2.6. Buxgalteriya balansi va balans tenglamasi haqida tushuncha
Korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyatini baholash va ularga rahbarlik qilish hamda boshqarish uchun korxona qanday mablag‘larga ega; ularning tarkibi, joylanishi va ishlatilish darajasi, shuningdek ushbu mablag‘lar manbalari to‘g‘risida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish zarur. Buning uchun buxgalteriya balansi tuziladi. «Balans» so‘zi lotincha bo‘lib, uning aynan tarjimasi «bis»- ikki karra va «lans» tarozi pallasi, ya’ni tarozi ikkita pallasining tengligi degan ma’noni, muvozanat tenglik ramzini bildiradi. Tarozi muvozanat ramzi sifatida buxgalterlarning xalqaro gerbida ham aks ettirilgan.
Buxgalteriya hisobida «balans» tushunchasi ikkita ahamiyat kasb etadi:
1. Jamlangan summalar tengligi, ya’ni schetlarning debeti bo‘yicha summalar jami va krediti bo‘yicha summalar jamining tengligi, har bir sintetik schet ma’lumotlarining (boshlang‘ich qoldig‘i, debet va kredit oborotlari, oxirgi qoldig‘i) mazkur sintetik schetga tegishli analitik schetlar ma’lumotlariga tengligi, balans aktividagi moddalar summalari jami va passividagi moddalar summalari jamining tengligini ifodalaydi;
2. Moliyaviy hisobotning asosiy shakli bo‘lib, xo‘jalik yurituvchi sub’ektning ma’lum sanadagi mulkiy va moliyaviy ahvolini aks ettiruvchi ko‘rsatkichlar tizimini ifodalaydi.
Buxgalteriya hisobining metodini tashkil etuvchi boshqa usullar (elementlar) orasida bunday ikki tomonlama ahamiyat faqat buxgalteriya balansiga xosdir.
Bunday ikki tomonlamalikda nafaqat qarama-qarshiliklar birligi qonunining mohiyati, balki korxona moliyaviy ahvolini baholash uchun asos ham mujassamlashgan. Alohida balans moddalarining tarkibida aks ettiriladigan hisob ob’ektlarining iqtisodiy mohiyatini tushunishni osonlashtirish maqsadida balansda guruhlangan holda aks ettiriladi.
Axborotdan foydalanuvchilar, xususan, potentsial investorlar va kreditorlar balansdagi alohida guruhlar va guruhchalarning mazmunini, ular o‘rtasidagi munosabatlarni, o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganadilar.
Ushbu ahamiyatli jihatlariga asoslanib buxgalteriya balansini quyidagicha ta’riflash mumkin:
Xo‘jalik mablag‘larining tarkibi, joylanishi, harakati va ularning vujudga kelish manbalaridagi hamda maqsadli tayinlanishidagi o‘zgarishlarni bir-biriga solishtirib, ma’lum bir sanaga qiymat ifodasida umumlashtirilgan holda aks ettirish usuli buxgalteriya balansi deyiladi.
Balans ikkita o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tarkibiy qismdan iborat: aktiv va passiv.
Bu atamalar ham lotincha bo‘lib, aynan tarjimasi «astivus» - aktiv, faol va «passivus» - passiv, faoliyatsiz degan ma’nolarni bildiradi.
Balans aktivida mablag‘lar tarkibi, joylanishi va ishlatilishiga qarab; passivida esa mablag‘larning tashkil topish manbalari: ularning kimniki ekanligi va qanday maqsadga mo‘ljallanganligiga qarab guruhlangan holda, pul ifodasida ma’lum bir sanaga aks ettiriladi. Balans aktiv va passivi hamma vaqt o‘zaro teng bo‘lishi shart.
Balans aktivi va passivining o‘zaro tengligi uning aktivida ham, passivida ham bir xil xo‘jalik mablag‘lari aks ettirilishidan kelib chiqadi, lekin aktivda mablag‘lar tarkibi, joylanishi va ishlatilish shakli bo‘yicha, passivda esa tashkil topish manbalari va maqsadli tayinlanishi bo‘yicha aks ettiriladi.
Aktiv va passivning o‘zaro tengligi ulkan nazorat ahamiyatiga ega bo‘lib, buxgalteriya yozuvlarining to‘g‘riligini tekshirish va hisobot tuzishda foydalaniladi.
Balans tenglamasi umumiy ko‘rinishda quyidagicha:
A = K + M, (1)
Bunda, A- aktivlar; K – kapital; M – majburiyatlar.
Korxona balansining aktivi tarkibiga quyidagi bo‘limlar kiradi:
Do'stlaringiz bilan baham: |