O’ZBEKISTONDA VIJDON ERKINLIGI.
REJA:
1.Vijdon erkinligi tushunchasi. O’zbekistonda vijdon erkinligining Asosiy Qonun bilan kafolatlanishi.
2.O’zbekistonda faoliyat ko’rsatayotgan diniy konfessiya va tashkilotlar.
3.Missionerlik va prozelitizm xavfning bartaraf etilishi.
Tayanch tushunchalar: Vijdon erkinligi tushunchasi.Xalqaro me’yoriy hujjatlarda vijdon erkinligi. O’zbekistonda vijdon erkinligining Asosiy Qonun bilan kafolatlanishi. O’zbekistonda faoliyat ko’rsatayotgan diniy konfessiya va tashkilotlar. Missionerlik va prozelitizm xavfning bartaraf etilishi. Ma’rifiy islomni targ’ib etish-yoshlarni diniy mutaassiblik, aqidaparastlik va ekstremistik g’oyalardan muhofaza etishning oqilona yo’li.
8.1. Vijdon erkinligi tushunchasi.O’zbekistonda vijdon erkinligining Asosiy Qonun bilan kafolatlanishi. Din va Qonun o’zaro munosabatlarini yaxshi bilish demokratik jamiyat poydevorini mustahkamlaydi. O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni turli diniy jamoa a’zolarining huquqlari, majburiyatlari haqida to’la ma’lumot beradi. O’quvchilarda qonunga hurmat hissini, o’zininggina emas, boshqalarning ham diniy his-tuyg’ularini hurmat qilish, tushunishga harakat qilish, o’z shaxsiy fikrlarini boshqa kishilarga tazyiq bilan o’tkazish g’ayriqonuniy xatti-harakat ekanligi, jamoat joylarida diniy masalalarda zo’ravonlik, tajovuzkorlikka yo’l qo’ymaslik dunyoqarashini shakllantiradi.
O’zbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatiga kirib borayotgan bir sharoitda uning fuqarolari turli konfessiyalar vakillari bilan muloqot etishning yuksak madaniyatiga ega bo’lishi ham juda muhimdir.
Din tabiat, jamiyat, inson va uning ongi, yashashdan maqsadi hamda taqdiri insoniyatning bevosita qurshab olgan atrof-muhitdan tashqarida bo’lgan, uni yaratgan, ayni zamonda insonlarga to’g’ri, haqiqiy, odil hayot yo’lini ko’rsatadigan va o’rgatadigan ilohiy qudratga ishonch va ishonishni ifoda etadigan maslak, qarash, ta’limotdir.
Din muayyan ta’limotlar, his-tuyg’ular, toat-ibodatlar va diniy tashkilotlarning faoliyatlari orqali namoyon bo’ladi. U olam, hayot yaratilishini tasavvur qilishning alohida tariqasi, uni idrok etish usuli, olamda insoniyat paydo bo’lgandan to bizgacha o’tgan davrlarni ilohiy tasavvurda aks etishidir. Din komil insonni tarbiyalashda salmoqli tarbiyalovchi qudratga ega bo’lgan ma’naviy-axloqiy kuchdir.
Din nima ekanligi turlicha izohlansa-da, umumiy nuqtai nazar shuki, din ishonmoq tuyg’usidir. Ishonmoq tuyg’usi insoniyatning eng teran va eng go’zal ruhiy-ma’naviy ehtiyojlaridandir. Dunyoda dini, ishonchi bo’lmagan xalq yo’q. CHunki muayyan xalq dinsiz, e’tiqodsiz, biror-bir narsaga ishonchsiz holda yashay olmaydi.
Dinshunoslikda dinga «dinning o’zi nima?», «uning mohiyati nimadan iborat?» degan savol nuqtai nazaridan yondashishdan tashqari din «qay tarzda faoliyat olib boradi?» degan savol nuqtai nazaridan ham yondashuv mavjud. Bu masala bilan ko’proq din sosiologiyasi shug’ullanadi.
Sosiologik nuqtai nazardan qaralganda din jamiyat uchun zaruriy narsa, ijtimoiy hayotning ajralmas qismidir. U ijtimoiy munosabatlarni yuzaga keltiruvchi va amalga oshiruvchi omil sifatida namoyon bo’ladi. Bu degani dinni jamiyatdagi bajaradigan vazifalariga ko’ra o’rganish mumkin demakdir.
Dinning vazifalari deganda uning alohida shaxsga va jamiyatga ta’sir qilish yo’li va tabiati nazarda tutiladi. Bunda har bir din unga e’tiqod qiluvchi muayyan bir shaxsga u yoki bu jamoaga va umuman jamiyatga nima beradi? Insonlar hayotiga qanday ta’sir ko’rsatadi? Shunga o’xshash masalalar o’rganiladi.
Dinning ijtimoiy vazifalari haqidagi ta’limotni dinshunoslikda funksionalizm rivojlantiradi. Funksi-onalizm jamiyatga ijtimoiy tizim sifatida qaraydi: unda jamiyatdagi har bir element muayyan funksiyani bajaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |