15.8-jadval
Ma’muriy-boshqaruv, o‘quv-yordamchi va xo‘jalik xodimlarini saqlash bo‘yicha bazaviy me’yorlar1
№
|
Sinflar soni
|
BNZ3
|
1.
|
7 dan 10 gacha
|
80 321 254
|
2.
|
11 dan 13 gacha
|
110 875 488
|
3.
|
14 dan 16 gacha
|
120 531 668
|
4.
|
17 dan 22 gacha
|
136 674 957
|
5.
|
23 dan 29 gacha
|
169 894 874
|
6.
|
30 dan 39 gacha
|
186 576 390
|
7.
|
40 dan yuqori
|
214 149 434
|
Maktab qoshidagi internatning yo‘qligi tufayli 2.1-formulani quyidagi darajada soddalashtirish mumkin:
BSh = (BNZ1*N1*K1 + BNZ2*N2*K2)* Kmsh + BNZ3 + BNZ4 * N * Kto + BNZ5* N3 + BNZ6* N4
|
(15.4.)
|
Endi shu formula asosida bazaviy me’yorlar, tuzatuvchi koeffitsientlar va yuqorida amalga oshirilgan hisob-kitoblar natijalariga ko‘ra 2014 yilga mo‘ljallangan №189-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi budjetini hisoblab chiqaramiz:
BSh = (532 647*533*1,006 + 681 091*588*1,019) * 0,09 + 186 576 390 + 35 539 * 1122 * 1,582 + 301 526 * 19 + 4 868 306 * 3 = 332 424,8 ming so‘m.
Shunday qilib, Toshkent shahrida joylashgan, markaziy isitish tizimiga ega bo‘lgan, o‘quvchilarining o‘rtacha yillik soni 1122 tani tashkil qiluvchi umumta’lim maktabining 2014 yilga mo‘ljallangan budjetining umumiy summasi 332 424,8 ming so‘mni tashkil qiladi. Xuddi mana shu summa maktab smetasining umumiy hajmini belgilab beradi va o‘rnatilgan tartibda smetaning xarajat guruhlari bo‘yicha taqsimlanadi.
Xorijiy davlatlarda qo‘llaniladigan ta’lim tizimini moliyalashtirish modellari tavsifi
O‘zbekiston Respublikasida moliyalashtirishning jon boshiga nisbatan qo‘llaniladigan yangi usullarini tadbiq etish masalalarini o‘rganishdan avval ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan siyosatni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tajribani ta’lim muassasalariga ajratiladigan moliyaviy resurslarni taqsimlash samaradorligini oshirish va ularni boshqarishdagi avtonomlikni mustahkamlash nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
1999 yildayoq YUNESKO tashkiloti Avstraliya, Angliya va Uels, AQSH va Kanada, Yangi Zelandiya kabi mamlakatlar misolida maktablarda me’yoriy moliyalashtirish tajribasining kompleks tahlili natijalarini e’lon qilgan edi (Rossalind Levacic, 1999)1. Bu misollar ta’limni boshqarishda “to‘liq nomarkazlashgan” yondoshuvning shakllanganligidan dalolat beradi va aynan shu yondoshuvlar ko‘pchilik sobiq sotsialistik mamlakatlarda ta’lim muassasalarida jon boshiga qarab moliyalashtirish modellarining ishlab chiqilishiga va tadbiq etilishiga asos soldi.
Ta’lim xizmatlari, boshqa bir qator ijtimoiy xizmatlar (masalan, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot) kabi, ancha qimmat turuvchi ijtimoiy ne’matlar qatoriga kiradi va yuqori malakali mehnat resurslarini, ma’lum moddiy-texnik bazani hamda tegishli moliyaviy resurslarni talab etadi. Dunyo mamlakatlarida ta’lim tizimi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 3 foizdan (AQSH da – 3,3%, Buyuk Britaniyada - 4,3%, Tojikistonda – 2,1 %, Ruminiyada – 3%) 6-7 foizgachasini (Ukrainada - 6%) tashkil qiladi. Ma’lumot uchun shuni aytib o‘tish kerakki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimiga yo‘naltirilayotgan davlat xarajatlari mamlakat yalpi ichki mahsulotining salmoqli qismini tashkil qilmoqda. Ta’lim jarayoni va odamlar tafakkurining yuksalishi o‘rtasidagi uzviylik haqida Prezident I.Karimov BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan Sammitidagi nutqida: “O‘zbekistonda har yili ta’lim uchun sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini tashkil etadi. Holbuki, jahon tajribasida bu ko‘rsatkich 3-5 foizdan oshmaydi”2, - deb ta’kidlaydi.
Ko‘pchilik (ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan) mamlakatlar ta’lim tizimlari davlatdan moliyalashtirish manbalarining ustunligi va bu sektordagi davlat muassasalarining ko‘pligi bilan xarakterlanadi. Rivojlangan mamlakatlarda ta’limni moliyalash manbalari tarkibida 73 foizdan (Germaniyada) 99 foizgacha (Daniyada) qismini davlatga tegishli manbalar tashkil qiladi. Bu mamlakatlarda boshlang‘ich va o‘rta ta’lim asosan davlat mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi, o‘rta ta’limdan keyingi va oliy ta’limda esa nodavlat manbalari ustundir.
Aksariyat sobiq sovet respublikalarida va sobiq sotsialistik mamlakatlarda ta’lim tizimini nomarkazlashtirish sari harakatlar amalga oshirilmoqda. Ta’limni nomarkazlashtirish masalasiga ikki xil yondoshuv mavjud:
mahalliy boshqaruv darajasida nomarkazlashuv;
ta’lim muassasasi darajasida nomarkazlashuv.
Mahalliy boshqaruv darajasidagi nomarkazlashuv sharoitida mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlari hududida joylashgan ta’lim muassasalari, mahalliy ta’lim tizimining bir qismi sifatida, mahalliy hamjamiyatga xizmat qiladi va mahalliy aholining ta’lim xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. O‘z navbatida, mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlari mahalliy aholining ehtiyojlarini aniqlaydi va maktab tarmog‘ini maqsadga muvofiq shakllantiradi, bunda ta’lim xizmatlarining hammabopligi va aholining o‘quv muassasasini tanlashdagi adolatni ta’minlashga alohida ahamiyat beriladi. Mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish darajasidagi nomarkazlashuv Polsha, Litva, Makedoniya, Serbiya, Slovakiya, Rossiya kabi mamlakatlarda keng tarqalgan model bo‘lib, ta’lim muassasalarini bshqarishning bu mamlakatlarda tarixan qaror topgan shakllariga ayniqsa muvofiq keladi.
Ta’lim muassasasi darajasida nomarkazlashuv boshqarish nuqtai nazaridan kuchli, ma’lum avtonomlikka ega bo‘lgan ta’lim muassasalarining faoliyat qilishini nazarda tutadi, odatda bu tashkilotlar moliyaviy, dasturiy va institutsional avtonomlik(mustaqillik)ka ega bo‘lib, ularni zamonaviy menejment bo‘yicha etarli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan professional direktorlar boshqaradilar. Ko‘p hollarda bu muassasalar ota-onalarning, o‘quvchilarning hamda o‘qituvchi xodimlarning manfaatlariga javob beradilar, ularda mavjud pedagogik kadrlar, moddiy-texnikaviy va ijtimoiy sharoitlar esa hamjamiyatdagi boshqa ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lishiga shart-sharoit yaratadi. Sobiq sovet respublikalardan Gruziya va Armanistonda ta’lim muassasasi darajasidagi nomarkazlashuvga erishilgan.
Qator mamlakatlarda (Polsha, Makedoniya, Gruziya, Armaniston kabi) ta’lim tizimlarining nomarkazlashuv jarayonlarini o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatadiki, nomarkazlashuvning qaysi modelini tanlash mamlakatdagi siyosiy holatga, ta’lim tizimining rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi ustuvorliklarga bevosita bog‘liqdir.
Nomarkazlashgan ta’lim amal qilishining moliyaviy jihatlariga kelsak, shuni ta’kidlash zarurki, asosan davlat tomonidan kafolatlangan ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi butun ta’lim tizimini moliyalashtirish davlat moliyasining tarkibiy qismi bo‘lib hisoblanadi, shuning uchun ham bu tizimda butun davlat moliyasiga xos bo‘lgan tartib va qoidalar amal qiladi. Har qaysi davlatda ta’limni moliyalashtirish tizimi uni boshqarish tizimi bilan muvofiqlashgan bo‘lishi kerak.
Nomarkazlashuv sharoitidagi ta’lim muassasalarini moliyalashtirish masalalarini maktab darajasida nomarkazlashuvi hamda mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish darajasida nomarkazlashuvi misolida ko‘rib chiqamiz.
Maktab darajasida nomarkazlashgan ta’limni moliyalashtirishda maktab budjeti maktabdagi bir o‘quvchiga nisbatan hisoblangan ko‘rsatkichlar asosidagi formula bo‘yicha aniqlanadi. Maktab budjetini aniqlab berishga xizmat qiluvchi va milliy (mamlakat bo‘yicha yagona) yoki hududiy darajada ishlatiladigan bu formula bir qator omillarni, jumladan, maktabning xususiyati, joylashishi, xizmat ko‘rsatilayotgan kontingentning o‘ziga xosligini, boshqa ustuvorliklarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lishi kerak.
Mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish darajasida nomarkazlashish sharoitida ham maktab budjeti formula asosida aniqlanadi, shu bilan birga, ta’lim muassasalari uchun markaziy budjetdan budjet transfertlari ko‘zda tutiladi, bunda hudud bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlarni qo‘llash natijasida formula birmuncha sodda bo‘lishi mumkin. Ta’lim tizimini to‘liqrq moliyalashtirish maqsadida ular boshqa manbalardan ham foydalanishlari mumkin.
Formula asosida aniqlangan maktab budjetining umumiy ta’limga ajratilgan mablag‘lar tarkibidagi ulushi mamlakatlar bo‘yicha ham, mamlakat ichidagi hududlar bo‘yicha ham turlicha bo‘lishi mumkin, lekin hamma holatda ham maktab o‘ziga formula asosida ajratilgan budjetga o‘zi egalik qiladi.
Ayrim mamlakatlarda jon boshiga moliyalashtirish formulalarini tadbiq etishning bir qator xususiyatlarini ko‘rib o‘tamiz.
Rossiya. Rossiya Federatsiyasida jon boshiga qarab me’yoriy moliyalashtirishni joriy qilish ta’lim tizimini modernizatsiyalash dasturi bilan belgilangan uni isloh qilishning asosiy moliyaviy-iqtisodiy mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Byudjetdan jon boshiga qarab moliyalashtirishga o‘tish har bir o‘quvchining qaerda yashashidan, u yashaydigan munitsipalitet1 budjetining imkoniyatlaridan va boshqa sharoitlardan qat’iy nazar, standart sifatdagi va hajmdagi ta’lim xizmatlarini olishni kafolatlaydi.
2003 yil 4 iyulda “О внесении изменений и дополнений в Федеральный закон “Об общих принципах организации законодательных (представительных) и исполнительных органов государственной власти субъектов Российской Федерации” №95-ФЗ-sonli Federal qonunning qabul qilinishi bilan federal, hududiy va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasida vakolatlarni taqsimlash jarayoni boshlandi. Ta’lim sohasiga bu Qonun umumiy ta’lim bo‘yicha davlat kafolatlarini ta’minlash vakolatlarini munitsipal darajadan hududiy darajaga subventsiya1 mexanizmi orqali ko‘chirish natijasida o‘zgartirish kiritdi. Eng oddiy shaklda subventsiya hajmi bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajatlar asosida aniqlanadi, o‘z navbatida, o‘rtacha xarajatlar o‘tgan moliyaviy yildagi ta’lim muassasasining tipi bo‘yicha qilingan haqiqiy xarajatlarni o‘quvchilar soniga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi. Bunda munitsipalitetlar bo‘yicha xarajatlar o‘rtasidagi farq tuzatuvchi koeffitsientlarni qo‘llash orqali tekislanadi. Har bir munitsipal tuzilmada o‘zining tuzatuvchi koeffitsienti qo‘llaniladi, u esa munitsipalitet bo‘yicha qilingan haqiqiy xarajatlarni o‘rtacha (me’yoriy) xarajatlar asosida hisoblangan xarajat hajmiga bo‘lish orqali hisoblab topiladi.
Mahalliy va maktab darajasida normativ printsipni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun, birinchi navbatda, normativ bo‘yicha aniqlangan budjet mablag‘larini har bir maktabga etkazish texnologiyasi muhim ahamiyatga ega. Ushbu texnologiya umumiy ta’limning davlat ta’lim standartini amalga oshirish xarajatlari me’yorini hisoblash tartibini o‘z ichiga oladi2. Har bir munitsipal tuzilma uchun umumiy ta’limning davlat ta’lim standartini amalga oshirish xarajatlari me’yori quyidagi formula asosida hisoblanadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |