Bog'liq УУК Давлат бюджети 2017 2018 бошка йуналишларга (4)
16.1-jadval Alohida omillarning aholii salomatligiga ta’sirini baxolash1
Ta’sir etuvchi omillar
Ta’sir etish ko‘rsatkichi
Turmush tarzi va shart sharoitlari
48-50%
Atrof-muxitning xolati
20-22%
Inson (genetikasi)biologiyasi
18-20%
Sog‘liqni saqlash
8-14%
Biron bir mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish xususida gap borar ekan, korxona rahbari uchun kam xarajat qilib eng yaxshi natijaga ega bo‘lishi va to‘g‘ri tanlov qilishi mumkin bo‘lgan eng samarali mexanizmi bu bozor hisoblanadi. Ko‘pgina mustaqil ishlab chiqaruvchi va iste’molchilar bo‘lgan bozorga o‘z mahsuloti yoki xizmatini sotish uchun tayyorlar ekan, u iloji boricha resurslarini tejamli ishlatib, ko‘proq foyda olishga intiladi. Bozor ishlab chiqaruvchiga moddiy resurslarini tejash uchun texnologik jarayonlarini qanday takomillashtirishi, kadrlardan samarali foydalanish uchun-xodimlar boshqaruvini qay tariqa yaxshilashi, shuningdek, pul mablag‘larini yaxshiroq ishlatishi lozimligini o‘rnatadi. Bu borada sog‘liqni saqlash sohasida batamom o‘zgachadir: tibbiy xizmatlarning o‘ziga xos xususiyatlari borki, ular tufayli har qanday boshqa mahsulotlar kabi erkin bozorda sotish va sotib olish mumkin emasdir.
Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish – bugungi kunda jahonning juda ko‘p davlatlari kun tartibidagi masala. Jahon Sog‘liqni saqlash Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning 67 ta (ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan) mamlakatlarida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish jarayonlari kechmoqda. Bu islohotlar quyidagi maqsadlarni ko‘zlab amalga oshirilmoqda:
sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatining samaradorligini oshirish;
tarmoqqa qo‘shimcha moliyaviy mablag‘lar jalb qilish imkoniyatlarini topish;
tarmoqning mehnat, moddiy va moliyaviy resurslaridan ratsional foydalanish asosida sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanishni kafolatlash;
aholining qarib borishi, kasallanish tarkibi va tuzilishining o‘zgarishi, yangi tibbiy texnologiyalarning paydo bo‘lishi, sog‘liqni saqlashga xarajatlarning oshib borishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish va boshqalar.
Aholi salomatligi holatini aniqlashtiruvchi asosiy omillardan biri sog‘liqni saqlashni tashkil etish tizimi va uning moddiy-texnik ta’minoti hisoblanadi. Mamlakatimizda fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashning asosiy printsiplari sifatida quyidagilar belgilab berildi.1:
sog‘liqni saqlash sohasida inson huquqlariga rioya qilinishi;
aholining barcha qatlamlari tibbiy yordamdan bahramand bo‘la olishi;
profilaktika chora-tadbirlarining ustunligi;
sog‘lig‘ini yo‘qotgan taqdirda fuqarolarning ijtimoiy himoya qilinishi;
tibbiyot fanining amaliyot bilan birligi.
O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlari yig‘indisidan iborat yagona sog‘liqni saqlash tizimi amal qiladi2.
Davlat sog‘liqni saqlash tizimiga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari, ularning shahar va tuman bo‘linmalari kiradi. Davlat sog‘liqni saqlash tizimiga davlat mulki bo‘lgan va davlat sog‘liqni saqlash tizimining boshqaruv organlariga bo‘ysunuvchi davolash-profilaktika va ilmiy-tadqiqot muassasalari, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari tayyorlaydigan hamda ularni qayta tayyorgarlikdan o‘tkazadigan o‘quv yurtlari, farmatsevtika korxonalari va tashkilotlari, sanitariya-profilaktika muassasalari, sud-tibbiy ekspertiza muassasalari, tibbiy dori-darmonlar va tibbiyot texnikasi ishlab chiqaradigan korxonalar hamda asosiy faoliyati fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash bilan bog‘liq boshqa korxona, muassasa va tashkilotlar kiradi. Ilmiy-tadqiqot institutlarining klinikalari, vazirliklar, idoralar, davlat korxonalari, muassasa va tashkilotlari barpo etadigan davolash-profilaktika va dorixona muassasalari davlat sog‘liqni saqlash tizimiga kiradi.
Davlat sog‘liqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalari aholiga davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam ko‘rsatadi. Bepul tibbiy yordam ko‘rasatish hajmi va tartibi qonun hujjatlar bilan belgilanadi. Davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmining belgilangandan ortiqcha tibbiy va boshqa xil xizmatlar ko‘rsatish qo‘shimcha xizmatlar bo‘lib, aholi tomonidan belgilangan tartibda haq to‘lanadi.
Sog‘liqni saqlash tizimidagi xarajatlarning yuqoriligi va samarasizligining davom etishi bilan bog‘liq muammolarni hal etish maqsadida 1998 yil 10 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining №PF-2107-sonli “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi Davlat dasturi to‘g‘risida” gi Farmoni qabul qilindi, unga ko‘ra “1998-2005 yillarda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish Kontseptsiyasi” qabul qilindi.
Davlat dasturida qo‘yilgan maqsadga muvofiq ravishda sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarning asosiy vazifalari belgilandi:
aholiga birlamchi tibbiy-sanitar yordamning kafolatli darajasi va sifatini davlat tomonidan ta’minlash;
aholiga shoshilinch tibbiy yordam tizimini mustahkamlash;
davolash-profilaktik muassasalarini tashkil etish va joylashtirish tizimini mukammallashtirish, umumiy amaliyot vrachi tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish;
tibbiy xizmat bozorini va tibbiyot sug‘urtasini tashkil etish;
sog‘liqni saqlash boshqaruv tizimini soddalashtirish evaziga samaradorlikni oshirish, davolash-profilaktik muassasalariga erkinlik berish, sog‘liqni saqlashda nodavlat bo‘g‘in va xususiy davolash amaliyotini rivojlantirish;
budjet sarf-xarajatlari samaradorligini oshirish va qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini jalb etish orqali sog‘liqni saqlash tizimining moliyaviy asosini takomillashtirish;
tarmoqni isloh qilishning huquqiy-me’yoriy bazasini yaratish;
tibbiyot xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va kasbiy malakasini oshirish jarayonini mukammallashtirish;
jismoniy tarbiya va aholi salomatligi profilaktikasining turli shakllarini rivojlantirish;
xalqaro hamkorlikni kengaytirish va sohaga chet el investitsiyalari va texnologiyalarini jalb etish.
Birlamchi tibbiy yordam muassasalarini jadal rivojlantirish ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam tizimining hozirgi zamon talablaridan muayyan orqada qolayotganligi hamda uni isloh qilish zarurligidan kelib chiqqan holda 2003 yilning 26 fevralida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF№3214-sonli “Sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmoni qabul qilindi va uni ijrosini ta’minlash maqsadida 2003 yilda to‘rtta Respublika ixtisoslashtirilgan markazi - xirurgiya, kardiologiya,urologiya va ko‘z mikroxirurgiyasi markazlari tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 276-sonli “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida” gi Qarori qabul qilindi va unga ko‘ra tibbiyot xodimlari va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lashning yangicha va o‘ziga xos xususiyati amal qila boshladi.
Qo‘lga kiritilgan yutuqlar tarmoqdagi boshqa muammolarga yanada tanqidiy yondashuvni qo‘llash imkonini berdi. Chunonchi, sog‘liqni saqlashni boshqarish tuzilmasi samaradorligi pastligi, tashhisot xizmatini hamda yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatiladigan ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarni rivojlantirish zarurati yuzaga keldi. Ushbu muammolarni hisobga olgan holda 2007 yilning 19 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF№3923-sonli “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish davlat dasturini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida” gi Farmoni qabul qilindi va unda avval belgilab berilgan ustuvor vazifalar bo‘yicha ishlarni faollashtirish bilan birga, sog‘liqni saqlashni boshqarish tizimini qayta tashkil qilish, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tarmog‘ini yanada rivojlantirish va shunday yangi markazlarni tashkil etish (akusherlik va ginekologiya, pediatriya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, dermotologiya va venerologiya, ftiziatriya va pulmonologiya, endokrinologiya markazlari),yuqori malakali kadrlar va zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanadigan diagnostika xizmatlari tarmog‘ini keng rivojlantirish, aholini virusli va yuqumli kasalliklardan himoya qilish, OIV/OITS kasalligini oldini olish tizimi samaradorligi va ishonchliligini, avvalo zararlanish manbalarini profilaktika qilish va tugatishga qaratilgan chora-tadbirlarni hisobga olish, ayollar va bolalar sog‘lig‘ini saqlash, bo‘lg‘usi onalar sog‘lig‘i holati ustidan nazorat qilish tizimi sifatini tubdan oshirish, skrining markazlar, pediatriya va tug‘ruq muassasalarining moddiy-texnik bazasini, ayniqsa qishloq joylarida yanada rivojlantirish va mustahkamlash,kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirishga ko‘maklashish vazifalari ilgari surildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 2 oktyabrdagi PQ№700-sonli “Respublika tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qarorida Respublikaning butun sog‘liqni saqlash tizimining-vazirlikdan tortib to tuman tibbiyot birlashmasigacha tuzilmasi belgilab berildi.
Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish, tibbiyot muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, zamonaviy talablar va standartlarga muvofiq aholiga yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishni ta’minlash, respublika sog‘liqni saqlash tizimida boshqarish va mehnatni tashkil etishning ilg‘or shakl hamda uslublarini joriy etish maqsadida 2011 yilning 28-noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ№1652-sonli “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qarori qabul qilindi. Ushbu Qarorga ko‘ra 2012-2015 yillarda respublikamizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi (16.1-rasmga qaralsin).