12.2.Tovar raqobatbardoshligi tushunchasi. Bozordagi raqobatning asosiy dastagi tovar bo’lib, u iste’molchining ehtiyojlarini qondirish vositasidir. SHuning uchun ham ishlab chiqaruvchining o’rni tovarining raqobatbardoshligi bilan belgilanadi. Marketing tadqiqotlarida tovarni o’rganish uning raqobatbardoshligini tahlil qilish bilan ham bog’liqdir.
Tovarning raqobatbardoshligi deganda uning xaridor uchun jozibadorligi tushuniladi. Tovarning raqobatbardoshiligi bu tovarning o’ziga o’xshagan raqobatchi-tovarlar orasidan iste’mol xossalari va texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlari bilan ajralib turishidir.59 Tovarning raqobatbardoshligi uning nisbiy va umumlashgan tavsifini o’z ichiga oladi. Ular ehtiyojlarni qondirish va ushbu qondirishga ketgan xarajatlar darajasiga qarab tovarning raqobatchi-tovardan ustunlik farqlarini ifodalaydi. Lekin bu farqlargina raqobatbardoshlikni belgilab bermaydi. Raqobatbardoshlikda aynan tovarning iste’molchi uchun jozibadorligi muhimdir. Xaridor ob’ektiv ravishda nohaq bo’lganda ham u yoki bu tovarni tanlash - uning qaroridir. Biznes sohasida bunga anchagina misol keltirish mumkin: ekspertlar tomonidan yuqori baholangan tovar negadir iste’molchilar tomonidan qabul qilinmaydi. Bunga kino olamidan yaqqol misol keltirish mumkin, masalan, turli festival va tanlovlarda g’olib chiqqan filmlar ko’p hollarda tomoshabinlar olqishiga sazovor bo’lmaydi. Lekin sotuv hajmlari va tovar raqobatbardoshligi o’rtasida tenglik belgisini qo’yishga shoshilmaslik kerak:
Birinchidan, mijozlarni qoniqtirmaydigan mahsulotlar tanlov cheklangan yoki tanqislik davrida yaxshi sotilishi mumkin. Bu holat bozorga yaxshiroq tovarlar chiqqunga qadar davom etadi.
Ikkinchidan, raqobatbardosh tovarlar tor doiradagi iste’molchilarga mo’ljallangan bo’lishi mumkin. Ular yaxshi, ammo hamma uchun mo’ljallanmagan va shu sababli hech qachon ommaviy talabga ega bo’lmaydi. Masalan: invalidlarga mo’ljallangan avtomobillar.
Tovar bozorda ijtimoiy ehtiyojlar darajasini qanoatlantirishi bo’yicha tekshirishdan o’tadi, chunki har bir xaridor uning ehtiyojini qondiruvchi tovarni xarid qiladi. Hayotimizda o’rtoqlarimiz yoki qarindoshlarimiz tomonidan nimanidir juda qulay narxda sotib olganliklarini so’zlab berishayotganlariga guvoh bo’lganmiz. Bunda to’langan puldan rozilik va hattoki, agar tovar qimmatroq bo’lsa xaridor baribir sotib olgan bo’lishini ta’kidlaydi. Bu nima degani? Gap shundaki, tovarning narxi uning iste’mol qiymatidan ancha past hamda shuning uchun ham xaridor katta qoniqish hosil qilyapti. Demak, tovar raqobatbardoshligi iste’molchi olgan bepul foyda, naf orqali baholanadi va 2 ko’rsatkichni birlashtiradi:
Xulosa qilib aytganda, tovar raqobatbardoshligi - bu tovarning iste’molchining aniq bir ehtiyojini qondira oladigan hamda raqib tovarlaridan ajratib turuvchi xususiyatlari yig’indisidir.60