B akalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha talabalarni professional faoliyatga tayyorlashda amaliy va seminar mashg‘ulotlari alohida o‘rin tutadi. Ularning katta qismini mashqlar bajarish tashkil etib, fan dasturini o‘zlashtirishda, xususan, ma’ruza mashg‘ulotlarida olingan nazariy bilimlarni chuqur o‘zlashtirish va mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
Amaliy mashg‘ulotlar tarkibida talabalar auditoriyadan tashqarida bajaradigan mustaqil ishlari ham katta ulushni tashkil etadi. Amaliy mashg‘ulotlarning ayrimlari ko‘rgazmali tarzda ifodalanib, nazariy materiallarni qayta shakllantiradi va shunisi bilan talabalar tomonidan nazariy bilimlarning o‘zlashtirilish sifatini ko‘rsatadi. Boshqa bir toifa amaliy mashg‘ulotlar nazariy materiallarni qo‘llash va mashqlar bajarishning asosiy uslublarini egallash uchun qo‘llaniladi. Iqtisodiyot va menejmentga oid fanlardan amaliy mashg‘ulotlar tarkibida namunaviy standart topshiriqlar bilan bir qatorda ijodiy fikrlash va yondashuvlarni rivojlantiradigan topshiriq hamda mashqlarni ham ko‘paytirish zarur. Ularning ayrimlari talabalarda fikrlarni umumlashtirish va qayta shakllantirish ko‘nikmalarini talab etadi. Ularni bajarish uchun oldin olingan bilimlar va ko‘nikmalarni jalb etish zarur.
Shuni esda tutish zarur-ki, har bir mashq yoki misolni oxirigacha yechish zarur. Dastlab topshiriqlarni kamroq, ammo mustaqil bajarish maqsadga muvofiq.
Amaliy mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rish ikkita asosiy bosqichdan iborat:
1) darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va ma’ruza konspektidan tegishli nazariy materiallarni o‘zlashtirish;
2) vazifalarni yechish va hisob-kitob topshiriqlarini bajarish.
Iqtisodiyot sohasi ta’lim yo‘nalishlarida amaliy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda, talabalar o‘quv materiallarini chuqur o‘zlashtirishi, birlamchi manbalar va hujjatlar ustida ijodiy ishlash ko‘nikmalarini egallashida seminarlar ham muhim ahamiyatga ega. Seminar mashg‘ulotlari asosan, ijtimoiy-gumanitar fanlardan olib boriladi. Seminarlarning asosiy maqsadi nazariy bilimlarni bir tizimga keltirib, modellashtirish va amalda foydalanish imkoniyatlarini ta’minlashdan iborat. Ta’lim jarayonida nazariy bilimlardan amaliy yoki professional foydalanish deganda tegishli fan tilini erkin bilish, ya’ni ta’riflar, tushunchalar, atamalar va jumlalarni qo‘llashning ilmiy aniqligi tushuniladi. Talabalar ma’ruzachi va opponentlar sifatda o‘rtaga chiqishni o‘rganishlari, intellektual muammolar va vazifalarni, fikrlarni dalillash va rad etish, o‘z nuqtai nazarini himoya qilish, erishilgan nazariy tayyorgarlik darajasini ko‘rsata olish kabilar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim. Seminar mashg‘ulotlarining olingan bilimlarni takrorlash, mustahkamlash va nazorat qilish kabilardan iborat boshqa xususiy maqsad va vazifalari asosiy maqsaddan kelib chiqadi.
Seminar mashg‘ulotlari o‘qituvchining talabalarni mustaqil intensiv ishlashga yo‘naltiruvchi rolini nazarda tutadi va ta’limning moslashuvchan shakli hisoblanadi. Seminar o‘quv mashg‘ulotlarining barcha turlari, eng avvalo ma’ruzalar va talabalarning mustaqil ishlari bilan bog‘liq. Shuning uchun seminarning samaradorligi ko‘p jihatdan talabaning tegishli fan bo‘yicha ma’ruzani qanday eshitganiga va konspekt qilganligi hamda o‘zi mustaqil shug‘ullanganligiga bog‘liq. Seminar mashg‘ulotlarining mavzulari, rejalari, tavsiya etiladigan adabiyotlar, maqsad va vazifalarini o‘qituvchi kirish darsida talabalarga yetkazadi. Seminar mavzusiga oid tavsiya etilgan adabiyotlarni o‘rganishga kirishishdan oldin seminar rejasidagi asosiy savollarni yaxshi o‘zlashtirish maqsadga muvofiq. Seminarga tayyorgarlikni boshlashda birinchi navbatda tegishli mavzu bo‘yicha tinglangan ma’ruzani eslash, unda qilingan konspektni va darsliklarning tegishli boblarini o‘qib chiqish zarur. Bu mazkur mavzu (muammo)ning o‘rganilayotgan fandagi o‘rni va ahamiyati to‘g‘risida umumiy tasavvurga ega bo‘lishga yordam beradi. Faqat shundan so‘nggina qo‘shimcha adabiyotlar bilan ishlash va tavsiya etilgan manbalardan ma’lumotlarni yozib olish hamda o‘zining fikr-mulohazalarini ham bildirish mumkin.
Seminarga tayyorgarlik jarayonida o‘qilgan ma’lumotlarni faol jarayonga aylantirishga yordam beradi va ko‘rish orqali xotirlash bilan birga xotirani ham ishga tushiradi.