ChAYNOV MUSKULLARI Chaynov muskulari to’rtta bo’lib, ular kalla suyagidan boshlanadi va pastki jag’ suyagining turli qismlariga yopishadi. Chaynov muskullarining vazifasi pastki jag’ suyagini yuqori jag’ suyagiga yaqinlashtirishdan iborat. Chaynov muskuli (m. masseter). Yonoq ravog’idan, yonoq suyagining pastki qirg’og’idan boshlanib, tuberositas masseterica mandibulae ga - pastki jag’ suyagining butog’iga yopishadi. To’rtburchak shaklidagi qalin muskul bo’lib, yuza va chuqur muskul tolalaridan iborat. Tishni tishga qo’yganda bu muskul tolalari qisqaradi. Buni qo’l bilan ushlab bilish mumkin. Chakka muskuli (m. temporalis) - fossa et fascia temporalis dan boshlanib, pastki jag’ suyagining processus coronoideus yopishadi. Bu muskulning boshlanish qismi keng va serbar bo’lib, muskul tolalari yuqoridan pastga qarab yelpig’ichsmion toraya boradi va pastki jag’ suyagining tojsimon o’sig’iga birikadi. Ovqat chaynalayotgan vaqtda chakka qimirlab turishi va ana shu muskulning qisqarayotganidan dalolat beradi. Lateral qanotsimon muskul (m. pterygoideus lateralis) -ponasimon suyak katta qanotining pastki yuzasidan (yuqori boshi), qanotsimon o’siq lateral plastinkasidan (pastkiboshi) boshlanib, pastki jag’ suyagi bo’g’im o’sig’ining bo’yin qismiga, pastki jag’ bo’g’im kapsulasiga yopishadi. Muskul tolalari orqaga va lateral tomonga (deyarli gorizontal holda) yo’nalgan. Medial qanotsimon muskul (m. pterygoideus medialis) - fossa pterygoidea dan boshlanib, pastki jag’ suyagi burchagining ichki sathi (tuberositas pterygoidea) ga yopishadi. To’rttala chaynov muskulining asosiy vazifasi pastki jag’ni yuqori jag’ga tortishdan (tishlashni ta’sminlashda) iboratdir. Agarda har ikki tomondagi lateral qanotsimon muskullar bir vaqtda qisqarsa, pastki jag’ old tomonga siljiydi. Oldinga siljigan pastki jag’ni chakka muskulining orqa tolalari o’z joyiga qaytaradi. Agar qanotsimon muskullarning bir tomondagisi qisqarsa, pastki jag’ yon tomonga siljiydi. (Mazkur muskullar kemiruvchi hayvonlarda yaxshi takomil etgan bo’ladi). Chaynov muskullari m. trigeminus ni 3-tarmog’i vositasida innervasiya qilinadi, a. carotis externa tarmoqlari hisobiga qon bilanta’minlanadi.
QO’L MUSKULLARI Qo’l odam gavdasining eng erkin harakat qiluvchi qismlaridan biridir. Qo’lning erkin harakati qo’l muskullari yordamida amalaga oshiriladi. Qo’l muskullari yelka muskullariga va qo’lning erkin qismi muskullariga bo’linadi. Qo’lning erkin qismining muskullari o’z navbatida yelka, bilak va panja muskullariga bo’linadi. Yelka kamari muskullari yelka kamari suyaklariga birikadi va natijada suyaklar bir-biri bilan muskullar orqali birikib ketadi. Umuman qo’lni quyidagi besh sohaga bo’lish mumkin: 1. regio brachii anterior - yelkaning old sohasi.
2. regio brachii posterior- yelkaning orqa sohasi.
3. regio ubiti anterior et posterior -tirsakning old va orqa sohalari.
4. regio antibrachii anterior et posterior - bilakning old va orqa sohalari.
5. regio manus - panja sohasi.