Mumtoz adabiyot sohillarida.
Mashrab she`riyatining yangicha talqinlari haqida. V.G.Belinskiy tanqidchi uchun nihoyatda zarur bo`lgan bir xususiyatga diqqatni jalb etadi: «Shoirni tushunib etish uchun ma`lum fursat uning ruhiga singish: ko`zi bilan ko`rish, qulog’i bilan eshitish, tili bilan so`zlash joiz. Butun borliq bilan bayronchi bo`lmasdan turib, Bayronni o`rganish mumkin emas. Shu gapni Gyote, Shiller haqida ham aytish mumkin. Albatta, o`zining ta`siriga ixtiyoriy berilish hali bosiq, izchil, chin tushunishmas, jo`shqin, haroratli qiziqish, xolos. Tuyg’ular to`lqinining aql chig’irig’idan obdon o`tgan tushunchaga aylanishi shoir ijodini o`rganish tomon tashlangan sobit qadamdir”. Tuyg’ularni jilovlash, tafakkur bilan ish ko`rish tanqidchining hayotiy tajribasiga, go`zallik tuyg’usiga, ilmi va mahoratiga bog’liq.
Adabiyotshunos adabiyot ilmini, undagi konkret metodlarni, tahlil yo`llarini o`qib o`rganishi, siyosiy-ijtimoiy qarashlarini o`stirishi mumkin, ammo unda iste`dod va did bo`lmasa, barcha xatti-harakatlar zoedir. Badiiy ijoddagiday, adabiyotshunoslikda ham tirishqoklik bilan yozilgan taqrizu maqolalardagi fikrlarda jo`shqinlik, harorat, nur bo`lmaydi: yuksak parvoz qilolmaydi, qalblardan qalblarga o`tib yurolmaydi. Adabiy tanqidda, badiiy ijod, umuman san`atdagiday, iste`dod, daholik o`ta noyob hodisa. Adabiy jarayon faqat iste`dodli daholardan iborat bo`lishi mumkin emas. Qobiliyatli ijodkor, tanqidchilar jarayonni jonlashtirishga, uyushtirishga xizmat qiladilar.
Adabiy talqin asarni chuqur his etish, anglashni, yozuvchi «dunyosiga teran kirib borishni” taqozo etadi. I.Haqqulov qaysi ijodkor ijodiga to`xtalmasin, ayni shu yo`ldan borishga harakat qiladi.Uning mumtoz adabiyot vakillari ijodiga bag’ishlangan barcha tadqiqotlarida ana shu yo`nalish ustuvorlik qiladi. Masalan, isyonkor o`zbek shoiri Mashrab ijodi haqidagi maqolani ko`rib chiqish fikrimizni yanada oydinlashtiradi.
Isyonkor shoir Mashrab ijodi haqida ko`plab tadqiqotlar yaratilgan. Mashrabshunoslikni boshlab bergan Fitrat bilimdon sharqshunos olim sifatida asosiy e`tiborni shoir shaxsiyatini aniqlashga, bir qancha manbalarga tayanib Boborahim Mashrab tarjimai holini ilk marta ilmiy asosda tiklab berishga muvaffaq bo`lgan. Shu asnoda,u qalandarlik maslagi va uning mohiyatini ham oydinlashtirib bergan.Mashrabning tarixiy shaxs ekanligini isbot qilib, 1657 yilda Andijonda tug’ilgan, deya joyni bir qadar noaniqroq belgilagan bo`lsa-da,har qalay adabiyotimiz tarixida Mashrab ijodi mavqeini to`g’ri belgilab bera oldi. Bu haqiqatni ham bir necha o`n yillar davom etib kelgan bahs-munozaralarning yakuniy xulosalari ham tasdiqlaydi.
Abdurauf Fitratdan boshlangan mashrabshunoslik har tomonlama rivojlandi. Shoirning tarjimai holi, ijodi, xususan, she`riyati haqida qator tadqiqotlar yaratildi. I.Haqqulov “Mashrab nafasi” maqolasida ularning birortasini ham takrorlamaydi, balki shoir she`riyatidan olgan zavqi va taassurotlarini kitobxon bilan o`rtoqlashadi. Bu sohada ham Fitrat an`analarini davom ettirgan I.Haqqulov Mashrab haqida shunday yozadi: “Boborahim Mashrab o`zbek mumtoz she`riyatiga yangi ruh va o`ziga xos ijodiy nafas olib kirgan ulkan san`atkordir. Mashrab she`riyati o`zining samimiyligi, samoviyligi va hayotiyligi bilan ajralib turadi”. “Ibrohim Haqqul maqolalarini o`qiganda esa teran tafakkur qudrati bilan birga, yoniq qalb haroratini ham his qilib turasiz - uning yozganlari faqatgina aql va bilim mahsuli emas, ularga qalb qo`ri va ruh quvvati ham omuxta qilib yuborilgan” deb yozadi adabiyotshunos olim E.Ochil. Haqiqatan ham olimning tadqiqotlari badiiy matnga o`ziga xos yondoshuvi, tahlil va talqinlarning teranligi, chuqurligi hamda asosliligi bilan ajralib turadi.
Abdurauf Fitrat Mashrabga bag’ishlangan tanqidiy-biografik ocherkida ko`proq uning tarjimai holi, qalandarligi bilan bog’liq jihatlariga to`xtaladi, shu bilan birga Jaloliddin Rumiy kabi shoirlardagi so`fiyona hayajonni o`z she`rlarida aks ettirishga intilgani, lirikasi kuchli, o`ynoqi va chiroyli g’azallari borligini ko`rsatib o`tadi1. I.Haqqulov esa shoir she`riyatining tasavvufiy ildizlariga nazar tashlaydi. Mashrabning chindan ham dard, g’am va armon dashtidagi bir oshiq - darvesh ekanligi, “hayronlikdan hayratga, hayratdan haqiqat va ma`rifatga tomon” intilishini
Maqomi hayrat ichra gohi xudman, gohi bexudman,
Junun bozorida mastmanki, istig’nog’ sig’mamdur
g’azalini tahlil qilish orqali yorqin namoyon etadi, shu bilan birga olim mashrabshunoslikdagi ba`zi nuqsonlarni ham ko`rsatadi. Ya`ni adabiyotshunoslik ilmida shoirning “insoniy va ijodiy O`zligi tubdan o`zgartirilgan hamda soxta talqinlarga giriftor” etilganligi, Mashrab she`riyatining g’oyaviy, falsafiy, axloqiy zamini tasavvuf eknligini qayd etar ekan, natijada ilohiy ishq mohiyatini ochuvchi fikru kechinmalar dunyoviy muhabbatga mansub tasvirlar sifatida tavsiya etilganligidan afsuslanadi. Tasavvuf Mashrab she`riyatining, dunyoqarashining “cheklangan tomoni” emas, balki ichki ziyosi ekanligiga urg’u beradi. “Mashrab ilohiy “ishqu muhabbat hosil” etmoq ma`nosida qalandarlik tariqatini tanlagan va qalandar oshiqning birinchi vzifasi - bu, vahdat mayidin qonmoq, deb bilgan”, - deb yozadi olim. Uning qator baytlarida shu mohiyat aksini topganligini misollar asosida ochib beradi. Shoirning ko`pchilik orifona g’azallarida haqiqiy ishqning yuqori nuqtasini aksyo ettiradigan tuyg’u va kechinmalar tasvirlanganini ta`kidlaydi.
Tahlil–matn mohiyatiga kirib borish, ma`no qatlamlarini qunt, ziyraklik bilan o`rganish, so`zlar, hatto ohanglarga yuklangan vazifa- ma`nolarni qalbning nafosat tarzusida o`lchash. Adabiy matn–jism-struktura(tuzilma). Munaqqid jism (struktura) ni tahlil qilar ekan, uni harakatlantirayotgan, tirikligini ta`minlab turgan asos–”jon”ni ilg’ashga intiladi. Tilshunos ham jismni tahlil qiladi, lekin uning maqsadi tuzilma tartibotini o`rganish. Adabiy tanqidchi strukturani tahlil qilar ekan, asos, ildizni belgilashga intiladi: “jon” belgilanmas ekan, so`zlar– jumlalar ma`nosi yorishmaydi, ular jilvasi, toblanishi sezilmaydi. Strukturali tahlil – adabiy matn mohiyati, “joni”ni belgilash, shu asosda asar “o`zligi”, “qadr-qimmati” haqida baho chiqarishdir. Ko`rinadiki, strukturali tahlil, yondashuvdan farqli o`laroq, butun asar bo`ylab izlanish, maqsad sari ko`p yo`nalishli harakatdir. Badiiy matn sirlarini chuqur bilgan zukko matnshunos Mashrabni “tolibi diydorlikda” Mansur Xalloj, Shayx Boyazid Bistomiy, Farididdin Attor, Nasimiy singari “tolibi sodiq”larga izdosh va maslakdosh deb hisoblaydi. Maqola xulosasida Mashrab she`riyati hali to`liq kashf etilmagan xazina degan mulohazalarni bayon etar ekan, bu she`riyat bilan oshno bo`lgan inson o`zligini teran anglash imkoniyatiga erishib, shaxs va jamiyat, olam va odam, Haq va banda munosabatlarini to`g’ri tushunish darajasiga ko`tarila olishiga ishonadi. Bu mo``jaz maqolani o`qigan va uqqan kitobxon ham munaqqidning teran talqin va tahlillaridan bir qadar Mashrabga yaqinlashganday bo`ladi. Buyuk so`fiy shoir haqidagi yangicha talqinlarning ahamiyati mana shunda yorqin bilinadi.
Estetikaning germenevtika sohasi anglash, o`qishdagi tartib, uzviy bog’liqlikni ta`kidlaydi. Uqish, tushunish bilimning bir xalqasi, xolos. U hali bilimning to`la mazmunining tasdiqlay olmaganiday, inkor ham qilolmaydi. Tushunish–matn muallifi ijod jarayonida kechirgan ruhiy holatlarni qayta his etish, ma`noni o`zlashtirish, xolos. Shunday ham bo`ladiki, o`quvchi uqtiruvchidan ko`proq bilib olishi mumkin. A. Potebnya fikricha, “Tinglovchi gapiruvchiga nisbatan so`zlar zaminiga yashiringan ma`nolarni ko`proq ilg’aydi, kitobxon shoirga nisbatan asarga kengroq miqyosida yondashadi”. Talqinning shunday ko`rinishlari borki, talqinchi o`ta nazokat, o`ta silliqlik bilan asar syujetini qaytadan aytib beradi. Bunday hol qadimgi, mumtoz asarlar talqinida ko`zga tashlanadi. Mumtoz asarlar talqinida qayta baholanayottan zamondagi ijtimoiy-ruhiy holatlar, albatta, hisobga olinadi. Aks holda, talqinda eklektika ko`rinishlari paydo bo`ladi. eklektika, ma`lumki, birlik, asoslilik, tayanchning yo`qligi, qorishiqlilikdir. Talqinda yana shunday holatlar bo`ladiki, talqinchi o`zidan avvalgi talqinchi qarashlarini ko`r-ko`rona qabul kiladi yoxud ijtimoiy-siyosiy muhit shunday yo`l tutishni taqozo etadi. Masalan, Abdulla Qodiriy asarlari talqinida ilk yo`sinlar (M.Sheverdin, Sotti Husayn qarashlari) etmishinchi yillarning o`rtalarigacha davom etdi. Yana bir misol shuki, Shekspirning “Gamlet” i talqin qilina-qilina shunga olib keldiki, Gamlet xushbichim, aqlli, o`ta dono – ideal qahramon tusiga, ruhiga kirdi. Vaholanki, Gamlet ancha to`la, pishillab qolgan, ruhiy iztirob iskanjasiga tushgan odam edi. Shekspir, tabiiyki, uning tashqi ko`rinishi bilan ichki olami orasidagi allaqanday bog’liqliklarga ishora qilgan. San`atdagi talqinlar badiiy adabiyotdagi talqinlarga ko`ra tez-tez o`zgarib, yangilanib turadi Baribir, talqindagi matndan yiroqlashish o`zini sira oqlamaydi. Shunday qilib, badiiy asarni o`zlashtirish, uni tushunib etish murakkab jarayondir. Ahli dark, zurafo, urafo, tanqidchi, talqinchi badiiy matn (asar)ni anglash, tushunish, tanqidiy his etish, talqin qilishda turli usul, uslublardan foydalanadi. Shuning uchun Sharq, G’arb adabiyotshunosligida talqinning tahlil yo`llari, yondashuv usullari juda ko`p bo`lgan. Tahlil–adabiy tanqidiy faoliyatning asosi, talqinning namoyon bo`lishi, qadriyat bahosining zuhurlanishi. Mikroanaliz - qunt bilan o`qish, mag’zini chaqish orqali tahlil qilish. Adabiy matnni sinchiklab o`rganish, birinchidan, undagi uzuq-yuluqlikni, yamoq-yasqoqni, ikkinchidan, matndagi “singan”, “majruh bo`lgan” o`rinlarni, uchinchidan, bir uslubning begona uslub bilan almashib qolishini, to`rtinchidan, matnga singishib ketmagan, “begonaligicha” qolib ketgan obrazlarni, beshinchidan, asar milliy ruhiyati-holatda ro`y bergan o`zgarishlarni bexato ko`rsatadi. Ayni shunday uslub I.Haqqul tadqiqotlarining asosini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |