MUSKULLARNING TURKUMLARIGA BO’LINIShI Muskullar joylashgan o’rniga, shakliga, tolalarining yo’nalishiga, lateral yoki medial joylashishiga qarab qator turkumlarga bo’liniadi. Shakliga qarab uzun, qisqa yoki serbar muskullar to’rtburchak (m.quadratus), yumaloq (m.teres), deltasmion (m.deltoideus), kambalasimon (m.soleus) muskullar tafovut etiladi. Ba’zi muskullar bir necha boshli bo’lgani uchun ko’p boshli muskullar turkumiga kiradi; ikki boshli (biceps), uch boshli (triceps) va to’rt boshli (quadriceps) muskullar shular jumlasidandir. Muskul tolalarining yo’nalishiga qarab to’g’ri (parallel) tolali (m.rectus), tolalari aylanma joylashgan (m.orbicularis), ko’ndalang joylashgan (m.transversus), qiyshiq joylashgan (m.obliquus) muskullar tafovut qilinadi. Yarim payli (m.semitendinosus) va yarim pardali (m.semimembranosus) muskullar esa payi bilan go’shtdor qismining bir-biriga nisbati jihatidan boshqa muskullardan ajralib turadi. bajaradigan ishiga qarab muskullar bukuvchi (flexores), yozuvchi (extensores), yaqinlashtiruvchi (adductores), uzoqlashtiruvchi (abductores), aylantiruvchi (rotatoris), ichkariga (pronatores) va tashqariga (supinatorius) buruvchilar turkumlariga bo’linadi.
XUSUSIY MIOLOGIYa Tananing orqa tomonidagi muskullar Orqa muskullari odatda ikki guruhga, chunonchi, yuza muskullar va chuqur muskullar guruhlariga bo’lib o’rganiladi. Orqaning yuza muskullari. Trapesiyasimon muskul (m.trapezius) -ensa suyagining Linea nuchae superior sohasidan, barcha ko’krak umurtqalarining qirrali o’simtalarida boshlanib, o’mrov suyagining akromial o’sig’i- akromion (spina scapulae) ga yopishadi. Bu muskul orqaning yuqori qismida joylashgan bo’lib, uchburchak shaklida. O’ng va chap tomondagi trapesiyasimon muskullar bilan birgalikda trapesiya shakliga o’xshaydi. Muskulning yuqori tutamlari yuqoridan pastga, o’rta tutamlari ko’ndalang, pastki tutamlari esa pastdan yuqoriga yo’nalgan. Trapesiyasimon muskul yelka kamarini (kurakni va o’mrov suyagini) yuqoriga ko’taradi, ayni vaqtda kurakning pastki burchagini lateral tomonga tortadi, bu hol qo’lni yuqoriga ko’targanda ro’y beradi. Muskulning pastki tutamlari qisqarganda aksincha, kurakni pastga tortadi. Trapesiyasimon muskulning barcha tolalari birdaniga qisqarsa, yelka kamari orqaga tortilib, umurtqa pog’onasiga yaqinlashadi. O’ng va chap trapesiyasimon muskullar barobar qisqarsa, kuraklar bir-biriga yaqinlashadi. Trapesiyasimon muskul: n. accessorius va C III - C IV vositasida boshqariladi hamda a.transversa colli, a occipitalis,-a.a.intarcostales posteriores lar vositasida qon bilan ta’minlanadi. Orqaning serbar muskul - Latissimus dorsi pastki to’rtta ko’krak umurtqasining, barcha bel va dumg’aza umurtqalarining qirrali o’siqlaridan, yonbosh suyagining tashqi qirrasidan va pastki to’rtta qovurg’aning burchagidan boshlanib, yelka suyagi (crista tuberculi minores humeri) ga yopishadi. Orqaning serbar muskuli orqa tomonda, pastroqda joylashgan bo’lib, trapesiyasimon muskul kabi terining ostida yotadi. Muskulning tolalari pastdan yuqoriga va lateral tomonga yo’nalgan bo’lib, yuqori cheti bilan kurakning pastki burchagiga taqalib turadi. orqa serbar muskulining yuqori qismi trapesiyasimon muskulning pastki qismi bilan yopilib turadi. Orqaning serbar muskuli boshlangan joyda rombsimon shaklga ega bo’lgan keng pay (fascia thoracolumbalis) bor. Muskulning pastki to’rtta qovurg’adan boshlanuvchi tishlari qorinning tashqi qiyshiq muskulining shu sohadan boshlanuvchi tishlari bilan navbatlashib boshlanadi. Orqaning serbar muskuli qisqarganda qo’lni orqaga va pastga tortadi (masalan, shimning orqa cho’ntagidan biron narsani olish imkonini beradi). Agar qo’lni qimirlatmay turib, bu muskulni qisqartirilsa, ko’krak qafasini kengaytiradi. Bu muskul chang’ida yuruvchilarda, eshkak eshuvchilarda va turnikda mashq qiluvchilarda yaxshi rivojlangan bo’ladi. Orqaning serbar muskuli n.tharacodorsalis bilan innervasiya qilinadi va a.tharacodorsalis, a.circumflexa humeri posterior, a.a.intercostales posteriores lar vositasida qon bilan ta’minlanadi. Rombsimon muskullar (m.rhomboideus major et minor). Pastki ikkita bo’yin va yuqorigi to’rtta ko’krak umurtqalarining qirrali o’siqlaridan boshlanib, kurakning medial chetiga yopishadi. Rombsimon muskullar qisqarsa, kurakni umurtqa pog’onasiga yaqinlashtiradi va yuqoriga tortadi, shuning uchun ham bu muskullar orqaning serbar muskuliga sinergist, m.serratus anterior ga nisbatan esa antagonist hisoblanadi. Bu muskul n.dorsalis scapulae bilan innervasiya qilinadi; a.transversa colli qon bilan ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |