4-MA’RUZA Mavzu: SINDESMOLOGIYA
REJA:
Sindesmologia
Suyaklarning o`zaro birikishi.
Yumaloq bo`g`imlar.
Yassi bo`gimlar.
Tayanch iboralar: umrov, kurak, yelka, yelka-oldi, qo’l panja, chanoq son, boldir, oyoq panja suyaklari. Erkak va ayollar chanoqlari.
SINDESMOLOGIA — suyaklarning o`zaro birikishiini o`rganadigan bo`lim. Quyi tabaqali umurtqali hayvonlarda — asosan suvda yashovchilarda, skelet suyaklari o`zaro biriktiruvchi to`qimalar vositasida birlashadi. Boshqa guruh hayvonlarda suyaklar o`zaro tog`ay moddasi bilan qo`shilgan bo`ladi. Albatta, bunday suyaklarning biriktiruvchi to`qima yoki tog`ay moddalari bilan birlashuvi I suyaklarning o`zaro harakatini cheklab qo`yadi va bu uzluksiz birlashuv deyiladi. Suvda yashovchi hayvonlarning quruqlikka chiqishi yangi birikish shakllarini keltirib chiqardi. Suyaklar richaglar vositasida, harakatchan, bo`g`imlar hosil qilib uzlukli birikish holatiga o`tadi. Demak filogenezda suyaklar o`zaro uzluksiz va uzlukli birikish holatlarida uchraydi. Ontogenez qisqa muddat ichida filogenez holatini qaytarganligi uchun, embrion taraqqiyotida ham, uzluksiz va uzlukli birikish shakllari uchraydi. Embrion taraqqiyotining boshlang`ich bosqichida skelet suyaklari o`zaro biriktiruvchi to`qima vositasida birikkan bo`ladi. Keyingi davrda biriktiruvchi to`qima so`rilib, bo`shliqlarning hosil bo`lishi natijasida uzlukli birlashmalar hosil bo`ladi. Lekin taraqqiyot davomida biriktiruvchi to`qima, tog`ay moddasi bilan almashsa yoki suyakka aylansa—uzluksiz birlashma holida saqlanishi mumkin. Skelet suyaklari o`zaro biriktiruvchi to`qima, tog`ay yoki suyak moddasi bilan biriksa uzluksiz birlashuvlar deb ataladi. Suyaklar o`zaro bo`g`imlar hosil qilib, harakatli biriksa — uzlukli birlashuvlar deb ataladi. Bu ikki birlashuvlar orasida, ularning birortasiga ham o`xshamagan birlashuv shakli bo`lib, ularga yarim bo`g`imlar deyiladi. Yarim bo`g`imlarda cheklangan, juda kam harakat bo`ladi, bo`g`im yuzalari orasida juda kichik tirqish bo`lib, bo`g`im kapsulasi bo`lmaydi. Ba'zi skelet suyaklari o`zaro ko`ndalang targ`il mushaklar vositasida birikishii mumkun. Kurak suyagining qovurg`alar bilan birikishi yoki til osti suyagining boshqa suyaklar bilan birikishi mushaklar vositasida bo`ladi.
Uzluksiz birlashuvlar uch guruhga bo`linadi.
1. Suyaklar o`zaro biriktiruvchi to`qima vositasida birlashladi,
2. Suyaklar o`zaro tog`ay moddasi vositasida birlashadi.
3. Suyaklar o`zaro suyak to`qimasi vositasida birlashib, suyaklanib ketadi.
Sindesmoz va sinxondroz birlashuvlar vaqtincha yoki doimiy saqlanib qolishi mumkin. Suyak taraqqiy etish jarayonida biriktiruvchi to`qima yoki tog`ay moddasi vositasida biriksa, lekin keyinchalik u yo`qolib ketsa — vaqtinchali sinartroz birlashuvi deyiladi. Katta yoshda ham saqlanib qoladigan sinartroz birlashuvlarga — doimiy sinartroz deyiladi. Uzlukli birlashuv holati natijasida bo`g`imlar hosil bo`ladi. Bo`gim hosil etish uchun quyidagi hosilalar bo`lishi kerak:
1) bo`g`im yuzalari o`zaro muvofiq bo`lishi kerak. Ularning yuzlari silliq tog`ay bilan qoplangan bo`ladi;
2) uzlukli birlashuvlar natijasida hosil bo’lgan bo`g`imlar xalta bilan o`ralgan bo`ladi. Kapsulaning tashqi qavati fibroz to`qimadan hosil bo’lsa, ichki yuzasida esa silliq sinovial membrana bilan qoplanadi;
3) bo`g`imlar ichida bo`shliq bo’lib bo’g’im bo’shliqlari tashqi muhit bilan aloqa qilmaydi. Uning ichida bo`g`im yuzalarini ho`llab turadigan suyuqlik bo`ladi. Ba'zi bo`g`imlar bo`shlig`ida tog`ay plastinkalar bo’ladi;
4) bo`g`imlar boylamlar vositasida mustahkamlanib turadi. Ko`pincha boylamlar bo`g`im kapsulasining tashqi yuzasida joylashadi Ba'zi bo`g`imlar bo`shlig`ida ham boylamlar uchraydi .
BO`G`IMLAR TURI
1. Ikki suyakning birlashuvidan hosil bo’lgan bo`g`imlar — oddiy bo`g`imlar deb ataladi.
2. Uch va undan ortiqroq suyaklarning birikuvidan hosil bo’lgan bo`g`imlar murakkab bo`g`imlar deb ataladi.
3. Bo`g`im bo`shlig`ining ichida tog`ay plastinka bo`lsa, bunday birlashmalar kompleks bo`g`imlar deb ataladi.
4. Anatomik jihatdan alohida, lekin vazifasiga nisbatan umumiy bo’lgan bo`g`imlar guruhiga kombinirlangan (hamkor) bo`g`imlar deyiladi. Ikkita anatomik alohida bo`lgan chakka pastki jag` bo`g`imlari vazifasiga nisbatan o`zaro hamkor bo’lganligidan— kombinirlangan bo`g`imlar guruhiga misol bo`la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |