So‘zning yasalish tuzilishi bilan morfemik tuzilishi bir-biridan farqlanadi. So‘zning ma’noli qismlarga bo‘linishi uning morfemik tuzilishi sanaladi.
So‘zda nechta ma’noli qism bo‘lsa, uning morfemik tuzilishi shuncha qismga ajraladi. Masalan, terimchi uchta ma’noli qismdan tashkil topgan: ter-im-chi. Terimchilar so‘zi esa to‘rtta ma’noli qismdan iborat: ter-im-chi-lar. Terimchilarga so‘zi beshta ma’noli qismdan iborat: Shuning uchun u morfemik tuzilishga ko‘ra besh qismga bo‘linadi: ter-im-chi-lar-ga.
Ko‘rinadiki, so‘zning morfemik tuzilishi yasovchi qo‘shimchalarni ham, sintaktik shakl yasovchi qo‘shimchalarni ham o‘z ichiga oladi. So‘zning morfemik tuzilishini belgilashda ma’noli qismlarning so‘z yasovchi yoki sintaktik shakl yasovchi ekanligining ahamiyati bo‘lmaydi. Qanday ma’noli qismlardan - morfemalardan iborat ekanligi e’tiborga olinadi.
So‘zning yasalish tuzilishi esa faqat yasovchilarnigina o‘z ichiga oladi. Sintaktik shakl yasovchi qo‘shimchalar so‘z yasalishi tuzilishiga kirmaydi.
So‘z yasalishi tuzilishi doimo ikkita tarkibiy qismni - yasashga asos va yasovchi vositani o‘z ichiga oladi. Agar so‘zda birdan ortiq yasovchi qo‘shimchalar ishtirok etsa, eng oxirgisi yasovchi vosita sanaladi, oldingilari esa yasashga asos qism tarkibiga kiradi. Masalan, taroqchi so‘zida -chi yasovchi vosita, taroq yasashga asos, taroqchi yasalma, taroq so‘zida esa -q yasovchi vosita, tara yasashga asos, taroq yasalma hisoblanadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, so‘z yasalishi tuzilishida yasashga asos qism bilan yasalma o‘rtasida mazmuniy bog‘liqlik, mazmuniy davomiylik bo‘ladi. Yasalmada yasashga asos davom etadi. Masalan, tepki so‘zi yasalma bo‘lib, -ki yasovchi vositasida tep so‘zidan yasalgan. Tepki yasashga asos qism ma’nosini davom ettiradi: 1. Tepki uchun xoslangan moslama (otish qurolida). 2. Tepki zarbasi (tepki yеdi).
So‘z yasalishi usullari
So‘z yasashga asos qismning qanday xususiyatga ega ekanligiga ko‘ra so‘z yasalishning bir necha usullari bor:
1) yasashga asos qismga qo‘shimchalar qo‘shish orqali (affiksatsiya yoki morfologik usul); 2) so‘zlarni qo‘shish orqali (kompozitsiya yoki sintaktik usul). Masalan, ishla so‘zi ish qismga (yasashga asos) -la qo‘shimchasini qo‘shish yo‘li bilan hosil bo‘lgan. Qo‘shma korxona, ishlab chiqarish singari so‘zlar esa ikki so‘zni bir-biriga qo‘shish asosida hosil qilingan.
Hozirgi o‘zbek tilida so‘z yasashning mahsuldor usuli qo‘shimchalar qo‘shish yo‘li bilan so‘z yasash - affiksatsiyadir. Bu usul tilda mavjud bo‘lgan muayyan so‘z yasash qoliplari asosida yuzaga chiqadi. Shuning uchun ham so‘zlovchi xotirasida so‘z yasashning qoliplari mavjud bo‘ladi. Masalan, ot+chi: «shaxs oti yasovchi» (ishchi, temirchi, suvchi); ot+li: «belgining mavjudligi yoki ortiqligi» (suvli, mevali) va boshqalar. Ana shu so‘z yasash qoliplari asosida turli-tuman yasama so‘zlar hosil qilinadi.
So‘zlovchi xotirasida, so‘z yasash qoliplari va ularning ma’nolari haqida ko‘nikmaning mavjud bo‘lishi har qanday yangi yasalmaning oson tushunilishiga imkon beradi.
So‘z yasash qoliplari va ularning ma’nolari bir xil yasovchi qo‘shimchali so‘zlarni ma’lum uyalarga birlashtirish asosida aniqlanadi. Masalan:
traktorchi yig‘la binokor
kombaynchi sizla paxtakor
suvchi qo‘lla sholikor
Do'stlaringiz bilan baham: |