Fanning rivojlanish tarixi
Elektr yuritma tarixi XIX asrning birinchi yarmidan boshlanadi. G.X. Ersted (1777-1851) tomonidan tokli o‘tkazgich va magnit maydonini mexanik o‘zaro ta’siri qonunini (1819 y), shuningdek M. Faradey tomonidan (1791-1867) elektromagnit induksiya qonunini (1931 y) ochilishi amaliy elektrotexnikaning rivojlanishi uchun juda kuchli turtki bo‘lib xizmat qildi. 1834 yildayoq, rus akademigi B.S. Yakobi (1801-1874) akademik E.X. Lensning (1804-1865) bevosita ishtirokida ushbu qonunlarga asoslangan aylanma harakat elektr dvigatelini loyixalashtirdi va 1838 yilda birinchi o‘zgarmas tok dvigatelini yaratdi.
M.O. Dolivo-Dobrovolpskiy (1862-1919) tomonidan o‘zgaruvchan tokning uch fazali uzatish sistemasini, transformator va asinxron dvigatelni yaratilganligi (1888-1889 yillar) elektr yuritmani butunlay keyingi rivojlanishi uchun buyuk a’amiyatga ega bo‘ldi.
asr oxiri va XX asr boshlarida elektr yuritmalar sanoatga jadal joriy qilina boshlandi. O‘sha davrda Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Rossiyaning elektrotexnik jurnallarida quyidagi masalalar keng yoritilgan: turli ko‘rinishdagi ko‘taruvchi - transport mexanizmlar, prokat ishlab chiqarish, metall qirquvchi dastgoxlarning elektr jixozlari, tekstil, sement, tegirmon va boshqa ko‘rinishdagi ishlab chiqarishlarning elektr jixozlari va ularni elektrlashtirish.
Xuddi shu vaqtning o‘zida yangi amaliy fan - elektr yuritma nazariyasi asoslari ham yaratila boshlandi. Elektr mashinalarning qizish nazariyasi ishlab chiqildi. Ushbu nazariya dvigatel quvvatini tanlash usullarini yaratish uchun asos bo‘ldi (1910-1920 yillar - X.Brotton, G.Foks, S. Pappe va boshqalar). Shu yillarda, turli dvigatellarning tezligini parametrik rostlash va ishga tushirish uchun rezistorlarni hisoblash bo‘yicha ko‘plab materiallar yig‘ildi. Mexanik xarakteristikalarni hisoblash usullari va dvigatellarni tok va e.yu.k funksiyasida avtomatik ishga tushirish prinsiplari ishlab chiqildi.
asrning qirqinchi yillarigacha elektr yuritmalarning statik va dinamik xarakteristikalarini o‘rganish, ularni avtomatik boshqarish prinsiplarini yaratish, shuningdek yuritmalarning energetik ko‘rsatkichlarini yaxshilash masalalarini xal qilish amalga oshirildi.
40-50 yillardagi avtomatikaning elektr mashinali va elektr magnitli sistemalarining juda tez rivojlanishi, nafaqat elektr yuritmalarning ishonchliligini ortishi, balki ular harakatini boshqarishning yanada murakkabroq qonunlarini shakllantirish imkonini ham yaratdi. Shuning uchun, bu yillarda elektr yuritma nazariyasining muxim muammolari sifatida turli ko‘rinishdagi yopiq boshqarish tizimlaridan foydalanish natijasida elektr yuritmalarning ratsional dinamik rejimlarini o‘rganish va shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Elektr yuritmalarni boshqarish elementlari, elektr mashinali va magnitli kuchaytirgichlarni turli korreksiyalovchi qurilmalarni amalga oshirish usullarini, elektr yuritma tizimini tadqiqot qilish va loyixalashtirishda avtomatik boshqarish nazariyasi usullaridan foydalanishni o‘rganishga qiziqish ortdi.
60-70 yillarda, sanoat elektronikasi va kuchli tokli yarim o‘tkazgichlar texnikasining taraqqiyoti sababli, elektr yuritmalarning texnikaviy bazasini tubdan o‘zgartirishi boshlandi. Unda faqat elektromexanik energiya o‘zgartirgichi sifatida elektr dvigatel saqlab qolindi. Yuritmaning kuchli tokli qismida turli statik o‘zgartirgichlarni qo‘llash, elektromexanik tizimning tezkorligini keskin orttirdi. Bunga elektron yarim o‘tkazgichli boshqaruv tizimlaridan foydalanish ham sabab bo‘ldi. T.A. Glazenko - Leningradda, Yu.N. Konev, V.A.Labunsov va Yu.G. Tolstov - Moskvada, G.V.Grabovetsskiy - Novosibirskda, O‘zbekistonda esa M.Z. Xomudxonov tomonidan kuchli tokli o‘zgartkichlar texnikasining yetakchi ilmiy maktablariga asos solindi.
Elektr yuritma tushunchasi
Zamonaviy sanoat va qishloq xo‘jalik ishlab chiqarish juda ko‘p ko‘rinishdagi texnologik jarayonlar bilan xarakterlanadi. Ularni amalga oshirish uchun esa minglab xar xil turdagi mashina va mexanizmlar yaratilgan. Masalan, material va maxsulotlarni qayta ishlash dastgoxlar, prokat stanlari va presslarda amalga oshiriladi; qattiq jism va buyumlarni, gaz va suyuqliklarni boshqa joyga ko‘chirishda esa konveyerlar, ko‘tarish kranlari, eskalatorlar, nasoslar va kompressorlardan foydalaniladi.
Shuni tapkidlash kerakki, yuqoridagilar kabi va ko‘plab boshqa mashina va mexanizmlar shaxar kommunal xo‘jaligi, meditsina texnikasi, turmush, aloqa, qurilish va transportda xam keng ishlatiladi.
Ishlab chiqarish mashinasi (yoki ishchi mexanizmi) bir qancha o‘zaro bog‘langan qismlar va uzellardan tuzilgan bo‘lib, shulardan biri mexanik harakatni amalga oshirish orqali berilgan texnologik jarayonni bevosita bajaradi, shuning uchun u
ijro organi deb ataladi.
Ko‘pgina xollarda ijro organining -dastgox shpindeli, prokat stanining valiki, lift kabinasi, konveyer tasmasining harakat tezligini rostlash talab qilinadi. Ba’zida esa ijro organlari harakat yunalishini o‘zgartirish (reverslash) zaruriyati xam tug‘iladi.
Ijro organi o‘zining harakati jarayonida, ishqalanish yoki yerni tortilish kuchlari, materiallarni egiluvchan va plastik deformatsiyalari orqali vujudga keladigan harakatga qarshilikni bartaraf qiladi.
Shunday qilib, ijro organi, texnologik jarayonni bajarish uchun talab qilinadigan (ba’zida rostlanadigan) tezlik bilan mexanik harakatni bajo keltirishi bunda qarshilik kuchini bartaraf qilishi kerak bo‘ladi.
Buning uchun, ijro organiga, aloxida qurilma orqali muayyan mexanik energiyani keltirib berish lozim, ushbu qurilma o‘zining vazifasiga ko‘ra
yuritma nomini olgan.
Yuritma mexanik energiyani, boshqa turdagi energiyalarni o‘zgartirish natijasida xosil qiladi. Foydalanilayotgan energiya turiga qarab gidravlik, pnevmatik, issiqlik va elektr yuritmalar farqlanadi. Hozirda ishlab chiqarish, kommunal xo‘jalik va boshqa tarmoqlarda
elektr yuritma eng ko‘p qo‘llanishga egadir, u xosil qilinayotgan elektr energiyaning 60 foizdan ko‘prog‘ini iste’mol qiladi.
Elektr yuritmaning bunday keng qo‘llanishi, uning boshqa ko‘rinishdagi yuritmalarga nisbatan bir qator afzalliklari va o‘ziga xos xusiyatlari bilan belgilanadi:
o‘zga turdagi energiyalarga, shu jumladan mexanik energiyaga xam, o‘zgartirilishi va o‘zining tarqatilishi eng tejamli bo‘lgan elektr energiyadan foydalanganligi;
quvvati va tezligini o‘zgarish doirasining kengligi: zamonaviy elektr yuritmalarining quvvat diapazoni vattning yuzdan bir ulushidan o‘n minglab kilovatt orasida bo‘ladi, aylanish chastotasi esa valning bir minutdagi aylanish ulushlaridan bir necha yuz ming bir minutdagi aylanishgacha chegaralanadi;
turli tuman shart-sharoitlarda ishlashi mumkinligi: agressiv suyuqlik va gazlar muxiti, kosmik fazo sharoitlari, past va yuqori xaroratlar va boshqalarda. Elektr dvigatellarini konstruktiv bajarilishining ko‘p turliligi esa elektr yuritmani ishchi mexanizm bilan qulay biriktirish imkoniyatini beradi;
oddiy vositalar yordamida ijro organi harakatining xar xil va murakkab turlarini xosil qilish, shuningdek harakat yo‘nalishi va uning ko‘rsatkichlarini-tezligi va tezlanishini o‘zgartirish mumkinligi;
ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarni avtomatlashtirishni o‘ngayligi, elektr yuritmani ishlab chiqarishning umumiy avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga osonlik bilan ulash mumkinligi;
yuqori foydali ish koeffitsiyenti (f.i.k.), ishlashdagi ishonchliligi, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun qulay sharoitlari va atrof muxitni iflos qilmasligi.
Hozirgi zamon elektr yuritmalarining imkoniyatlari fan va texnikaning bir - biriga yaqin tarmoqlari-elektr mashinasozlik va elektr asbobsozlik, elektronika va xisoblash texnikasi, avtomatika va elektrotexnika yutuqlaridan foydalanish xisobiga tobora kengayib bormoqda.