Oybotarda laylatul qadr bo‘loyin.
Yilbotarda Ollohday sir bo‘loyin,
Oybodomda Oy ko‘ngli ne biloyin.[14, 69]
Bu birliklar imlo va izohli lug‘atlarda uchramaydi, ammo matnda o‘zining o‘rniga ega [16]. SHuningdek yasalmalar, albatta, mavjud so‘z yasash qoliplariga zid emas [13]. Ular qo‘shma so‘zlarning nutqiy taraqqiyoti bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan. Shoirning kompozitsion usuldagi yasalmalariga xos asosiy jihat shundaki, ular matnda mavjud qolipga mos holda grammatik va mazmun tomonlariga e’tibor qaratilib yasalgan. Ya’ni bu jihat muallifning matnda qo’llayotgan har bir so’zi haqida chuqur bilim darajasiga ega ekanligini isbotlaydi:
Tog‘da jilg‘a kabi jildiragan yo‘l,
Sen asli yo‘lmisan, yo‘lovchimi yo?
Xarsanglar ko‘ksida hilpiragan gul,
Sen o‘zi gulmisan, gulovchimi yo?
Anglashiladiki, she’rda ishlatilgan gulovchi (ot+ot) kompozitsion yasalmasi avvalgi bandda ishlatilgan yo‘lovchi so‘ziga qofiyadosh va morfemik jihatdan o‘xshash shaklda yasalgan. SHu o‘rinda yo‘lovchi so‘zining morfem tuzilishi e’tiborni tortadi. Chunki bu so‘z sodda yasama so‘zmi yoki qo‘shma so‘zmi degan savol tug‘ilishi tabiiy. Yo‘la+vchi(shaxs oti yasovchi qo‘shimcha) / yo‘l+ovchi (ot+ot) morfem tarkiblarining har ikkalasi ham mavjud qonunlarga zid emas va mohiyatan ham buzilish bo‘lmaydi. Kontekstual jihatdan yondashuv esa matnda yo‘lovchi so‘zi qo‘shma so‘z ekanligini ko‘rsatadi. Ijodkor qo‘shma so‘zlarning asosiga alohida ishora beradi: yo‘l- yo‘lovchi, gul- gulovchi tarzida. Shuningdek aynan shu matnda muallifning tafakkur darajasi nuqtayi nazaridan “ovchi” so’ziga yangi ma’no ifodasi ham yuklanyapti.
Bundan tashqari shoirning faqat qo‘shma so‘zlar asosida yaratilgan she’ri ham mavjud bo‘lib, she’r nomi ham “Qo‘shmaso‘zlarim” deb nomlanadi. Shundan ko‘rinib turibdiki, muallifning bu usulda yangi so‘z hosil qilishga qiziqishi alohida. She’rda ijodkorning qo‘shma so‘zlar imlosiga doir ilmiy qarashlarining ham aks etganini, ya’ni barcha qo‘shma so‘zlarning qo‘shib yozilganini ko‘rishimiz mumkin:
Momomehrim,momoso‘zlimsan,
Singildilim,singilyuzlimsan,
O‘tardunyo,kelardunyoda
Ko‘ngiltilim,ko‘ngilko‘zlimsan [17, 322].
Yuqoridagi misralar bilan boshlanadigan she’rda so‘z ijodkori 32 ta qo‘shma so‘zni mohirlik bilan o‘n olti misraga joylagan. Qizig‘i, barcha birliklar qo‘shib yozilgan va she’rda ishlatilgan birliklardan uchtaginasi (ona tili, ko‘zyosh, vaqtichog‘) tilda faol birliklar. Yana bir jihati ijodkor yangi yasalmalarni biri biri bilan mantiqan shunday bog‘laydiki, she’rda boshqa grammatik vositaga ehtiyoj ham bo‘lmaydi, butun bir matnda bittagina “va” bog‘lovchisining ishlatilgani fikrimizning isboti bo‘ladi. Bu kabi ijodkorona mahorat asosida yaratilgan okkazional yasalmalar Eshqobil Shukur ijodida ko‘plab uchraydi hamda ular muallifning turli sohalarga oid bilimlarini ko’rsatib berishi bilan ahamiyatli. Shu ma’noda bunday birliklar muallif tafakkurining oynasi sifatida o’quvchilarga yangi bilimlarni berishi bilan ahamiyatli.
Quyida Eshqobil Shukurning birgina she’riy to’plamidagi muallif so’z ijodkorligi asosida yaratilgan so’zlarning guruhlanishini namuna qilamiz:
Do'stlaringiz bilan baham: |