol g‘oyasi», «demokratik qadriyatlar», «bunyodkor g‘oyalar», “vijdon erkinligi”, “sharqona demokratiya”, “millatlararo xamjixatlik”, “demokratik g‘oyalar”, “mentalitet”, “mafkuraviy tashviqot”, “mafkuraviy kurash”, “milliy demokratik tamoyillar”.
Asosiy savollar.
Milliy istiqlol mafkurasi va uning tamoyillari.
Vijdon erkinligi umuminsoniy tamoyillardan biri sifatida.
Fikrlar rang-barangligini qaror toptirish — demokratik jamiyat barpo etishning asosiy sharti.
Umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi, milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tamoyillaridan biri sifatida.
Milliy qadriyatlarga sodiqlik tamoyilining mohiyati.
Milliy istiqlol g‘oyasining inson ma’naviy olami bilan o‘zaro aloqadorligi.
Oila tarbiya makoni sifatida.
Sobiq ittifoqning g‘oyalar tizimi, uning o‘zgarishi xamda oqibatlari.
Mustaqillik davrida O‘zbekistonda o‘ziga xos yangi g‘oyalar tizimining shakllanish dialektikasi.
“Sharqona demokratiya” tushunchasi va uning o‘ziga xos xususiyatlari.
Shaxs erkinligi g‘oyasi, milliy istiqlol mafkurasining tayanchi sifatida.
Mustaqillikni mustaxkamlash jarayonida mafkuraviy omillar samarasini oshirish yo‘llari, imkoniyat va vazifalari.
Asosiy o‘quv materiali qisqacha bayoni: Milliy istiqlol mafkurasi jahon andozalariga, xalqaro huquq qoidalariga to‘la mos keladigan quyidagi tamoyillar asosida amal qiladi:
umuminsoniylikning ustivorligi;
milliy qadriyatlarga sodiqlik;
insonparvarlik;
vijdon erkinligi;
fikrlar rang-baranligi;
demokratiya, kuchli davlatdan - kuchli jamiyatga o‘tish;
jamiyat hayotini erkinlashtirish va boshqalar.
Milliy istiqlol mafkurasi tamoyillari bir-biri bilan uzviy aloqadordir. Ular o‘z navbatida umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligi talablariga to‘la-to‘kis mos keladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida jamiyat hayotining, xususan mafkuraviy jarayonlarning xam huquqiy me’yorlari aniq belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaning 12-moddasida «O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas», deyilgan.
Albatta, davlat jamiyat siyosiy tizimining o‘zagi, mamlakat barqarorligi va izchil taraqqiyoti uchun mas’ul bo‘lgan siyosiy institutdir. Shu ma’noda, u jamiyatning o‘z milliy g‘oyalari atrofida mustahkam jipslashuvi, fikrlar rang-barangligi va qarashlar xilma-xilligi asosida hayotda mafkuraviy jarayonlarning muvofiqlashuvidan manfaatdor. Bosh islohotchi sifatida davlat ijtimoiy-siyosiy barqarorlik, milliy xavfsizlik, kelajak hayot manfaatlaridan kelib chiqib, jamiyatda milliy istiqlol g‘oyalarini keng yoyish borasida faoliyat olib boradi.
Buni xorij tajribasidan ham ko‘rishimiz mumkin. Bu mamlakatlarda yuzaki qaragandagina, g‘oyaga, mafkuraga u qadar katta e’tibor berilmayotgandek tuyuladi, xolos.
Masalan, Amerika Qo‘shma Shtatlarini olaylik. Bu yerda har bir inson ongiga «Sen — amerikaliksan, ozod insonsan, sening erkinligingga daxl qilishga hech kimning haqqi yo‘q», degan tushuncha bolalikdan singdirib boriladi. Shuning uchun ham bu mamlakat fuqarosi, dunyoning qay burchida bo‘lmasin, «Men - amerikalikman» deb g‘ururlanib yuradi.
Milliy istiqlol g‘oyasi insonparvarlik tamoyiliga amal qilishni taqozo etadi. Mamlakatimizda insonparvar va demokratik jamiyat barpo etilmokda. Biz xalqimizning muqaddas qadriyatlari hamda ulkan tarixiy merosiga tayanib, shuningdek, umume’tirof etilgan demokratik tamoyil va me’yorlarga rioya qilgan holda, insonparvar jamiyat barpo etmoqdamiz. Bugunga kelib mustabid tuzum asoratlaridan, uning g‘ayriinsoniy g‘oyalaridan, shuningdek, yakka mafkurachilik amalidan xalos bo‘ldik.
Hozirgi murakkab rivojlanish bosqichida O‘zbekistonning demokratik istiqbolini jamiyatda insonniig tub manfaatlariga mos ijtimoiy munosabatlarni shakllantarish orqaligina ta’minlash mumkin. Bunda inson va jamiyat manfaatlari uyg‘unligini belgilab beruvchi tayanch nuqta va jipslashtiruvchi kuch — milliy g‘oyaning insonparvarlik va demokratik tamoyillari bo‘lib hisoblanadi.
Millat tafakkuri, ruhiyati va fikrlash tarzi qarashlar xilma-xilligini aslo inkor etmaydi. Xalqimizning «Kengashli to‘y tarqamas», degan maqoli ham fikrimizni tasdiqlaydi. Umumbashariy demokratik tamoyillarning hayotimizdan mustahkam o‘rin olishi ma’naviy kuch-qudratimiz timsoli bo‘lgan milliy g‘oyada aks etgan insonparvar tuzum, barqaror taraqqiyot, xavfsizlik, milliy davlatchilikning ma’naviy tayanchlari nechog‘lik mustahkam bo‘lishiga bog‘liq.
O‘zbekiston Konstitutsiyasida va mamlakatimiz qonunlarida fuqarolarimizning huquqlari to‘la kafolatlangan. Bu huquqiy asosga tayangan holda g‘ayriinsoniy qarashlarning hayotimizga ta’siridan mutlaqo xalos bo‘lish, millatning kuch-qudratini zaiflashtiruvchi ayrim ma’naviy nuqsonlarga barham berish jarayoni izchil amalga oshirilishi kerak. Bu esa demokratiya mohiyatini tom ma’noda anglab yetishni, hokimiyat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar tizimi va madaniyatini yuqori saviyaga ko‘tarishni talab etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |