Korraziya (lotincha-qirmoq, qirib tashlamoq) -shamol ta'sirida tog' jinslarining qattiq zarba ostida yemirilib turli shakllarga kirishi. Shamol korraziyasi natijasida “tosh qo'ziqorinlar”, “tosh ustunlar', “odamtoshlar”, tokchasimon o'yiqlar va boshqalar hosil bo'ladi. Toshloq cho'llarda (Shimoliy Afrikada- hamada, serir, Farg'ona vodiysi va Eronda-dasht) shamolning yer yuzasiga yaqin qismida qum ko'p bo'ladi. Shuning uchun u tog' jinslarini tepasiga qaraganda tagini ko'proq yemirishi natijasida “tosh qo'ziqorinlar” hosil bo'ladi.
13-rasm. Korraziya ta'sirida shakllangan tosh qo'ziqorinlar.
Shamol korraziyasi cho'llardagi shamolga ro'baro bo'lgan qoyalarni o'ydim-chuqur qilib, o'tkir qirralar va chuqurliklar hosil qiladi. Qoyalar yuzasida esa jimjimador asalari iniga o'xshash ajoyib shakllar hosil qiladi. Shunday ajoyib shakllarni So'x va Isfara daryolari adirlarida hosil qilgan vodiylarining shamolga ro'bar obo'lgan yonbag'irlarida uchratish mumkin.
Bundan tashqari korraziya jarayoni cho'l mintaqasida ham faol rivojlanadi. Masalan, Ustyurt chinklariga Orol dengizi tomonidan esuvchi sharqiy shamollar ta'sirirda ham tog' jinslari yemirilib turli g'aroyib shakllarga kirgan.
Respublikamizning adir mintaqasidan yuqori, tog' mintaqasining quyi qismlarida ham korraziyaning tog' jinslariga ta'sirini ko'rishimiz mumkin. Nurota tog' tizmasining tarmog'i bol'gan Oqtog'ning janubiy yonbag'rida ham bahaybat harsang tosh (sangi jiman-tojikcha “tebranuvchi, qimirlovchi tosh” degani) shakllangan. Mazkur tosh Sangijumansoyi bo'yida 900 metr balandlikda joylashgan bo'lib, tog' yuzasidan bo'rtib ajralib turadi. Uning aylanasi 20 metr, balandligi 6 metr, og'irligi esa 250 (ayrim adabiyotlarda 40) tonnadan ortiqdir.
Bubahaybat toshni g'arb tomonga qarab ko'tarsa qimirlaydi va 70-10 martagacha qimirlaydi. Shunga o'xshash korraziya ta'sirida shakllangan toshlarni Turkiston (Zomin davlat qo'riqxonasidagi 15 metr balandlikdagi tosh minora, tosh qo'ziqorin shakllari), Zarafshon tizmasi (dinozavrlar jangini eslatuvchi qoya, Langar qishlog'idagi g'aroyib qoyalar) da ham ko'rishimiz mumkin.
Mavzuga oid savol va topshiriqlar.
Eol jarayonlar deganda nimani tushunasiz ?
Eol jarayonlar ta'sirida qanday relief shakllari hosil bo'ladi?
Shamolning yemirish ishiga nimalar kiradi?
Barxanlar qanday shakllanadi?
Barxan bilan dyuna qanday farqlanadi?
Korraziya nima ?
Yardanglar qanday hosil bo'ladi?
Muzliklar bilan bog'liq holda shakllanuvchi tabiiy geografik jarayonlar.
Atmosferadagi nam qutbiy mintaqalarda dengiz sathida, mo''tadil va issiq mintaqalarda esa troposferaning o'rta hamda yuqori qatlamlarida asosan qattiq holda bo'ladi. Bu yerlarda yog'in qor tarzida tushadi va agar sharoit bo'lsa, (qutbiy geografik kengliklardagi materik va orollarda, o'rtacha hamda tropik kengliklardagi baland tog'larda) bu qor yil bo'yi erimay to'plana boradi va muzga aylanadi. Yerdagi xionosfera (grekcha xionos-qor demak) deb atalmish doimiy qor va muzliklar sferasi ana shunday hosil bo'ladi. Xionosferani dastlab V.M. Lomonosov ajratib uni sovuq atmosfera deb atagan; «xionosfera» terminini fanga 1939 yil S.V. Kalesnik kiritgan. SHunday qilib, xionosfera: a) qor va muz hosil bo'lishi uchun nam beruvchi gidrosferaning; b) bu namni u-erdan bu yerga olib boradigan va qattiq holatda saqlaydigan atmosferaning; v) yuzasida muz qobig'i vujudga kelishi mumkin bo'lgan litosferaning o'zaro ta'siri natijasidir.
Aytib o'tilgan mana shu uch omildan birontasi bo'lmasa, doimiy qorlar bo'lishi mumkin emas. Binobarin, doimiy qor qobig'i ham yoppasiga tarqalgan emas. Qor qobig'i qor to'planishi uchun qulay sharoit bo'lgan joylardagina vujudga keladi.
Xionosferaning maydoni uncha katta emas-salkam 16 mln. km2 bo'lib, quruqlik yuzasining atigi 11 % ini tashkil etadi.
Muz qobig'ida nihoyatda ko'p-salkam 30 mln. km3 suv to'plangan bo'lib, bu suv barcha daryo va ko'llar suvini birga qo'shgandagidan ham bir necha baravar ko'pdir. Bu suvning 28 mln. km3 i Antarktidaga to'g'ri keladi.
Muzlarning umumiy hajmi juda katta bo'lib, agar ushbu muzlar erisa, Dunyo okeanining sathi 50-60 m ga ko'tarilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |