Eng yangi davr, birinchi jahon urushining tugashi va 1917 yil Rossiyada Oktyabr to`ntarishidan boshlab, II jahon urushi va urushdan keyingi 1985 yillargacha bo`lgan davrni o`z ichiga oladi. Ushbu davrni ayrim mutaxassislar fikriga ko`ra uch bosqichdan iborat.
Birinchi bosqich (1917-1939 y) ning o`ziga xos xususiyatlari shundan iboratki, ushbu bosqichda dunyo kartasida SSSR (sotsialistik imperiya) ning paydo bo`lishi hamda evropa va dunyoning boshqa qismlarida muhim hududiy o`zgarishlarning sodir bo`lishi bilan xarakterlanadi.
Ushbu davrda Avstriya–Vengriya imperiyasi parchalandi, ko`pgina davlatlarning chegaralari o`zgardi. Yangi mustaqil mamlakatlar–Pol`sha, Finlandiya, Chexoslovakiya, Yugoslaviya (Serbiya, Xorvatiya, Sloveniya qirolliklari) va boshqalar paydo bo`ldi. Buyuk Britaniya, Frantsiya, Bel`giya, Yaponiya mustamlakalari ko`paydi va kengaydi. Millatlar Ligasi (1919 y) tomonidan Germaniya mustamlakalari g`olib davlatlarga mandat bilan vaqtincha boshqarish asosida bo`lib berildi. Jumladan, Tangan`ika Angliyaga “mandat” ga berildi. Togo va Kamerun esa Angliya va Frantsiya o`rtasida bo`lib olindi, Janubiy-G`arbiy Afrika – JAR ga, Shimoliy Sharqiy Yangi Gvineya–Avstraliya Ittifoqiga, Karalin, Marian, Marshall orollari–Yaponiyaga, G`arbiy Samoa orollari–Yangi Zelandiyaga, Nauru orollari–Angliya, Avstriya, Yangi Zelandiyaga berildi.
Rossiyada bol`sheviklar yakka xokimligi ostida Sovet hokimiyati o`rnatilgandan keyin Turkistonda ham muhim o`zgarishlar sodir bo`ldi. Turkiston o`lkasi, Buxoro amirligi, Xiva xonligi o`rnida yangi tuzilmalarni vujudga keltirish asosida mustamlakachilikni yanada mustahkamlash sho`rolar imperiyasi siyosatining asosiy yo`nalishiga aylandi. Dastlab Turkiston muxtoriyati (1917 y.noyabr`–1918y. fevral`), Turkiston ASSRning tuzilishi (1918 y. aprel), Buxoro amirligining tugatilishi (1920 y. avgust) va Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (1920 y. oktyabr`) tuzilishi, (1920 yil boshlari) va Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (1920 yil aprel) tuzilishi ushbu siyosatning natijasidir. 1924 yilda Turkiston, Buxoro va Xorazm Sovet Respublikalari o`rnida O`zbekiston SSR, Turkmaniston SSR, Tojikiston ASSR (O`zbekiston SSR tarkibida), Qoraqirg`iz (Qirg`iz viloyati RSFSR tarkibida) va Qoraqalpog`iston avtonom viloyati (Qozog`iston ASSR tarkibida) tashkil etildi. Ular Rossiya inperiyasi davridagidan metropoliyaga arzon xom ashyo etkazib beradigan mustamlakalar bo`lib qolaverdi. Bulardan tashqari 1918 yilda Afg`oniston (Britaniya imperiyasining ekspantsiyasi ob`ekti) mustaqilligi e`lon qilindi.
1920 yilda Antanta (g`oliblari) mamlakatlari tomonidan San-Remo konferentsiyasida Milliatlar Ligasi tavsiyasiga binoan Turkiya imperiyasining arab mamlakatlaridagi mustamlakalari mandat asosida bo`lib olindi. Angliyaga Falastin, Transiordaniya, Mesopotamiya (Iroq), Frantsiyaga Suriya va Livan berildi. Hijoz mustaqil arab davlati sifatida tan olindi. 1926 yilda “Qo`shilgan viloyatlar bilan Hijoz va Nedja” qirolligi tashkil topdi va uning nomi 1932 yilda Saudiya Arabistoni deb o`zgartirildi.
1923 yilda Nepal mustaqilligi e`lon qilindi. 1931-1932 yillarda Yaponiya Xitoydan Manchjuriyani va Ichki Mongoliyaning bir qismini tortib oldi. 1937 yilda Xitoyni bosib olish uchun kurash boshlandi. Italiya 1935-1936 yillarda Obessiniyani (Efiopiya), 1939-yilda Albaniyani istelo qildi.
Gitler Germaniyasi 1938-1939 yilda Avstriyani bosib oldi, Chexoslovakiyani bo`lib tashladi. 1939 yil sentyabrida Germaniya Pol`shaga xujum boshladi va ikkinchi jahon urushining boshlanishiga olib keldi. Urush davomida Germaniya qator evropa mamlakatlarini bosib olish uchun harbiy harakatlarni boshladi. 1941 yilda Yaponiya Janubiy sharqiy Osiyo va Tinch okeaniga boshqa imperiyalarning mustamlakalarini bosib olish uchun xarbiy harakatlarni boshladi. Ikkinchi jahon urushida Germaniya va Yaponiyaning mag`lubiyatiga bog`liq holda dunyo siyosiy kartasida muhim o`zgarishlar yuz berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |