HAZM A’ZOLARINING TUZILIShI Hazm a’zolari o’z vazifasi (xizmati) ga munosib ravishda tuzilgan. Hazm a’zolari evolyusion taraqqiyotning quyi pog’onasidagi oddiy hayvonlarda alohida bitta naycha (ichak nayi) holatida mavjud bo’lsa, evolyusion taraqqiyotning yuqori bosqichida murakkab o’zigarishlarga uchraydi. Masalan, chuvalchanglarda ichak nayi uch qismdan (old, o’rta va orqa qismlardan) iborat bo’lsa, umurtqali hayvonlarda boshning tanadan alohida ajralib chiqishi natijasida ichak naychasida alohida bo’laklar: old, o’rta, orqa ichaklar hosil bo’ladi. Old ichakning boshlang’ich qismidan yana alohida ichak (bosh ichak) ham ajraladi. Me’da-ichak sistemasiga kiruvchi a’zolar asosan ichki-epitelial qavatdan, o’rta - muskul va tashqi seroz qavatlardan iboratdir. Ammo bu qavatlar va ularda joylashgan bez to’qimalari, limfa tugunlari, qon tomirlar hamda nerv tugunlari umumiy ichak nayining turli qismlarida turlicha tuzilishga ega. Ichak nayining ichki qavatini qiluvchi epiteliyda organizm uchun zarur moddalar qonga so’riladi, undan tashqaridagi muskul qavati ritmik ravishdab qisqarib, oziq moddalarning ichak ichida so’rilishiga yordam beradi. Biriktiruvchi to’qimadan tuzilgan tashqi qavat sirtdan o’rab (qoplab) turadi va a’zolarning ma’lum shaklda bo’lishiga, ularga qon tomirlar va nervlarning o’tishiga, shuningdek, hazm a’zolari alohida qismlarining bir-biriga bog’lanishiga imkon beradi. Endi hazm a’zolarining devorlaridagi har qaysi qavatning tuzilishi bilan tanishib chiqaylik. Shilliq parda. Hazm a’zolarning barcha qismlari (og’iz bo’shlig’i, halqum, qizilo’ngach, me’da va ichaklar) ichki tomondan shilliq parda (tunika mucosa) bilan qoplangan. Organizmga tushgan (iste’mol qilingan) ovqat tarkibidagi hayot uchun zarur moddalar ana shu shilliq qavatdagi mayda qon tomirlar (kapillyarlar) vositasida qonga so’riladi. Buning uchun oziq moddalar dastlab shilliq qavatdagi bezlar ishlab chiqargan suyuqliqlar ta’sirida ximiyaviy o’zgarishlarga uchraydi. Oziq moddalarning qonga so’rilish jarayoni ma’lum qonuniyatga bo’ysunadi, ya’ni qonga so’rilish yarim o’tkazgich orqali bir yoqlama diffuz yo’l bilan boradi. Shilliq qavat ustini qoplab turadigan epitelial qavat hazm a’zolarining hamma joyida bir xil tuzilishga ega emas. Masalan, u og’iz bo’shlig’ida ko’p qatorli qoplagich bilan qoplangan, me’dada bez epiteliysi bilan qoplangan. Biriktiruvchi to’qima tolalari epiteliy qavatining asosini tashkil qiladi va tarkibida qon tomirlar hamda nerv tugunlari bo’ladi. Me’da va ichaklar devorining ikkinchi qavatini shilliq osti pardasi (tela submucosa, juda yupqa parda) tashkil qiladi. Biriktiruvchi to’qimadan tuzilgan bu nozik pardada qon tomirlar, nervlar, bez moddalari, limfa moddalari bo’ladi. Shilliq qavat hazm a’zolarining og’iz bo’shlig’i va halqumdan boshqa qismida joylashishi, shakli va balandligi turlicha bo’lgan burmalar hosil qiladi. Bu burmalarni hosil qilishda tela submucosa ma’lum darajada rol o’ynaydi. U bir tomondan shilliq qavat bilan, ikkinchi tomondan muskul qavat bilan tutashgan. Binobarin, muskullar qisqargan holatda turgani va shilliq qavatning hajmi muskul qavatga nisbatan katta bo’lgani tufayli u baland-past hosil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |