Eslatma: 1. –la fe’l yasovchi qo‘shimchasi ba’zan –ta (izla - ista), -ga, -ka (hidla - iska) holida ham talaffuz qilinadi.
2. –la fe’l yasovchi qo‘shimchasi ba’zan bilan ko‘makchisining qisqargan shakli –la (qo‘l-la bajarib bo‘lmaydi) hamda –la (-oq, -yoq yuklamasi bilan ma’nodosh) yuklamasi bilan omonimlik munosabatida bo‘ladi. Shuning uchun –la yasovchisini so‘zga kuchaytiruv-ta’kid ma’nosini yuklaydigan –la yuklamasidan farq qilish kerak. Masalan, kelib-la ketdi – kelib ketdi; qo‘lla (madad qil) va qo‘l-la (qo‘l bilan).
Hozirgi o‘zbek tilida –la qo‘shimchasidan tashqari yana quyidagi qo‘shimchalar yordamida fe’l yasaladi:
-i qo‘shimchasi sanoqli so‘zlardan fe’l yasaydi: boyimoq, tinchimoq, changimoq;
-illa qo‘shimchasi taqlidiy so‘zlardan fe’l yasaydi: chirqilla, qurulla;
-ira qo‘shimchasi taqlidiy so‘zlardan fe’l yasaydi: yarqiramoq, yaltiramoq;
- (a)y qo‘shimchasi ot, sifat va ravishlardan fe’l yasaydi: pasaymoq, susaymoq, ko‘paymoq, ozaymoq;
-(a)r qo‘shimchasi ayrim sifatlardan fe’l yasaydi: qisqarmoq, ko‘karmoq, eskirmoq.
-sira, -sa qo‘shimchalari ot va sen, siz olmoshlaridan fe’l yasaydi: suvsiramoq, yotsiramoq, tuzsiramoq, suvsamoq;
-(i)k, -(i)q qo‘shimchalari sanoqli so‘zlardangina fe’l yasaydi: birikmoq, yo‘liqmoq, kechikmoq, zo‘riqmoq;
So‘z qo‘shish bilan fe’l yasalishi va uning sinonimiyasi
AL va KHK darsligidan:
Yasashga asos qismga yasovchi vosita sifatida aylamoq, qilmoq, etmoq, olmoq, bermoq singari so‘zlar qo‘shilib yangi fe’l yasalishi ham mumkin. Masalan, javob berdi, olib keldi, bayon qildi, kasal bo‘ldi va hokazo.
Bunday yo‘l bilan, odatda, qo‘shma fe’llar hosil bo‘ladi.
Qo‘shma fe’llar tarkibiga ko‘ra ikki turli bo‘ladi: a) ot+fe’l tuzilishidagi qo‘shma fe’llar. Masalan, tasdiq qildi, vayron bo‘ldi kabi; b) fe’l+fe’l tuzilishdagi qo‘shma fe’llar. Masalan, borib keldi, kirib chiqdi, olib keldi kabi.
Fe’ldan boshqa so‘zlarga qilmoq, aylamoq, etmoq, bo‘lmoq fe’llarining qo‘shilishidan hosil bo‘lgan qo‘shma fe’llar ot+fe’l tuzilishidagi qo‘shma fe’llarni hosil qiladi. Masalan, bayon qilmoq (etmoq, aylamoq), turmush qilmoq, o‘sal bo‘lmoq, o‘sal qilmoq, bayram qilmoq (etmoq), yangi bo‘lmoq, shunday bo‘ldi, taraq etdi kabi.
Ikki fe’lning o‘zaro birikishidan hosil bo‘lgan fe’llar fe’l+fe’l tuzilishidagi qo‘shma fe’llar sanaladi. Bunday qo‘shma fe’llarning birinchi qismi fe’lning –b (-ib), ba’zan –a ravishdosh shaklida bo‘ladi. Shaxs-son, zamon, bo‘lishli-bo‘lishsizlik singari qo‘shimchalar qo‘shma fe’lning ikkinchi qismiga qo‘shiladi. Masalan, sotib olmoq, olib keldi (ola keldi).
Ot+fe’l tuzilishidagi qo‘shma fe’llarda ikkinchi qismni tashkil etgan ayla uslubiy xoslangan bo‘lib, faqat badiiy uslub doirasida qo‘llaniladi. Qilmoq, etmoq bo‘lmoq fe’llari esa uslubiy betaraf so‘zlardir. Masalan, javob qildi, javob berdi, javob etdi, javob ayladi kabi qo‘shma fe’llar o‘zaro sinonimik munosabatda bo‘lib, ular uslubiy jihatdangina farqlanadi. Javob ayladi badiiy uslubga xos, qolganlari uslubiy betaraf so‘zlar sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |