Siydik organlarining rivojlanishi Buyrak rivojlanishida birin-ketin uchta chiqaruv organlarining hosil bo’lishini ko’rish mumkin.
Boshlang’ich (tananing bosh qismida joylashgan bosh) buyrak – pronephros embrion rivojlanishining uchinchi haftalarida mezodermadan paydo bo’lgan. 5-7 kalta naychalardan tuzilgan. Bu naychalar qorin bo’shlig’ining orqa devorida joylashgan va ularning tashqi uchlariga qo’shilib, bitta umumiy yo’lni hosil qiladi. Naychalarning biroz kengaygan medial uchlari tananing ikkilamchi bo’shlig’iga (selom) tomon yo’nalgan. Odamda pronefroslar ishlamasdan to’rtinchi haftada yo’qoladi.
Birlamchi buyrak – mesonephros yoki Vol’f tanasi naychalari bosh buyrak naychalaridan pastroqda mezodermadan embrion rivojlanishining to’rtinchi haftalarida paydo bo’ladi. Naychalar uchi boy buyrakning umumiy yo’liga qo’shiladi, so’ngra bu yo’l birlamchi buyrak yo’li – mezonefral kanalga aylanib qoladi. Naychalarning ikkinchi (medial) uchlari borib haltacha shakliga aylanadi. Bu haltacha ichiga arteriya kapillyarlaridan hosil bo’lgan chigal koptokcha joylashadi. Haltacha bilan arteriya chigali burak tanasini paydo qiladi. Embrion o’sish davrida mezonefros kanalining yuqori qismida paydo bo’lgan buyrak tanachalari shimilib yo’qoladi, ular o’rniga yangi tanachalar paydo bo’ladi. Birlamchi buyrak embrionni ikki oylik davriga qadar chiqaruv vazifasini bajarib uchinchi davrida rivojlanayotgan doimiy buyrakka o’rin almashadi.
Doimiy buyrak – metanephros ikki qismdan rivojlanadi. Buyrak naychalari nefrotonlar (mezoderma) dan aholida rivojlanadi, keyinchalik ular siydik yig’uvchi naychalar bilan qo’shiladi va piramidasi hosil bo’ladi.
Bu vaqtda mezonefral nayining pastki qismidan siydik yo’li paydo bo’ladi. Siydik yo’li yuqoriga qarab o’sadi, uning uchidan buyrak jomi, buyrakning katta va kichik kosachalari rivojlanadi. Keyinchalik ulardan siydik yig’uvchi mayda yo’llar paydo bo’lib, buyrakning siydik ajratuvchi qismi (nefron) bilan qo’shiladi va bir butun sistemani, ya’ni siydik ajratish va chiqarish yo’lini hosil qiladi.
Qovuq birlamchi ichak nayining pastki kengaygan joyi – kloakadan rivojlanadi. Embrion rivojlanishida klaoka ketma-ket joylashgan ikki qismga ajraladi. Orqadagi qismidan to’g’ri ichak rivojlanadi. Klaoka oldingi bo’lagining ustki qismidan qovuq, pastki qismidan esa siydik va tanosil bo’shlig’i rivojlanadi. Bo’lg’usi qovuq (siydik haltasi) embrionda naycha shaklida bo’lib, kindik orqali ona organizmiga siydikni o’tkazib turadi. Bola tug’ilib, kindik kesilgandan so’ng, siydik yo’lining tepa qismi burishib boylamga o’tadi. Pastki qismidan esa qovuq hosil bo’ladi. Bu vaqtda siydik-tanosil bo’shlig’idan siydik chiqarish yo’li rivojlanadi.