Aysberglar. Barcha oylardagi harorati 0° dan past bo'ladigan qutbiy zonalarda quruqliklardan dengizga tomon bo'lgan oqim muzliklar orqali ro'y beradi. Dengizga yetib boradigan kichikroq muz massalarini suv to'lqini sindirib yuboradi va ular suvda erib ketadi. Materikdan siljib keluvchi va juda katta shelbf muzliklari dengizda uzoq-uzoqlarga kirib borib, g'oyat katta muzlarga ajralib ketadi. Dengizda suzib yuruvchi bu muzlar muz tog'lari yoki aysberglar deb nom olgan. Dengiz oqimlari aysberglarni o'rtacha geografik kengliklardan 50-40° gacha, hatto 36° kenglikkacha olib ketadi va ular bu yerda erib ketadi.
Arktika aysberglari Antarktika aysberglaridan birmuncha farq qiladi. Arktika aysberglarining yuzasi notekis, do'ng, uzunligi bir necha kilometr, balandligi o'rta hisobda 70 m, ba'zan suv betidan 100 m balandga qad ko'tarib turadi. Antarktika aysberglari g'oyat katta muz qalqonining bo'laklaridan iborat bo'lib, yuzasi supasimon yassi, uzunligi 100 km, suv betidan bo'lgan balandligi 100, 300 va hatto 500 m keladi.
Arktika orollarida va Grenlandiya qirg'og'ining asosiy qismlarida, qor chegarasi dengiz sathidan balanddan o'tadi. SHu sababdan uning sohillaridagi muzdan holi joylar ba'zi orollarda ko'proq, ba'zilarida kamroq. Arktikaning sernam Atlantika okeani tomonida muzlanish juda kuchli bo'lib, u yog'in miqdorining kamayib borishiga qarab Bering bo'g'ozi tomon qisqara boradi.
Grenlandiyada, uning 2186 ming km2 umumiy maydonidan 1700 ming km2 ini yoki 83% ini muz band qilgan. Orol bir-biriga tutashgan ikki-uchta gumbazdan iborat g'oyat katta muz qalqoni bilan qoplangan. Uning uzunligi 2400 km, o'rtacha qalinligi 1500 m, eng qalin joyi 3400 m. Agar bu muz erib ketsa, Dunyo okeanining sathi 7 m ko'tarilgan bo'lur edi. Muz bosgan yassi tog'ning eng baland nuqtasi-3157 m, uzunligi 200 km ga boradigan siljuvchi muzliklar dengizga «oqib» tushib aysberglar hosil qiladi. Sohilda muzliklarning boshqa tiplari ham bor. Sohillarning ko'p joylarida muz yo'q.
Dengiz iqlimli va baland yer yuzasi parchalanib ketgan SHpitsbergenda muzliklar hosil bo'lishi uchun sharoit qulaydir. Hududining 90% ini muzlar egallaydi. Ular orasida muz qalqonlari va muzdalalari, SHpitsbergen tipidagi muzliklar ustun turadi, shelbf muzliklari va siljuvchi muzlar ham bor.
Frans-Iosif Yerining 87 %i muz bilan qoplangan. Muzliklar asosan sidirg'a tarqalgan bo'lib, materik muzliklaridir.
Novaya Zemlya orollarida vodiy muzliklari Matochkin shar bo'g'ozi yaqinida uchraydi. Shimolida maydoni 24000 km2, qalinligi 300-700 m keladigan muz qalqoni bor. Severnaya Zemlya orollarida qoplama muzliklar tarqalgan bo'lib, ular arxipelag maydonining 45% ini band qilgan. Delong va Vrangel orollari iqlimi kontinental iqlim bo'lganligidan bu yerlarda yakka-yakka kichik muzliklar uchraydi.
Shimoliy Atlantika oqimidan g'arbga va sharqiy Arktikaga tomon iqlimning kontinentallasha borishi bilan muzliklar kamaya boradi. Kanada orollarining 3550% i muz bilan qoplangan. Bu yerlarda muz dalalari va muz gumbazlari ko'p; ko'p joylarda muzliklar dengizgacha tushib kelgan.
Antarktidada xionosferaning chegarasi dengiz sathigacha, hatto bundan ham past tushib keladi, shu sababdan butun Antarktida yoppasiga qor qoplab yotadigan o'lkadir. Muzlanish shu qadar kattaki, muz butun materikni qoplab olgan; tevarak- atrofdagi orollarni ham muzbosgan, ular orasidagi bo'g'ozlarni to'ldirgan va shelbf muzliklari hamda suzib yuruvchi muzliklar tarzida dengizga oqib tushgan. Bu yerda-muzlanishning ikki markazi bor: biri sharqiy Antarktidadagi materik muzligi, ikkinchisi g'arbiy Antarktidada, bu muzlikning ko'p qismi dengiz sathidan pastda va aftidan orollar tarzida tarqalgan. Antarktidaning chekkalarida muzdan holi «vohalar»-qahraton sovuq sahrodan iborat joylar va nunataklar bor. Nunataklar- muzliklar bo'ylab yuqoriga tomon ko'tarilib turgan qoya- ona jins qatlamlaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |