I. CHORVA MOLLARI VA ULARNING AHMIYATI
1.1. Yirik shoxli chorva mollari
Qishloq xo‘jalik hayvonlarining kelib chiqishini o‘rganish nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi. Hayvonlarning kelib chiqishini o‘rganish bilan ulardagi evolutsion jarayonda ro‘y bergan o‘zgarishni ilg‘ash bilan birga amaliy ahamiyat kasb etadi, ya’ni yovvoyi ajdodlardan foydalanib yangi zotlar yaratish, mavjudlarini takomillashtirish imkoniyatlarini beradi.
Qishloq xo‘jalik hayvonlarini qo‘lga o‘rgatish va xonakilashtirish bundan 10- 12 ming burun ibtidoiy odamlarning yovvoyi hayvonlarni ovlashidan boshlangan. Ovdan bo‘shashgan va yarador hayvonlarning olib kelinishi, yosh yovvoyi hayvonlarni turli usullar bilan ushlab ularni qo‘ra yoki g‘orlarda saqlash qo‘lga o‘rgatishning boshlanishidan dalolat, odamlar ushbu hayvonlarni asosan zaxira go‘sht va hayrat uchun saqlaganlar.
Qo‘lga o‘rgatilgan hayvonlarni odamlar himoya qilgan, oziqlantirilgan, asragan, lekin ko‘pchilik hollarda ular tutqunlikda avlod bermaganlar, ayrimlaridan shunday sharoitda ham avlod olingan. Yosh hayvonlar osonroq qo‘lga o‘rgangan.
Uy hayvonlarining kelib chiqish mintaqalari ularning yovvoyi ajdodlarini tarqalishiga qarab ro‘y bergan. Asosiy xonakilashtirish mintaqalari bo‘lib Yefrat va Tigr daryolari vodiysi, Hindiston, Hindixitoy, Xitoy, Shimoliy-Sharqiy Afrika-Nil daryosining quyi oqimi, Kavkaz orti, Dnepr daryosining quyi oqimi, Eron va O’rta Osiyo hisoblanadi. Ko‘pchilik hayvonlar Osiyoda qo‘lga o‘rgatilib, xonakilashtirilgan(it, qoramol, ot, qutos, echki, qo‘y, cho‘chqa, bug‘u, ikki o‘rkachli tuya, tovuqlar, tovuslar, kaptarlar, g‘ozlar, o‘rdaklar, asalari va ipak qurti, Yevropada- it, qoramol, ot, qo‘y, quyon, cho‘chqa, g‘oz, o‘rdak va asalarilar hisoblanadi. Amerikada lamalar, kurkalar va muskus o‘rdaklari, Avstraliyada esa faqat nandu tuyaqushlari xonakilashtirilgan). Yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirilishi qator fanlar va usullar yordamida ikkilamchi ko‘rsatgichlar asosida o‘rganiladi: arxeologik, anatomik, fiziologik, etnografik.
Arxeolglar qo‘rg‘onlar, ibtidoiy kulbalar joylarini qazish natijasida topilmalar chiqqan qatlamlar asosida xonakilashtirilish yoshini aniqlaydilar. Anatomlar esa qazilmalarda topilgan suyaklarni hayvonlarning suyaklari bilan solishtirib o‘xshashligini va evolutsiya davomidagi o‘zgarishlarni bilib oladilar. Fiziologik usul yordamida xonaki hayvonlar bilan yovvoyi ajdodlarining oqsil tarkibi, qoni bilan solishtirib ularning kelib chiqishini aniqlash mumkin. Etnografik usul esa ajdodlarimizning hayvonlarning tasviri tog‘, qoya toshlariga va turli madaniy turmush ashyolarga tushirishiga qarab aniqlanadi, ya’ni qoya tasvirlar hozirgi hayvonlar tana tuzilishi bilan solishtirib turiladi.
Hayvonlar quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
A) Yovvoyi hayvonlar-tabiat mahsuloti bo‘lib, himoya tusi, ko‘zgaluvchan nerv tipi, kam mahsuloti va kech yetilishi bilan ta’riflanadi.
B) Qo‘lga o‘rgatilgan hayvonlar-tutqunlikda ko‘payishi va avlod qoldirish imkoniyatlaridan mahrum(fillar, ov burgutlari).
V) Uy hayvonlari – xonakilashtirilgan va inson mehnati singgan hayvonlar.
G) Qishloq xo‘jalik hayvonlari – xonaki hayvonlar bo‘lib, insonlarning chorva mahsulotlariga bo‘lgan talablarini qondirish maqsadida ishlab chiqarishda foydalanadilar.
Ibtidoiy odamlar dastlab osonlikcha qo‘lga o‘rgatish mumkin bo‘lgan mayda hayvonlarni xonakilashtirishgan. Itlardan keyin 7-8 ming burun qo‘y va echkilar qo‘lga urgatilgan. Qo‘ylarning yovvoyi ajdodlari bo‘lib muflon, arhar va argali hisoblanadi. Echkilar qilichsimon va parsimon shoxli, hamda ibeks yovvoyi echkilaridan kelib chiqqan. Bundan 5-6 yil ilgari Osiyo va Yevropa tung‘izlari xonakilashtirilgan.
Qoramollar eramizdan 5 ming yil oldin xonakilashtirilgan, uning ajdodi – tur hisoblanadi, faqatgina 4-5 ming yil burun otlar xonakilashtirilgan. Otlarning ajdodi bo‘lib Prjevalskiy oti va tarpan hisoblanadi. Eshshaklar yovvoyi Afrika eshshaklaridan kelib chiqqan. Eramizdan 3-2 ming yil oldin ikki o‘rkachli(bakterian), bir o‘rkachli(dramedar) tuyalar xonakilashtirilgan. Shimol bug‘ulari esa otlardan oldin yovvoyi shimol bug‘usidan kelib chiqqan.
Quyonlar eramizdan oldingi I asrda yovvoyi quyonlardan, xonaki o‘rdaklar eramizdan oldingi I asrda yovvoyibaqirok o‘rdaklarni xonakilashtirish natijasida, g‘ozlar yovvoyi kulrang g‘ozdan, kaptarlar yovvoyi kaptarlar, asalarilar yovvoyi asalaridan, karp baliqlar esa zog‘ora baliqdan kelib chiqqan. Xonakilashtirishdan keyin evvolutsion jarayonda hayvonlar keskin o‘zgarib o‘zlarining yovvoyi ajdodlaridan ancha farqlanadilar.
Hayvonlar tirik vazni, mahsuldorligi, tana tuzilishi va tana qismlarining nisbati bilan har xillikga erishganlar. Ularning yovvoyi ajdodlari tabiiy tanlash oqibatida bir xillikda bo‘ladi. Xonaki hayvonlar vazni ba’zilarida yovvoyi xillariga nisbatan oshgan bo‘lsa, ba’zilarida kamayganligiga guvoh bo‘lamiz. Romanov va qorako‘l qo‘ylari tirik vazni hisor qo‘ylariga nisbatan 2 barobar kam. Simmental zotli qoramollar jersey zotli qoramollarga nisbatan qariyib ikki barobar ko‘p tosh bosadi. Skelet o‘zgarib, u yengil, suyaklari bo‘shashib, nimjonlashgan. Xonaki hayvonlar o‘z qismi qisqargan (qoramol, cho‘chqa, it). Shox yovvoyi hayvonlarda yirik bo‘lib himoya vazifasini o‘tagan(turda uning uzunligi 1,5 m, vazni 15 kg bo‘lgan), hozirgi hayvonlarda u kichrayib, ba’zilarida yuqolib ketgan(aberdin-anguss zoti). Mushaklari bo‘shashgan, noziklashgan, ba’zi hayvonlarda yog‘ bilan qoplangan(marmar go‘sht). Teri yupqalashgani bilan teri osti kletchatkasi kuchli rivojlangan, ayniqsa bu hol go‘sht yo‘nalishidagi hayvonlarga taalluqli(cho‘chqa, qo‘y, qoramol). Terida burmachalar paydo bo‘lgan.
Ichki a’zolar qator o‘zgarishlarga uchragan. Hayvonlarning mo‘l-ko‘l oziqlantirish, ayniqsa yemdan ko‘p foydalanish cho‘chqalarga ichak kaltalashib, qoramol va quyonlarda o‘zaygan. Yurak hajmi kichiraygan(arhar yuragi xonaki qo‘y yuragidan 2 barobar hajmi), o‘pka, buyrak faoliyati ancha susaygan. Yovvoyi hayvon asosan bir xil himoya tusiga ega bo‘lgan bo‘lsa, xonaki hayvonlarda rang-baranglik uchraydi, oqdan tortib olagacha. Yovvoyi hayvonlar juni dag‘al bo‘lgan, xonaki qo‘ylar juni uzun va mayinlashgan, ba’zi hayvonlarda jun butunlay yo‘qotilgan(junsiz cho‘chqalar).
Mayin junli qo‘ylarda bir xil faqat tivitdan iborat jun qirqib olinadi. Evolutsion jarayonda hayvonlar mahsuldorligi keskin oshgan, unga jussaning kattalashishi, ayrim tana qismlarining keskin rivojlanishi(orqa, bel, biqin) hayvonlardan ko‘p sifatli, nozik, shirador go‘sht olish imkonini yaratib bergan.
Yovvoyi hayvonlar faqat o‘z bolalarini boqishga yetarli sut ishlab chiqarganlar, xonaki hayvonlarda sut(sigirlar) 8-12 marta, tovuqlar tuxumdorligi 10-15 barobar, qo‘ylarning jun mahsuldorligi bir necha barobar ortgan. Xonakilashgan hayvonlarda jinsiy va jismoniy balog‘at yoshi ikki barobar kamaygan, yoki ular tez yetiluvchan bo‘lganlar. Jinsiy faoliyatining mavsumiyligi yo‘qotilib, yil davomida bola olish mumkin bo‘lib, hayvonlarning pushtdorligi oshgan.
To‘ng‘izlar bir yilda bir marta tug‘ib 4-6 cho‘chqa bolasi bergan bo‘lsa, xonaki cho‘chqalar bir yilda 2-2,5 marta tugib 20-25 cho‘chqa bolasi beradi. Xonakilashtirish jarayonida hayvonlar asab faoliyati ham o‘zgarishga uchradi. Ular kam harakat, yuvvosh bo‘lib, xurkaklik va g‘araz fe’llarini, hamda yovvoyi hayvonlar ba’zi shartli va shartsiz reflekslarini yo‘qotgan. Xonakilashtirish jarayonida ro‘y bergan o‘zgarishlarning sababi quyidagilar hisoblanadi:
1. Harakatlanishning chegaralanishi. Hayvonlarning erkinlikni yo‘qotishi(chegaralangan joyda saqlash) organizmdagi o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan, muskullar ishi susayganligi uchun ko‘proq yog‘ to’planadi, skelet bo‘shashdi, yurak, upka va boshqa a’zolar faoliyatining pasayishiga sabab bo‘ldi.
3. Oziqlantirish sharoitining o‘zgarishi. Oziqlantirish me’yori va xilining hayvon talablariga to‘liq javob berishi ularning mo‘tanosib rivojlanishi va yuqori mahsuldorligiga sabab bo‘ldi.
4. Hayvonlarni odamlar o‘z himoyasiga olishi, ularning bo‘shashishiga, tabiiy tanlash ta’sirining yo‘qolishiga olib keldi.
5. Insonlar hayvonlarni tanlash natijasida o‘zi uchun kerakli hayvonlarga erishdi.
6. Hayvonlarni bir jug‘rofiy xududdan boshqa xududga, bir qit’adan ikkinchi qit’aga olib o‘tilishi ularning evolutsion jarayoniga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
7. Hayvonlarni favqulodda turli tur, zot, xillarini chatishtirish ularning shakllanishiga sabab bo‘ldi.
8. Oxirgi XIX asr oxiri va XX asrda hayvonlarni ongli tanlash va juftlash, yosh hayvonlarni maqsadli o‘stirish ularning shakllanishida asosiy o‘rin to‘tadi.
Hayvonlar evolutsion jarayonida inson harakatlantiruvchi kuch bo‘lib maydonga tushgan. Yer yuzidagi 1500 mingdan ortiq turdagi mavjudoddan inson faqat qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishga faqat 60 turinigina jalb qila oldi xolos, shularga ipak qurti, asalari va karp balig‘i ham kiradi. Xonakilashtirilgan hayvonlar ikki tipga mansub:
A) Xordalilar tipi, umurtqalilar kenja tipi; sut emizuvchilar, qushlar va baliqlar sinfi, sut emizuvchilar sinfidan. Jufttuyoqlilar turkumiga(qoramol, qo‘tos, gayal, banteng, buyvol, shimol bug‘isi, echki, tuya, lama, qo‘y va cho‘chqa); Yirtqichlar turkumi (it, mushuk); kemiruvchilar otryadi (quyonlar); qushlar sinfidan (tovuq, tovus, tustovuq, sesarka, kurka). Suvda suzuvchi parrandalar turkumidan (o‘rdak va g‘oz). Kaptardoshlar turkumidan (kaptar).
B) Bug‘inoyoqlilar tipi, hashoratlar sinfi, pardaqanotlilar turkimi(asalari); tangacha qanotlilar turkumi (ipak qurti). Tabiatda hali foydalanilmagan hayvonot olami vakillari mavjud, shu boisdan xonakilshtirish jarayoni tugallangan deyish qiyin. Bu jarayon ba’zi mo‘ynali hayvonlar, bug‘ular, loslar, tuyaqushlar, bedonalar va boshqalarda davom etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |