OT
Ona tili (5-sinf)
Shaxs, narsa-buyum, joy nomlarini bildirib, kim?, nima?, qayer? so‘roqlariga javob bo‘luvchi mustaqil so‘zga ot deyiladi. Otlar son, egalik va kelishik qo‘shimchalari bilan qo‘llanadi. Gapda otlar bosh va ikkinchi darajali bo‘lak, shuningdek, undalma vazifasida keladi.
Otlar birlik va ko‘plik sonda qo‘llanadi. Ko‘plik otlarga -lar qo‘shimchasini qo‘shish bilan hosil bo‘ladi. Masalan: bola - birlik sonda, bolalar - ko‘plik sonda.
Ona tili (6-sinf)
Shaxs, narsa ma’nolarini, shuningdek, joy nomlarini bildirib, kim? nima? qayer? so‘roqlariga javob bo‘ladigan so‘zlar ot deyiladi.
Kim? so‘rog‘i shaxsni bildiruvchi so‘zlarga, nima? so‘rog‘i narsa-buyumni bildiruvchi so‘zlarga, qayer? so‘rog‘i joy nomini bildiruvchi so‘zlarga beriladi. Shunga ko‘ra otlar shaxs otlari, narsa-buyum otlari, o‘rin-joy otlariga bo‘linadi.
Otlar ma’no jihatidan atoqli va turdosh otlarga bo‘linadi:
Atoqli otlar va ularning turlari
Ona tili (5-sinf)
Ayrim shaxs yoki narsa-buyumga atab qo‘yilgan nomlar atoqli ot deyiladi. Kishilarning ism, familiyasi, joy hamda hayvonlarga atab qo‘yilgan nomlar, gazeta, jurnal, kitob, tarixiy voqea kabilarning nomlari atoqli otlardir. Masalan: Toshloq tumani, “Gulxan” jurnali, Olapar, Mustaqillik kuni. Atoqli otlar doimo bosh harf bilan yoziladi.
Kitob, gazeta, jurnal, kinofilm, binolar hamda tashkilotlarga atab qo‘yilgan nomlar qo‘shtirnoq ichiga olinadi. Ammo shahar, kinoteatr, jamoa xo‘jaligi kishilar nomiga qo‘yilgan bo‘lsa, qo‘shtirnoq ishlatilmaydi. Ularda nomidagi, nomli so‘zlari qo‘llanadi.
Ona tili (6-sinf)
Biror shaxs, narsa yoki joyga atab qo‘yilgan nomlar atoqli otlar sanaladi. Atoqli otlar nimani atab kelishiga ko‘ra shaxs nomlari va joy nomlariga bo‘linadi.
Kishilarning ismi, otasining ismi, familiyasi, taxallusini bildiruvchi otlar shaxs nomlari sanaladi.
Familiyalar shaxs ismidan so‘ng otasining ismini qoldirish (Usmon Nosir), otasining ismiga –ov(a), -(y)ev(a) qo‘shimchasini qo‘shish (Erkin Vohidov) bilan ifodalanadi.
Ma’lum bir geografik hududga atab qo‘yilgan nomlar joy nomlari hisoblanadi. Mamlakat, o‘lka nomlari qo‘shma so‘z shaklida bo‘lganda, tarkibidagi har bir so‘z bosh harf bilan yoziladi.
Tarkibida bo‘yi, orti, oldi so‘zlari ishtirok etgan joy nomlari qo‘shib yoziladi: Orolbo‘yi havzalari, Kasbiyorti, Uraloldi.
Xalqaro tashkilot va oliy davlat tashkilotlari va mansablarning nomlari tarkibidagi har bir so‘z bosh harf bilan yoziladi: Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokurori, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi, Osiyo Taraqqiyot Banki. Vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va korxonalar nomi tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan yoziladi: Moliya vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy xo‘jalik sudi, Buxoro viloyat hokimligi.
Turli korxonalar, mahsulotlar, inshootlar, transport vositalari kabilarga berilgan shartli nomlar qo‘shtirnoq ichida bosh harf bilan (birikmali holatlarda faqat birinchi so‘z) yoziladi: “Turkiston” (saroyi), “Sharq gullari” (firmasi), “Bahor” konsert zali, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Guliston davlat universiteti, “O‘qituvchi” nashriyoti, Toshkent traktor zavodi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Istiqbol” fermer xo‘jaligi, “Malika” ishlab chiqarish birlashmasi, “Afrosiyob” mehmonxonasi..
Tarixiy sana va bayramlarning nomlari tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan yoziladi: 1-yanvar – Yangi yil; 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni; 21-mart – Navro‘z bayrami; 9-may-Xotira va qadrlash kuni; 1-sentabr - Mustaqillik kuni; 8 - dekabr – Konstitutsiya kuni; Ro‘za hayiti; 1 – oktabr - Ustozlar va murabbiylar kuni.
Suv havzalari va inshootlari nomlari tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan yoziladi: Orol, Amu-Buxoro kanali, Tuyabo‘g‘iz, Shahrixonsoy, Chordara, Katta Farg‘ona kanali, Qora dengiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |