Geografik muhit tushunchasi. Tabiiy muhit ayrim kishilar hayotiga ta'sir ko‘rsatishi odatda ko‘pgina aniq-ravshan sabablarga ko‘ra jiddiy shubha uyg‘otmaydi. Shunga qaramay, ijtimoiy-tarixiy jarayon yoki moddiy ishlab chiqarishning rivojlanishi to‘g‘risida so‘z yuritilgan holda ular tabiiy sharoitga bog‘liq bo‘ladimi, agar bog‘liq bo‘lsa, bu nimada aks etadi, degan savol tug‘iladi. Shu munosabat bilan «geografik muhit» tushunchasining tahlili muhim ahamiyat kasb etadi. Bu tushuncha fan va falsafada mazkur mavzuni muhokama qilish chog‘ida unga ma'no jihatidan yaqin bo‘lgan «tabiat», «tabiiy muhit», «atrof borliq» kabi atamalar bilan bir qatorda faol qo‘llaniladi, ammo o‘z mazmunida ularga bog‘lanmaydi.
Geografik muhit – bu yer tabiatining inson faoliyati doirasiga jalb qilingan, jamiyat mavjudligi va rivojlanishining zaruriy omili hisoblanadigan qismidir. Ayni holda turli parametrlar: hudud, iqlim, resurslar, landshaft, joy relefi va shu kabilarning ijtimoiy rivojlanish sur'atlari va xususiyatiga ta'siri to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |