TIShLAR Tishlar - dentes inson hayotida muhim rol o’ynaydi. Ular ovqatni mexanik maydalab berish (chanash) bilan birga,tishlab uzib olish, so’zlarni to’g’ri talaffuz etishda ham ishtiroq etadi. Shu bilan birga tishlar og’iz bo’shlig’ining dahlizi bilan xususiy og’iz bo’shlig’ini bir-biridan ajratib turadi. Tishlar epiteliy va mezenximadan rivojlanib, shilliq pardaning suyaklangan so’rg’ichlari hisoblanadi. Tishlar yuqori va pastki jag’ qirg’oqlaridan o’sib chiqadi. Tishlar skelet suyaklaridan shu bilan farq qiladiki, ular jag’larga boylamlar yoki muskullar yordamida birikmaydi, balki o’z ildizi bilan jag’dagi tish katakchalari (alveola dentalis) ga xuddi mix kabi kirib (gomphosis) turadi. Past tabaqadagi hayvonlar hayoti davomida tishlar bir necha marta almashinib (eskisi tushib, yangisi chiqib) turishi ma’lum. Odamlarda esa, butun umr mobaynida tishlar faqat ikki marta almashinadi. Bolalarda 6-7 yoshga qadar saqlangan sut tishlari (dentes deciduli) tushib ketib, o’rniga doimiy tishlar (dentes permonentes) chiqadi. Sut tishlari normal o’sayotgan bola hayotining birinchi yilida, ya’ni 6-7 oyligidan boshlab birin-ketin chiqa boshlaydi va bola 2-2,5 yoshga to’lganda (ba’zan undan ham kechroq) butunlay chiqib bo’ladi va 20 donaga yetadi hamda 6-7 yoshga qadar turadi. Sut tishlar va doimiy tishlarning chiqish. Normal taraqqiy etayotgan bolada birinchi sut tishlar (dentes decidui) 6-8 oylikda boshlab chiqa boshlaydi va 2-2,5 yoshda butunlay chiqib bo’ladi. Sut tishlar 20 dona, ya’ni har bir jag’da 10 donadan bo’ladi. Ular quyidagi tartibda (formulasi) joylashadi: 2012 : 2102 2012 : 2102 Bu formula (markazdan tashqariga tomon sanalganda) - ikkita kurak, bitta qoziq va ikkita katta oziq tish demakdir. Bundan yosh bolalarda kichik oziq tishlar bo’lmasligi ayon bo’ladi. Sut tishlar umuman tishlarga o’xshash bo’lsa-da, ulardan kichikligi, nozikligi va u qadar mustahkam bo’lmasligi bilan farq qiladi. Bola taxminan 6 yoshga yetganda (ba’zan undan ham oldin) sut tishlar doimiy tishlar bilan asta-sekin almashina boshlaydi. Bu tishlarning almashinuv davri 12-15 yoshga qadar davom etadi va shundan so’ng doimiy tishlar deyarli umrning oxiriga qadar saqlanib qoladi. Doimiy tishlarning joylashish tartibi (ifodasi) quyidagichadir: 3212:2123 3212:2123
TIL Til-lingua hazm a’zolarining boshlanish qismida, og’iz bo’shlig’ida joylashgan. Til faqat hazm a’zolarigagina aloqador bo’lib qolmay, talaffuzda ham bevosita va aktiv qatnashadi. Til muskullardan tuzilgan a’zo bo’lib, odatda og’iz bo’shlig’i (cavitas oris) ni to’ldirib turadi. Tilning quyidagi alohida qismlari tafovut qilinadi: tilning oldingi toraygan uchi til uchi - apex linguae deb ataladi, orqa qismi esa birmuncha kengayib va qalinashib til ildizi- radix linguae ni hosil qiladi. Bu ikki o’rtasi til tanasi- corpus linguae deb ataladi. Tilning uchi va yon qirg’oqlari tishlarga, uning so’rg’ichlarga boy ustki yuzasi - facies superior qattiq va yumshoq tanglaylarga qarab turadi. Ustki yuzada ikkita alohida qism: og’iz qismi - pars oralis va halqumga qaragan qismi - pars pharun gea tafovut qilinadi. Bu ikki qism o’rtasidagi ko’tarilgan joyga til orqasi - dorsum linguae deyiladi. Tilning pastki yuzasi - facies inferior linguae faqat old qismdagina erkin, harakatchan bo’lib, orqa qismi til ildiziga bevosita davom etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |