3-ЖавобOrganizm fenotip va genotipning bir-butunligi maxsulidir. Ba’zi mualliflar organizm ega bo’lgan belgilarni ham fenotipik va genotipik tiplarga bo’ladilar. Ularning taksonomik ahamiyati turlicha bo’lib, shunga mos ravishda ular bo’yicha materiallar yig’ish hamda tahlil etishda turlicha yondashuvni talab etadi. Shunday qilib taksonomik tadqiqotlar amaliyotida belgiga ikki xil: fenotipik va genotipik yondashuv mavjud.
Fenotipik yondashuvorganizmning yuzaga chiqgan (ro’yobga chiqgan) belgilari kompleksi ya’ni fenotipi tahlil qilishga asoslanadi.
Fenotip tabiiy tanlanishning bevosita ta’sir etish obyektidir. Undagi o’zgarishlar tashqi ta’sirlar kompleksi va populyatsiyaning o’sha ta’sirlarga javob strategiyasi natijasidir. Bu strategiyalarning o’xshashligi, fenotiplar o’xshashligiga olib keladi. Fenotiplar o’xshashligi turlicha genotiplar asosida paydo bo’lishi mumkin, ya’ni konvergent xarakter namoyon qilishi mumkin. Shunday qilib, fenotip organizmlar o’rtasidagi qarindoshlikning ishonchli me’zoni bo’la olmaydi. Fenotipik struktura organizmlar o’rtasidagi o’xshashlikning me’zoni bo’la oladi xolos.
Ammo organizmlar (turlar) ta’riflanadigan belgilarning deyarli barchasi fenotipik belgilardir. Shuning uchun ham bir necha asrdan buyon fenotipik belgilar asosida evolyutsiyaning kechishini rekonstruksiya qila oladigan uslublar qidirilmoqda.
Fenotipik yondashuvning asosiy muammosi shundaki, har bir organizm minglab hatto millionlab belgilarga ega bo’ladi. Ularning hammasini taksonomiyada qo’llash amalda imkonsiz, bundan tashqari jarayonning ko’p mehnat talab etishi va olinadigan klassifikatsiyaning chalkashligi tufayli maqsadga muofiq bo’lmaydi Juda ko’p ahamiyatsiz belgilarni qayta ishlash, ahamiyatli belgilarning noto’g’ri baholanishiga sabab bo’lishi mumkin. Shuning uchun taksonomistlar odatda ozroq fentipik belgilar ichidan eng ahamiyatlilarini tanlab olib, taksonomiyada qo’llaydilar. Belgining ahamiyati uning taksonomik vaznini belgilaydi.
Taksonomik vazn – belgining tirik organizmlarni klassifikatsiyalashda qo’llanilishiga ko’ra ahamiyati.
Belgining taksonomik vaznini aniqlash jarayoniga belgilarni tarozilash deyiladi. Belgilarni tarozilash subyektiv yoki alohida matematik va mantiqiy amallar hisobiga obyektiv bo’lishi mumkin.