11-modda. Buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etish
Qonunning 11-moddasi buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etishga bag‘ishlangan(eski tahrirda «Buxgalteriya hisobini tashkil etish» nomli 7-modda). Yangi tahrirda bu moddaning nomlanishi, uning mazmuniga muvofiqlashtirilgan. Shuningdek, 6-«Buxgalteriya hisobi sub’ektlari» bilan bog‘liq aniqliklar kiritilgan. Jumladan, «buxgalteriya hisobi sub’ektining rahbari», «buxgalteriya hisobi xizmati», «buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari», «ixtisoslashtirilgan tashkilot», «hisob siyosati» va boshqalar. Shartnoma asosida buxgalteriya hisobi bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar ham aniqlashtirilgan. Bular: auditorlik tashkilotlari, soliq maslahatchilari tashkilotlari va ustavida buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish nazarda tutilgan boshqa tashkilotlar.
Buxgalteriya hisobi korxona aktivlari, xususiy, kapital, majburiyatlari, daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi axborotlarni to‘plash, ro‘yxatga olish va umumlashtirish tizimidan iborat. Barcha sub’ektlar ikki yoqlama yozuv usulidan foydalanib, buxgalteriya hisobi standartlari va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlarga muvofiq buxgalteriya hisobini yuritishlari lozim. Buxgalteriya hisobi va hisoboti tizimini tashkil etish uchun buxgalteriya hisobi sub’ektining rahbari javobgardir.
Qonunga muvofiq buxgalteriya hisobi sub’ektining rahbari quyidagi huquqlarga ega:
Buxgalteriya hisobi sub’ektining rahbari boshchiligida buxgalteriya hisobi xizmatini tashkil etish yoki shartnoma asosida jalb qilingan buxgalter xizmatidan foydalanish;
2. Buxgalteriya hisobini yuritishni ixtisoslashtirilgan tashkilotga (auditorlik tashkilotlari, soliq maslahatchilari tashkilotlari va ustavida buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish nazarda tutilgan boshqa tashkilotlar) shartnoma asosida yuklash;
3.Buxgalteriya hisobini yuritishni shartnoma asosida ixtisoslashtirilgan buxgalterlik firmasiga yoki buxgalter-mutaxassisga topshirish;
4. Buxgalteriya hisobini shaxsan o‘zi yuritishi. Ammo har qanday holatda ham buxgalteriya hisobi sub’ektining rahbari quydagilarni ta’minlashi shart:
hisob siyosati, ichki hisob va hisobot tizimi ishlab chiqilishini;
ichki nazorat tartibini;
buxgalteriya hisobi to‘liq va ishonchli yuritilishini;
hisob hujjatlarining but saqlanishini;
moliyaviy hisobotning tayyorlanishini;
soliq hisobotining va boshqa moliyaviy hujjatlarning tayyorlanishini;
hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalaga oshirilishi va boshqalar.
12-modda. Buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari
Ushbu modda ham yangidan kiritilgan bo‘lib, unda «buxgalteriya hisobi xizmati rahbari»ning maqomi va unga qo‘yiladigan talablar hamda ularga rioya etilishini ta’minlashga alohida urg‘u berilgan. Fikrimizcha, ushbu moddaning 3,4,5,6,7-xatboshilarini qisqartirib, ularning o‘rniga «Buxgalteriya hisobi xizmati va uning faoliyatini tashkil etish buxgalteriya hisobi milliy standarti bilan tartibga solinadi» degan mazmunda xatboshi kiritish zarur.
Ushbu moddaning uslubiy ta’minotini rivojlantirish uchun «Buxgalteriya hisobi xizmati va uning faoliyatini tashkil etish» nomli BHMS ishlab chiqish lozim. Unda «buxgalteriya hisobi xizmati», «buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari» va boshqa tayanch tushunchalarning ta’riflarini, buxgalteriya hisobi xizmatining namunaviy tarkibi va tuzulmasini, faoliyat mezonlarini hamda ilovasida «Buxgalteriya hisobi xizmati xodimlari namunaviy xizmat vazifalari»ni keltirish maqsadga muvofiq.
Do'stlaringiz bilan baham: |