E harfi kecha, ekran, ne’mat kabi so‘zlarda to‘liq talaffuz qilinadi. Telefon, teatr, okean, material kabi so‘zlarda i ga monand aytiladi, lekin e yoziladi.
O o harfi boshqa tillardan kirgan quyidagi so‘zlarda “a” singari talaffuz etiladi, biroq hamisha “o” yoziladi: kollej, monitoring, dekoratsiya, omonim, okulist va h.k.
Badiiy, ommaviy, Lutfiy singari so‘zlarda “i” cho‘ziq aytiladi, lekin doimo “iy” yoziladi.
Yutuq, butun, tovuq, sovuq, sovun kabi so‘zlarda “i”ga monand talaffuz etilsa-da, qoidaga binoan “u” yoziladi.
Milliard, material, million, radio, ukrain, said, doim, shoir, teatr, okean singari so‘zlar talaffuzida unlilar orasida “y” undoshi qo‘shib aytilsa-da, yozuvda tushib qoladi.
Taassurot, taalluqli, taajjub, matbaa, saodat, maorif, muomala, inshoot kabi so‘zlar orasidagi unlilar yozuvda saqlanadi.
AL va KHK darsligidan:
A(a) harfi lablanmagan, til oldi, keng unli tovushni ifodalaydi. Bu unli yumshoq o‘zakdagi til orqa k, g va boshqa til oldi undoshlari bilan yonma-yon kelganda old qator, ochiq tovush sifatida aytiladi: aka, man, olam, kalla, gala kabi.
Lekin chuqur til orqa q, g‘, x undoshlaridan so‘ng kelganda orqa qator unlidek aytiladi va asliga muvofiq yoziladi: qand, qarz, g‘aliz, xamir, xat kabi.
A(a) harfini to‘g‘ri yozishda quyidagilarga e’tibor bering:
- bahor, zamon, palov, tamom, savol kabi so‘zlarda a unlisi o ga moyil aytilsa ham, a yoziladi;
- a’lo, a’zo, ma’no, ta’na kabi so‘zlarda tutuq belgisi ta’sirida cho‘ziqroq aytilsa ham, bitta a yoziladi;
- mutolaa, mudofaa, manfaat, taalluqli, taajjub kabi so‘zlarda cho‘ziq talaffuz qilinadi va ikkita a yoziladi;
- disk, bank, tank, stolb kabi rus tili orqali o‘zlashgan so‘zlarning oxiri qo‘sh undosh bilan tugagani uchun o‘zbek tilida bu so‘zlarda a qo‘shib aytiladi va shunday yoziladi: diska,banka, tanka, stolba;
- xavf, gavda, navbat, vafo, varaq kabi so‘zlarda v undoshi bilan yonma-yon kelganda o ga moyil aytilsa ham, asliga ko‘ra a yoziladi;
- ayrim ruscha-o‘zlashma so‘zlardagi ya tovushlar birikmasi o‘rnida a aytiladi va yoziladi: sentabr, oktabr, flaga kabi.
O(o) harfi lablangan, til orqa keng unli tovushni ifodalaydi. Yondosh tovushlardan qat’i nazar so‘zlarning barcha bo‘g‘inlarida kelib, cho‘ziq unli sifatida talaffuz qilinadi va asliga ko‘ra yoziladi: ona, bobo, nom, havo, oq, qoramol kabi. O‘zlashma so‘zlarda u yoki o‘ bilan o o‘rtasida aytilsa ham o tarzida yoziladi.
Masalan: opera, bolt, nota, boks, tort, rol, tok (elektr) kabi.
Bunday so‘zlarning urg‘usiz bo‘g‘inlarida o unlisi i kabi talaffuz qilinsa ham o yoziladi: traktor, direktor, ekspeditor, kartoshka kabi.
Qo‘shimchalar qo‘shilishi natijasida o tovushi imlosiga oid quyidagi o‘zgarishlarga diqqat qiling:
parvo, avzo so‘zlariga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda bir y tovushi qo‘shib aytiladi va shunday yoziladi: parvoyim, parvoying, parvoyi, avzoyimiz, avzoyingiz, avzoyi kabi.
Fe’l asosli so‘zlardan ot yoki sifat yasovchi -v, -q, -qi qo‘shimchalari a unlisi bilan tugagan so‘zlarga qo‘shilganda a tovushi o tarzida aytiladi va shunday yoziladi: sina + v > sinov, sayla + v > saylov, tara + q > taroq, sayra + qi > sayroqi kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |