Yuqorida ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda ijtimoiy ta’minot o‘zining shakllari va turlari xilma-xil bo‘lishi bilan birga, moliyalashtirish manbalarining ham bir nechta ekanligi bilan xarakterlanadi. Ijtimoiy ta’minot maqsadlaridagi xizmatlar va to‘lovlar uchun moliyaviy resurslar turli ijtimoiy yo’nalishdagi jamg‘armalarda mujassamlanadi va davlat boshqaruvining turli idoralari orqali tasarruf etiladi. Ijtimoiy ta’minot xizmatlari va to‘lovlari quyidagi manbalardan amalga oshiriladi:
18.2-rasm. Ijtimoiy ta’minot xizmatlari va to‘lovlarini moliyalashtirish manbalari
davlat byudjeti (respublika byudjeti va mahalliy byudjetlar);
byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi;
Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi;
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining ijtimoiy sug‘urta byudjeti mablag‘lari.
Davlat byudjetidan an’anaviy ravishda ijtimoiy ta’minotning quyidagi shakllari va turlari moliyalashtiriladi:
a) respublika byudjetidan:
respublika tasarrufidagi bolalar uylarini saqlab turish xarajatlari;
respublika vazirliklari va idoralari tasarrufidagi urush hamda mehnat faxriylari uchun pansionatlar va sanatoriylarni, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalarini saqlab turish, shuningdek aholini ijtimoiy muhofaza qilishga doir maqsadli tadbirlar xarajatlari;
bolalikdan nogironlarga va bola tug‘ilganda beriladigan nafaqalarni, qonun hujjatlarida ayrim toifadagi shaxslarga belgilangan kompensatsiyalarni to‘lash uchun vakolatli organga mablag‘lar ajratish xarajatlari;
Chernobil AES halokati oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan shaxslarni va radiatsiya-yadro ob’ektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ayrim toifadagi shaxslarga qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlar va kompensatsiyalarni to‘lash xarajatlari va b.
b) mahalliy byudjetlardan:
mahalliy hokimiyatlar tasarrufidagi bolalar uylari, davlat bolalar shaharchalarini saqlab turish xarajatlari;
mahalliy hokimiyatlar tasarrufidagi qariyalar va nogironlarning internat-uylari, pansionatlari va sanatoriylari, nogironlarni reabilitatsiya qilish markazlarini, boshqa muassasalarni saqlab turish xarajatlari, shuningdek aholini ijtimoiy muhofaza qilishga doir maqsadli tadbirlar xarajatlari;
uyda ijtimoiy yordam ko‘rsatish xarajatlari;
shahar yo‘lovchilar transporti tashuvchilarining yo‘lovchilarni va bagajni cheklangan tariflar bo‘yicha tashish, shuningdek alohida toifadagi fuqarolarni imtiyozli tashish xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq zararlarning o‘rnini qoplash xarajatlari va b.
Ma’lumki, ijtimoiy ta’minotning markazida pensiya ta’minoti turadi. Ko‘pchilik davlatlarda pensiya ta’minotini mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida markazlashgan tartibda maxsus fondlar – Pensiya fondlari tuziladi. Ularning asosiy maqsadi shu mamlakat pensiya qonunchiligi bilan belgilangan pensiyalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni moliyalashtirishdan iborat.
B Bizning mamlakatimizda ijtimoiy ta’minot vazifalarini davlat byudjeti bilan birga, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bajaradi.
ugungi kunda byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasidan quyidagi pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar to‘lanadi, shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa sarfiyotlar amalga oshiriladi:
ishlayotgan pensionerlarga davlat pensiyalarini to‘lash;
ishlamaydigan pensionerlarga davlat pensiyalarini to‘lash;
davlat pensiya ta’minoti huquqiga ega bo‘lmagan qariyalar va mehnatga qobiliyatsiz fuqarolarga nafaqalar berish;
dafn marosimlari uchun nafaqalar;
belgilangan tartibda aniqlanadigan boshqa xarajatlar.
Fuqarolar ijtimoiy ta’minotining ayrim shakllari va turlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi, ular jumlasiga quyidagilar kiradi:
ishsiz deb topilgan shaxslarni kasbiy tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash xarajatlari;
ishsizlik bo‘yicha nafaqalar, bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari taklifiga binoan ishlash uchun boshqa joyga ixtiyoriy ravishda ko‘chib o‘tish munosabati bilan kompensatsiyalar to‘lash hamda ishsizlarga moddiy yordam berish;
ishsiz deb topilgan shaxslarga muddatidan ilgari pensiya tayinlanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi xarajatlarining o‘rnini qoplash;
nogironlar, fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan boshqa toifalari mehnatidan foydalanish uchun ixtisoslashtirilgan ish o‘rinlarini va ishlab chiqarishlarni tashkil etishga doir tadbirlarni qisman moliyalashtirish;
ish bilan band bo‘lmagan aholiga yordam ko‘rsatish, shu jumladan ishga joylashtirishga ko‘maklashish va maslahat xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar;
aholi bandligi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni hamda xalqaro loyihalar va shartnomalarni amalga oshirishni moliyalashtirish;
chet elga ishga yuborilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ishga joylashtirilishini tashkil etish va ularning ijtimoiy muhofaza qilinishini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar va b.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining ijtimoiy sug‘urta byudjeti quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan belgilanadigan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish uchun yagona ijtimoiy to‘lovdan yo‘naltirilgan ajratmalar hisobiga;
belgilangan tartibda xodimlarga davolanish va dam olish uchun berilgan yo‘llanmalar uchun ulardan olingan mablag‘lar hisobiga;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining mablag‘lari tegishli kasaba uyushmalari organlarining qarorlari bilan tasdiqlanadigan byudjet va smetalarida belgilangan maqsadlarga muvofiq xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish uchun quyidagilarga sarflanadi:
sanatoriy-kurortlarda davolanish, pansionat va dam olish uylariga yo‘llanmalar olishga;
korxonalar va o‘quv muassasalaridagi sanatoriy-profilaktoriylarda, sanatoriy-profilaktoriylarning ijtimoiy sug‘urta uchun tasdiqlangan smetasiga muvofiq, xodimlar yoki talabalarni sog‘lomlashtirish xarajatlarini qisman qoplashga (xodimlarning mehnatiga haq to‘lashga, davolanuvchilarning ovqatlanishi, davolanishi, ularga madaniy xizmat ko‘rsatishga);
bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida bolalarning ta’minotida, bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarining tasdiqlangan smetalariga muvofiq, hissali ishtirok etishga (xodimlarning mehnatiga haq to‘lashga, bolalarning ovqatlanishi, davolanishi, ularga madaniy xizmat ko‘rsatishga);
kasaba uyushmalari huzuridagi bolalar va o‘smirlar sport maktablari (BO‘SM) xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va moliyaviy imkoniyatlari darajasida sport anjomlarini xarid qilish, o‘quv-sport tadbirlarini o‘tkazish uchun qisman mablag‘ ajratishga;
o‘z sport bazalari bo‘lmagan taqdirda, hududiy birlashmalar tomonidan tasdiqlangan BO‘SMning smetasiga muvofiq, istisno tariqasida, binolarni ijaraga olishga;
ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha tashkiliy-ma’muriy xarajatlarni moliyalashtirishga, kadrlarni tayyorlash, o‘qitish, sog‘lomlashtirish tadbirlarida ishtirok etuvchi shifokorlar va boshqa kadrlarning ta’minotiga;
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining tasdiqlangan smetasi, qurilish va rekonstruktsiya qilinadigan ob’ektlarning manzilli ro‘yxatiga muvofiq kasaba uyushmalari sog‘lomlashtirish muassasalari va BO‘SM sport inshootlarini rekonstruktsiya qilinishiga;
ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga.