YeLKA KAMARI MUSKULLARI Yelka kamari muskullarining ko’rinish shar shaklida bo’lib, yelka bo’g’imi atrofida joylashgan. Bu muskullar qisqarganda yelka bo’g’imining harakatini ta’minlaydi. Deltasimon muskul (m. deltoideus) - extremitas acromitalis claviculae acromion spina scapulaedan boshlanib, tuberositas deltoidea humeri ga yopishadi. Uchburchak shakliga ega bo’lib, shaklan grechka “D” harfiga o’xshaydi. Muskullari yaxshi taraqqiy etgan kishilarda burchagi pastga qaragan uchburchak shaklida bo’rtib, yelka suyagi boshining ustidan yopib yotadi. Bu muskulning uch qismi - orqa, o’rta va old muskul tutamlari tafovut qilinadi. orqa tutamlari spina scapulae dan boshlanib, pastga va lateral tomonga, old tutamlar (o’mrov suyagidan boshlanadi) oldinga, pastga, lateral tomonga va o’rta tutamlar (akromiondan boshlanadi) yuqoridan pastga yo’langan bo’lib, bu qismlar alohida-alohida va birgalikda qisqarishi mumkin. Deltasimon muskularning old (o’mrov suyagidan boshlanuvchi) qismi qisqarsa, qo’l old tomonga va yuqoriga tortiladi (atiflexio deb shunga aytiladi); orqa (kurak suyagidan boshlanuvchi) qismi qisqarsa, qo’l orqa tomonga va bir oz yuqoriga tortiladi, ya’ni old qismiga nisbatan teskari harakat qiladi. Kichik yumaloq muskul (m. teres minor) - margo lateralis scapulae dan boshlanib, tuberculum majus humeri ga yopishadi. Bu muskul yuqoridagi qirra osti muskul bilan birgalikda pishiq fassiya (fascia infraspinata) ga o’ralgan. Vazifasi yelka suyagini supinasiya qilishdir. U n. axillaris vositasida innervasiya qilinadi. Katta yumaloq muskul (m. teres major) - kurak pastki burchagining orqa sathidan boshlanib, crista tuberculi minoris ga yopishadi. U qo’lni pastga tortadi, gavdaga yaqinlashtiradi va ichkariga buradi. Bu muskulni n. subscapularis innervasiya qiladi.
BOLDIR MUSKULLARI Boldirda joylashgan muskullar asosan uch guruhga: old, lateral va orqa boldir muskullari guruhlariga bo’linadi. Boldir muskullari asosan oyoq panjasini harakatga keltirish, gavdaning tik turishini ta’minlash kabi muhim vazifalarni bajaradi. Bu muskullar ishga bilak muskullari kabi ixtisoslashgan. Oldingi guruh muskullari. Katta boldirning oldingi muskuli (m. tibialis anterior) - katta boldir suyagining yo’g’onlashgan yuqori uchining lateral yuzasidan va membrana interossea dan boshlanib, o’rtadagi ponasimon suyakka va os metetarsi I ning asosiga yopishadi. Bu muskul katta boldir suyagining ustida, teri ostida joylashgan bo’lib, medial tomondan katta boldir suyagining old qirrasi bilan chegaralanadi, lateral tomondan esa yuqorida oyoq panjasini yozuvchi uzun muskulga taqalib turadi. Muskulning go’shtdor qismi boldirning pastki uchdan bir qismiga yaqinlashganda pishiq payga ulanadi. Bu pay boldir oyoq panjasiga o’tadigan yerdagi muskul paylari o’tadigan ustki va pastki pay ushlab turuvchi boylamlar (retinaculum externum) ning kichik boldir muskullari o’tadigan pay qinidan o’tadi. Bu muskul oyoq panjasini yozadi, panjaning medial chetini ko’taradi. Barmoqlarni yozuvchi uzun muskul (m. extensor digitorum longus) condylus lateralis tibia dan, suyaklararo pardan, kichik boldir suyagi yuqori uchining old yuzasidan boshlanib, to’rtta pay bilan III-V barmoqlarning dorsal yuzasiga yopishadi. V barmoqda tugaydigan paydan ajralib chiqqan pay tutamlari alohida muskulga o’xshab oyoq panjasi V kaft suyagining asosiga borib yopishadi. Uchinchi kichik boldir muskuli (m. peroneus tertius) deb shunga aytiladi. Kichik boldir suyagining uchinchi muskul faqat odamlarga xos muskul bo’lib, hatto maymunlarda ham bo’lmaydi. Shuning uchun ham bo’lmaydi. Shuning uchun ham bu muskul ikki oyoqlilarga xos muskul hisoblanadi, bu muskul oyoq panjasi lateral chetini ko’taradi, ya’ni pronasiya qiladi. U panjani yozadi va uning lateral chetini ko’taradi. Qisman barmoqlarni ham yozadi. Bosh barmoqni yozuvchi uzun muskul (m. extensor hallucis longus) kichik boldir suyagining medial yuzasidan, suyaklararo pardadan boshlanib, bosh barmoqning II falangasiga, qisman I falangasiga yopishadi. Bu uzun bir patli muskul bo’lib, yuqoridagi ikkita muskulning orqasida joylashgan. Pay yuqoridagi ikki muskul payi bilan birga yozuvchi muskular payini ushlab turadigan boylam ostidan o’tadi. Bu muskul panjani yozadi, panjaning medial chetini ko’taradi. Boldirning old guruhiga kiruvchi muskullar bilan innervasiya qilinib, a. tibialis anterior vositasida qon bilan ta’minlanadi. Orqa guruh muskullari. Boldirning orqa tomonidagi muskullar yuza va chuqur qavatlarga bo’lib o’rganiladi. Yuza qavatga boldirning uch boshli muskuli kiradi, bu muskulning hajmi ancha katta bo’lib, boldirning o’ziga xos yumaloqlashgan shaklni hosil qiladi. Uch boshli muskul quyidagi ikkita alohida muskuldan tashkil topgan. Boldir muskuli (m. gastrocnemius) - son suyagining medial boshi (condylis medialis) va lateral boshi (condylus lateralis) dan, taqim yuzasidan boshlanib, tovon suyagining do’mbog’iga yopishadi. Muskulning har ikkala boshi (medial boshi lateral boshidan baquvvatroq) umumiy go’shtdor qismga ulanib, xiyla katga muskul qorinchasining hosil qiladi. Taxminan boldirning o’rtasida go’shtdor qism payga ulanadi va ostida yotuvchi m. soleus payi bilan birga yo’g’on pay - tendocalcaneus (Achillis) ni hosil qiladi hamda tovon suyagining do’mbog’iga birikadi. Boldir muskuli boldirni va oyoq panjasini bukadi. Kambalasimon muskul (m. soleus) - kichik boldir suyagining boshchasidan, katta boldir suyagining yuqori uchdan bir qismining orqa yuzasidan boshlanib, boldir muskuli payi bilan birga tovon suyagi do’mbog’iga yopishadi. Bu yapaloq baquvvat muskul bo’lib, shakli kambala (zog’ora) balig’iga o’xshaydi. Boldir muskulining ostida shu muskul bilan yopilib turadi, old tomonda esa chukur qavat muskullariga taqalib turadi. Bu muskul oyoq panjasini bukadi, tashqariga buradi. U boldir muskuli bilan qo’shilib, yagona uch boshli muskul (m. triceps surae) ni hosil qiladi. Tovon (yoki oyoq kafti) muskuli (m. plantaris) - son suyagi yuqori uchining orqa taqim yuzasidan boshlanib, tovon suyagining do’mbog’iga yopishadi. Duksimon shaklga ega bo’lgan kalta go’shtdor qismi birdaniga uzun ingichka payga ulanadi, boldir muskuli bilan kambalasimon muskullarning orasida yotadi. Ba’zan bu muskul bo’lmasligi ham mumkin. Bu muskul tizza bo’g’imibukilganda bo’g’im kapsulasini tortadi. Boldirning orqa yuza qavat muskullarini n.tibialis innervasiya qiladi. Chuqur qavatda joylashgan muskullar uchta bo’lib, chukur qavat bilan yuza kavat orasida ularni ajratib turuvchi boldirning chukur fassiyasi bor. 50 Taqim muskuli (m. popliteus) - son suyagining condylus lateralis idan va tizza bo’g’imining kapsulasidan boshlanib, katta boldir suyagi yuqori uchining orqa yuzasiga (taqim yuzasiga) yopishadi. Bu muskul taqim sohasida tizza bo’g’imining bevosita kapsulasi ustida joylashgan. Taqim muskuli bir bo’g’imli muskul bo’lgani tufayli boldirni bukadi va ichkariga buradi. Bu muskul sonning orqa tomonida joylashgan n. tibialis shoxlari bilan innervasiya qilinadi. Barmoqlarni bukuvchi uzun muskul (m. flexor digitorum longus) - katta boldir suyagiing orqa yuzasidan boshlanib II-V barmoqlar tirnoq falangalarining ostki-kaft yuzasiga yopishadi. Bu yarim patli muskul bo’lib, chuqur qavat muskullaridan eng medial tomonda joylashgandir. Bu muskulning payi medial to’piqqa yaqinlashganda katta boldir orqa muskulining payi bilan kesishadi va medial to’piq sohasidagi retinaculum flexorum ning ostida o’tadi. so’ng oyoq panjasining kaftiga o’tadi, taxminan oyoq kafti o’rtasiga borganda muskulning bitta umumiy payi to’rtta alohida payga bo’linadi va panjani bukuvchi katta muskul paylari orasidan (xuddi qo’l panjasidagidek) o’tib, II-V barmoqlarning tirnoq falangalariga borib yopishadi. Bu muskul oyoq panjasini to’piq bo’g’imida bukadi oyoq panjasining tirnoq falangasini bukadi, oyoq uchida yurishni ta’minlaydi. Shuning uchun ham u raqqosa (balerina) larda yaxshi rivojlangan bo’ladi. Bu muskulning yurishda ham ahamiyati katta. U n. tibialis vositasida boshqariladi. Katta boldir orqa muskuli (m. tibialis posterior) - membrana interossea dan, katta va kichik boldir suyaklarining bir-biriga yondosh chetlarining orqa yuzasidan boshlanib, qayiqsimon suyakka, II-IV kaft suyaklariga va uchala ponasimon suyakka yopishadi. Bu muskul bevosita suyakalararo pardaning xuddi ustida barmoqlarni va bosh barmoqni bukuvchi uzun muskullar orasida yotadi. Medial to’piqqa yaqinlashganda muskul payi (retinaculum flexorum) ning ostidan o’tadi. U oyoq panjasining medial chetini ko’taradi va supinasiya qiladi, panjani bukadi. Bu muskul n. tibialis orqali innervasiya qilinadi. Bosh barmoqni bukuvchi uzun muskul (m. flexor hallucis longus) - membrana interossea dan, kichik boldir suyagining orqa yuzasidan boshlanib, bosh barmoq ikkinchi falangasining ostki kaft yuzasiga yopishadi. Bu muskul orqa guruh muskullari (chuqur qavati) ichida eng baquvvati bo’lib, tuzilishiga ko’ra qo’sh patlidir. Medial tomondan barmoqlarni bukuvchi uzun muskul va lateral tomondan kichik boldir muskullari bilan chegaradosh bo’lib, katta boldir orqa muskulining ustida joylashgan. Bu muskul payi ham medial to’piq sohasida retinaculum flexorum ostidan o’tib, oyoq panjasining kaft tomoniga boradi va talus suyagining ostki yuzasidagi maxsus egat orqali bosh barmoq tomonga o’tadi. U bosh barmoqni bukadi. Orqa guruh muskullari qatorida oyoq panjasini bukishda ishtirok etadi. Oyoq gumbazini hosil qilishda, uni mahkamlashda qatnashadi. Boldirning orqa guruh muskullarini n. tibialis innervasiya qiladi va a. tibialis posterior qon bilan ta’minlaydi. Lateral guruh muskullari. Lateral tomonda ikkita muskul bo’lib, ularning har ikkalasi ham kichik boldir suyagining ustidan yopib turadi desa bo’ladi. Kichik boldir uzun muskuli (m. peroneus longus) - kichik boldir suyagining boshchasidan va yuqori uchdan bir qismining old sathidan boshlanib, 1 ponasimon suyak va os metatasi 1 larning kaft yuzasiga yopishadi. Yuqori qismi kichik boldir suyagining bevosita ust tomoniga yopishib turadi. Pastki qismi esa kalta kichik boldir muskulini yon tomondan yopib turadi. tuzilishi jihatidan patli muskullarga taalluqlidir. M. peroneus longus old tomondan barmoqlarni yozuvchi uzun muskul bilan, orqa tomondan esa kambalasimon muskul bilan chegaradosh. Muskulning go’shtdor qismi taxminan boldirning o’rtasiga kelganda baquvvat payga aylanadi, bu pay lateral to’piq orqasidan, retinaculum peroneorum ostidan o’tib, oyoq panjasining kaft tomoniga boradi. Oyoq panjasining kaftida kichik boldirning uzun muskuli lateral tomondan medial tomonga qarab kesib o’tadi. Bu muskul oyoq panjasining lateral chetini yuqoriga, medial chetini pastga tortadi (pronasiya qiladi). U n. peroneus superficialis vositasida boshqariladi. Kichik boldir kalta muskuli (m. peroneus brevis) - kichik boldir suyagining o’rtadagi uchdan bir qismining old sathidan boshlanib, tuberositas ossis metatarsi V ga yopishadi. Bu muskul shu nomli uzun muskulga o’xshaydi, ammo undan kaltaroq bo’lib, uning ostida (pastki uchdan ikki qismida) yotadi. Muskulning payi yuqoridagi muskul payi bilan birga lateral to’piq orqasida retinaculum peroniorum ning ostidan o’tadi. Kichik boldir kalta muskuli ham xuddi uzun muskul singari oyoq panjasining lateral chetini ko’tarib, medial chetini pastga tushiradi. Boldirning lateral gruppa muskullarini n. peroneus superficialis innervasiya qiladi, a. peronea qon bilan ta’minlaydi.
Mavzuni mustahkamlash uchun tavsiya etilgan savollar:
1. Muskul qanday organ.
2. Muskullarining bajaradigan vazifasiga ko’ra guruhlanishi.
3. Odam tanasining asosiy yuza va chuqur muskullarini ayting.
4. Bo’yin muskullarining ilmiy nomlarini ayting.
5. Qo’l va oyoq muskullari, ularning tuzilishi.
6. Bosh muskullari va mimik muskullarning o’ziga xos tuzilishi.
7. Qorin muskullari va ularning ahamiyati.
Do'stlaringiz bilan baham: |