OG’IZ BO’ShLIG’I Og’iz bo’shlig’i- cavitas oris hazm a’zolari sistemasining boshlang’ich qism bo’lib, ovqat dastlab shu joyda qabul qilib olinadi va me’daga o’tkazish uchun tayyorlanadi. Og’iz bo’shlig’i ikki qismga bo’linadi:
a) og’izning kirish qismi yoki dahlizi,
b) xususiy og’iz bo’shlig’i.
Og’izning kirish qismi yoki dahlizi - vestibulum oris old tomondan yuqori va pastki lablar bilan, tashqi yon tomondan lunjlar bilan, orqa va ichki (medial) tomondan yuqori va pastki jag’ tishlari, milklar bilan chegaralanadi. Ustki va pastki lablar o’rtasidagi yoriq - rima oris og’izga kirish teshigi deb aytiladi. Ustki lab - labium superius va pastki lab - labium inferius yuz terisining birmuncha baland qismidir. Har ikkala labning ikki tomondan bir-biriga o’tgan joylari lablar birikmasi - comissura labiorum deyiladi. Og’izga kirish teshigining ikki tomondagi burchaklari - angulus oris deb ataladi. Lunj -buccae og’iz bo’shlig’iga kirish qismini ichki tomondan chegaralab turadi va lablarning bevosita davomi hisoblanadi. Lunjning shilliq qavatida joylashgan mayda bezlar - glandulae buccales labdagi shunday bezlardan birmuncha kichik bo’ladi. Lunjning chuqur qatlamlarida yog’ qavatlari bo’lib, u yosh bolalarda yaxshi rivojlangan bo’ladi. Xususiy og’iz bo’shlig’i - cavitas oris propria og’iz berk (yopiq) turgan holatda ikki yon va old tomondan tishlar bilan chegaralanib turadi. Uning yuqori devorini qattiq tanglay - palatum durum va yumshoq tanglay - palatum molle hosil qiladi. Ana shu qattiq va yumshoq tanglaylar vositasida og’iz bo’shlig’i burun bo’shlig’idan ajralib turadi.
TANGLAY - PALATUM Tanglayda ikki qism -qattiq va yumshoq tanglay tafovut qilinadi. Qattiq tanglay -palatum durum asosida suyaklar, ya’ni ustki jag’-maxilla ning tanglay o’sig’i- processus palatinus bilan tanglay suyagi - os palatinum ning ko’ndalang plastinkasi (lamina hori- santalis) turadi. U burun va og’iz bo’shliqlari tomonida shilliq parda bilan qoplangan. Yumshoq tanglay asosini esa shilliq parda bilan qoplangan muskullar tashkil etadi. Yumshoq tanglay - palatum molle muskullardan iborat. Halkumga qaragan orqa tomoni xuddi chodir singari osilib turgani tufayli unga tanglay chodiri (velum palatinum) deb nom berilgan. Chodirning o’rta qismida yumshoq o’siqcha bo’lib, u tilcha - uvula (lak-luk) deb ataladi. Yumshoq tanglayning old qismi ko’ndalang va keng bo’lib, ustini qoplangan shilliq qavat bevosita qattiq tanglayga davom etadi.