15-modda. Buxgalteriya hisobi registrlari
15-modda – buxgalteriya hisobi registrlari to‘g‘risida. Ushbu moddada oldingi tahrirga (shu nomdagi 10-moddaga) nisbatan hozirgi davr talablariga javob beradigan bir qancha muhim aniqliklar va qo‘shimchalar kiritilgan. Jumladan, «buxgalteriya hisobi registrlari texnika vositalaridan, axborot tizimlaridan va axborot texnologiyalaridan foydalanilgan holda elektron hujjat tarzida yaratilishi, ishlov berilishi va saqlanishi mumkin» deb aniqlashtirilgan va to‘ldirilgan.
Shuningdek, «buxgalteriya hisobi registrlarida boshlang‘ich hisob hujjatlaridagi ma’lumotlar tizimlashtirilishi va to‘planishi kerak»ligiga alohida urg‘u berilgan. Chunki, buxgalteriya hisobida xo‘jalik operatsiyasi(fakti)ning ibtidosi va isboti – boshlang‘ich hisob hujjati. Boshlang‘ich hisobda hujjat bilan rasmiylashtirilmagan hodisa xo‘jalik operatsiyasi(fakti) deb tan olinmaydi. Bu buxgalteriya hisobining muhim prinsiplari - «uzluksizlik, ishonchlilik, ko‘rsatkichlarning qiyoslanuvchanligi»ni ta’minlaydi.
Yana bir muhim jihat, unda «buxgalteriya hisobi registrining majburiy rekvizitlari»ni belgilovchi yangi qism kiritilganligidir. Bunday rekvizitlar quyidagilar:
«registrning nomi; buxgalteriya hisobi sub’ektining nomi; registrni yuritish boshlangan hamda tugallangan sana va (yoki) registr tuzilgan davr; xo‘jalik operatsiyalarining xronologik va (yoki) tizimli guruhlanishi; xo‘jalik operatsiyalarining o‘lchov birligi ko‘rsatilgan holda puldagi o‘lchov miqdori; registrni yuritish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning lavozimlari, familiyalari hamda ismi va otasi ismining bosh harflari ko‘rsatilgan holdagi imzolari yoki ushbu shaxslarni identifikatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan boshqa rekvizitlar». Demak, ushbu rekvizitlardan birortasi bo‘lmasa, xato yoki chala to‘lg‘azilgan bo‘lsa, buxgalteriya hisobi registri haqiqiy hisoblanmaydi. Ushbu qismning kiritilishi ham yuqorida ta’kidlangan buxgalteriya hisobi prinsiplarini ta’minlaydi.
Hozirgi paytda barcha tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidagi korxonalarda asosan buxgalteriya hisobining uchta turi qo‘llanilmoqda: jurnal-order, bosh jurnal (memorial order shaklining bir turi) va avtomatlashtirilgan shakl. Buxgalteriya hisobi jurnal-order shaklida yuritilganda hisob axborotlari qo‘lda yoki AKT vositalaridan foydalanib qayd qilinadi.
Jurnal-order registr sifatida ikkita xususiyatga ega:
a) xronologik yozuv (jurnal) b) sistematik yozuv (order). Ko‘p jurnal-orderlar sintetik va analitik hisob ma’lumotlarini birlashtiradi. Bunday jurnal-orderlar uyg‘unlashgan hisob registrlari deb ham ataladi. Alohida bitta schyot uchun yuritiladigan (masalan, 1,2 jurnal-orderlar) yoki o‘zaro bog‘liq bo‘lgan schyotlar guruhi uchun mo‘ljallangan jurnal-orderlar ham mavjud. Ularga qo‘shimcha ravishda (ko‘pincha analitik hisob uchun) yordamchi qaydnomalar yuritiladi (debitor va kreditorlar bilan hisob-kitoblar, ishlab chiqarish xarajatlari hisobi va shu kabilar uchun).
Jurnal-order va vedomostlar bilan birga umumlashtiruvchi sintetik hisob registri-Bosh daftar ham yuritiladi. Bosh daftarda har bir sintetik schyot uchun yoyiq bir bet ajratilgan bo‘lib, unda tegishli schetning oy boshiga va oy oxiriga qoldig‘i, debet oborotlari yoyiq holda, ya’ni kreditlanuvchi schyotlar hamda shu schyotlar yuritiladigan jurnal-orderlar raqami ko‘rsatilib, kredit oboroti esa umumiy summasi bilan har oyda aks ettirib boriladi. Bosh daftar bir yilga ochilib, har oy uchun bir qator ajratiladi. Bosh daftar va boshqa hisob registrlarining qismlariga asosan buxgalteriya balansi hamda hisobotning boshqa shakllari to‘lg‘aziladi.
Bosh-jurnal shakli hisobning memorial-order shakli ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi. Uning mazmuni shundan iboratki, xo‘jalik operatsiyalarini qayd qilish uchun maxsus yig‘ma hisob qaydnomalaridan foydalaniladi.
Hisobning bosh-jurnal shakli asosan kichik biznes korxonalarida, xususan mikrofirmalarda qo‘llaniladi.
Shuningdek, fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobini tashkil etish uchun hisob registrlari «Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobining soddalashtirilgan shaklini tashkil etish to‘g‘risidagi Nizom»da tavsiya etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (№ 1. 21.01.2008y.), O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi (№ 1/2. 21.01.2008y.) qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan).