O`zbekiston Respublikasida “Standartlashtirish xizmati”
Respublika standartlashtirish bo`yicha ishlarning tashkil etilishini, muvofiqlashtirilishini va ishlarning maqbul darajada olib borilishini quyidagi idoralar ta`minlaydilar:
tarmoqlararo yo`nalishga belgilangan mahsulot bo`yicha - “O`zstandart” agentligi;
qurilish va qurilish sanoati, loyihalash va konstruksiyalash bo`yicha - O`zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi;
tabiiy resurslardan foydalanishni yo`lga qo`yish, atrof-muhitni ifloslanishdan va boshqa zararli ta`sirlardan muhofaza qilish sohasi bo`yicha - O`zbekiston Davlat tabiatni muhofaza qilish qo`mitasi;
tibbiyot yo`nalishidagi mahsulotlar, tibbiy texnika buyumlari, dorivor moddalar va respublika sanoati ishlab chiqaradigan mahsulot tarkibida inson uchun zararli moddalar miqdorini tartibga solish sohasida - O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi.
O`zbekiston Respublikasida standartlashtirish bo`yicha ishlarni vazirliklar, texnikaviy qo`mitalar, korxonalar, birlashmalar va boshqa manfaatdor tashkilotlarning istiqbolli rejalari asosida tuzilgan yillik reja bo`yicha “O`zstandart” agentligi amalga oshiradi.
Respublika standartlashtirish rejasiga birinchi navbatda milliy standartlar talablari bilan uyg`unlashtirishni, kishilarning hayoti va sog`ligi uchun xavfsizlikni, atrof-muhitni muhofaza qilishini, iste`molchilar huquqining himoya qilinishi, milliy ijtimoiy-iqtisodiy va milliy texnikaviy dasturlarning amalga oshirilishini ta`minlaydigan milliy standartlarni ishlab chiqish kiritiladi.
O`zstandart agentligi, Davarxitektqurilish qo`mitasi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qo`mitasi, Sog`liqni saqlash vazirligi (biriktirilgan sohalar bo`yicha) respublika standartlarini ko`rib chiqadilar, tasdiqlaydilar, ularning qo`llanish muddatini cho`zadilar va bekor qiladilar hamda unga o`zgartirishlar kiritadilar.
Respublikada ishlab chiqilgan standartlar va ularga o`zgartishlar tasdiqlanishi darajasidan qat`iy nazar O`zstandart davlat ro`yxatidan o`tkazilishi lozim.
Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va shaharlarda standartlash-tirish bo`yicha ishlarni tashkil qilish, muvofiqlashtirish va uning muqobil darajasini ta`minlash ishlarini O`zstandart, O`zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qo`mitasi va Sog`liqni saqqlash vazirligining tegishli hududiy idoralari va boshqarmalari amalga oshiradi.
Sanoat va qishloq xo`jaligi tarmoqlarida standartlashtirish bo`yicha ishlarni tashkil qilish va ularni muvofiqlashtirish uchun zaruriyat bo`lgan hollarda, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar va boshqa xo`jalik tuzilmalarida bo`linmalar (xizmatlar) va (yoki) fan-texnikaning tegishli sohalaridagi yuqori ilmiy-texnikaviy imkoniyatlarga ega bo`lgan tashkilotlarda standartlashtirish bo`yicha tayanch tashkilotlari tuziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |