16.2-rasm. Sog‘liqni saqlash tizimini mablag‘ bilan ta’minlash manbalari1
Sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni tashkil etish ushbu tarmoqqa mablag‘lar qo‘yishning ob’ektiv shartliligidan kelib chiqiladi. Sog‘liqni saqlashga yo‘naltirilayotgan mablag‘ning eng kam miqdori takror ishlab chiqarishning iqtisodiy shartlari bilan belgilanadi. Sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishga davlat tomonidan mablag‘ jalb etishning zarurati shu bilan bog‘liqki, jamoat salomatligi jamiyat hayotiy faoliyati va taraqqiyotining muhim sharti sifatida namoyon bo‘ladi. Sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish mexanizmi takomillashtirish va mazkur sohaga yo‘naltirilgan budjet mablag‘larini ishlatilish xususiyatlari o‘rganiladi. Ushbu sohani mablag‘ bilan ta’minlash mabalari quyidagi 1.2-rasmda ko‘rsatilgan.
Bundan kelib chiqqan holda shuni ta’kidlash joizki, mamlakatimizda ijtimoiy sohalar rivojlanishi uchun uning moliyaviy ta’minlanish darajasi yuqori o‘rin tutmoqda. Mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishida sohani moliyalashtirishni hamda mablag‘lardan samarali foydalanishni yanada takomillashtirish bugungi kun tartibidagi muhim masalalardan bo‘lib qolmoqda. Sog‘liqni saqlashni rivojlantirishda davlatga muhim ahamiyat berilishi quyidagi uch asosiy sharoit bilan asoslanadi: birinchidan, kambag‘allikni qisqartirish va xizmat uchun esa o‘zi haq to‘lay olmaydiganlarni tibbiy yordam bilan ta’minlashning zarurati; ikkinchidan, tibbiy xizmatlarning ba’zi ko‘rinishlari ijtimoiy ne’mat hisoblanadi va u tashqi samaraga ega. Masalan, kasallik tarqatuvchilar bilan kurashgan, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tibbiy bilimlarni tarqatish va nihoyat, uchinchidan, sog‘liqni saqlashga hamda tibbiy sug‘urta bozori mexanizmi kamchiliklarni bartaraf etish. Shu sababdan ham barcha mamlakatlarda davlat sog‘liqni saqlash tizimiga aralashadi.
16.3. Sog‘liqni saqlash sohasi harajatlarini mablag’ bilan ta’minlashda davlat budjetining tutgan o’rni
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishning asosiy manbasi sifatida davlat budjeti mablag‘larini keltirib o‘tishimiz mumkin. Ma’lumki, tibbiy xizmatlar ancha qimmat turadigan ne’mat bo‘lib, har bir kishi o‘z hayoti davomida iste’mol qilishi mumkin bo‘lgan tibbiy xizmatga haq to‘lash uchun qancha mablag‘ yig‘ib qo‘yish lozimligini avvaldan bilmaydi. Lekin bir guruh fuqarolar birlashib, yoki butun bir jamiyat bu maqsadga mo‘ljallangan mablag‘ni jamg‘arishi mumkin. Shu munosabat bilan sog‘liqni saqlash tizimini aralash moliyalashtirish shakliga o‘tish masalasi islohotlarning markazida turgan masala sifatida qaralishi mumkin.
Moliyalashtirishning har bir manbasi o‘ziga xos xususiyatlarga ega, jumladan:
1. Davlat budjeti: − Byudjetdan moliyalashtirish tibbiyot muassasalarining ishlab chiqarish quvvatlari asosida amalga oshiriladi;
− Ijtimoiy adolat ta’minlanadi;
− Barcha aholi uchun bir xil hajmdagi xizmatlar kafolatlanadi;
− Boshqarish va nazorat qilish uchun nisbatan oddiy va arzon;
− Moliyalashtirish tizimi maqbul va qulay.
2. Majburiy ijtimoiy (tibbiy) sug‘urta: − Ijtimoiy adolatning ta’minlanishi;
− Barcha aholi uchun bir xil hajmdagi xizmatlarning kafolatlanishi;
− Mablag‘larni to‘plash va mijozlarni himoya qilish uchun xarajatlarning ortib borishi;
− Ish beruvchilar tomonidan norozilik kelib chiqishining mumkinligi.
3. Xususiy tibbiy sug‘urta: − ajratmalarning aksariyat hollarda iste’molchilarning to‘lash qobiliyatiga emas, ularning ehtiyojiga bog‘liqligi;
− tabaqalashgan tibbiy yordam dasturlarining amal qilishi;
− xarajatlar hajmining oshib borishi;
− butun sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘larning etarli emasligi;
4. To‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlar: − adolatli emasligi;
− risklarni umumlashtirmasligi va keng taqsimlash imkoniyatiga ega emasligi;
− butun tizimni etarli resurslar bilan ta’minlay olmasligi.
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash xarajatlari hozirgi kunga qadar asosan davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilib kelinmoqda. Bu mablag‘larning ham qariyb 65-70 foizi xodimlarning ish haqiga sarf etilmoqda. Shunga qaramasdan, soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi texnika va texnologiyalarni joriy qilish uchun asosan budjet mablag‘larining o‘zi, davlat resurslarining chegaralanganligi bois, etarli emasligini amaliyot isbotlab turibdi. Shuning uchun ham sog‘liqni saqlashni isloh qilishning dolzarb yo‘nalishlaridan biri – tarmoqni moliyalashning ko‘p kanalli tizimini joriy etish ekanligi e’tirof etildi.
Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan sog‘liqni saqlash muassasalarini moliyalashtirish va ularga ajratiladigan mablag‘larni rejalashtirish xarajatlar smetasi asosida amalga oshiriladi. Hozirgi kunda qo‘llanilayotgan smetali moliyalashtirish (moddalar bo‘yicha moliyalashtirish)ning afzalliklari bilan birgalikda qator kamchiliklari ham mavjud. Bugungi kunda mamlakatimizda sog‘liqni saqlashga qilinayotgan xarajatlar YaIM ga nisbatan 4% dan oshyapti (17.4-rasm). Agar 2004 yilda mamlakatimiz YaIM dagi sog‘liqni saqlashga ketayotgan davlat budjeti xarajatlari 2,3% ni tashkil etgan bo‘lsa 2014 yilga kelib uning ulushi 4,6% ni tashkil etmoqda. 2015 yilda esa 5,1% ni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan asosan davlat kafolati ostidagi tibbiy-sanitariya xizmatlari doirasida bepul ko‘rsatiladigan yordamni moliyalashtirishni amalga oshiriladi ular jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin:
shoshilinch kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatish;
ambulatoriya-poliklinika yordamini ko‘rsatish;
aholini qator yuqumli kasalliklarga qarshi immunitsizatsiyalash va emlash;
ijtimoiy ahamiyatga ega va atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan kasalliklar (sil, onkologik, ruhiy, narkologik, endokrinologik va kasb kasalliklari) bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam;
14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tekshirish va davolash (pulli xizmat ko‘rsatadigan muassasalardan tashqari);
15-17 yoshdagi o‘smirlar va harbiy chaqiruv komissiyasi yo‘llanmasi bo‘yicha chaqiruv yoshidagi (18-27 yosh) shaxslarni tekshirish va davolash;
Tug‘ishda yordam beriladigan xizmat ko‘rsatish (pulli xizmat ko‘rsatadigan muassasalardan tashqari);
davlat davolash-profilaktik muassasalarida imtiyozga ega toifadagi bemorlarni davolash (nogironlar, urush faxriylari, etimlar).
Ijtimoiy sohalar faoliyatini rejalashtirishning bir necha o‘n yilliklar davomida shakllangan tartiblarga muvofiq, sog‘liqni saqlash muassasalari faoliyatini rejalashtirish odatda quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
1. Aholi soni va aholining tibbiyot muassasasidagi o‘rinlarga ehtiyoj me’yorlari asosida tibbiy muassasaning ishlab chiqarish quvvatlari (u yoki bu profil yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rinlar - koykalar soni) ni aniqlash;
2. Mazkur muassasa uchun o‘rnatilgan namunaviy shtat normativlari bo‘yicha zarur shtat normativlari sonini hisoblab topish;
3. Koykalar soni va tuzilishi (terapevtik, xirurgik, nevrologik)ga ko‘ra ish hajmini rejalashtirish;
4. Shtatlar jadvali, ishlab chiqarish quvvatlari va koykalar ishining ko‘rsatkichlari (koyka-kunlar soni) ga asoslanib tibbiyot muassasasini saqlash uchun moliyaviy resurslarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash.
Demak, sog‘liqni saqlash sohasidagi har bir muassasaning ishi operativ tarmoq ko‘rsatkichlari, masalan:
kasalxonalardagi o‘rtacha yillik o‘rinlar soni (jami va o‘rinlar profillari bo‘yicha),
• ambulatoriya-poliklinikalarda vrach qabullari (kasalni ko‘rish) soni bilan tavsiflanadi.
Xarajatlarni rejalashtirishda shu narsa muhimki, davolash-profilaktika muassasasi aholiga tibbiy yordamni asosan ikki shaklda ko‘rsatadi. Kasalxonaga muqim yotqizib «statsionar» (turg‘un) davolash va ambulatoriya-poliklinikada yordam ko‘rsatish. Turg‘un davolash muassasalarining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri - o‘rin-kunlar soni bo‘lsa, ambulatoriya-poliklinika muassasasining asosiy ko‘rsatkichini vrach lavozimlari soni va vrach qabullari soni tashkil qiladi. Shunga qarab xarajatlarni hisoblash usuli tanlanadi.